Xlamidiya hozirgi kunda keng tarqalgan jinsiy infeksiya bo‘lib, u jinsiy aloqa orqali yuqadi. Agar homilador ayolda xlamidiya infeksiyasi mavjud bo‘lsa, tug‘ish payti onadan bolaga yuqishi mumkin.
Xlamidiya infeksiyasining homiladorlikka ta’siri
- Xlamidiya infeksiyasi homilador ayol uchun juda xavfli hisoblanadi.
- Ushbu infeksiya tufayli homila oldi suvlari infeksiyalanib, bolaning to‘g‘ri rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
- Bola muddatidan oldin tug‘ilish ehtimoli katta bo‘ladi;
- Bachadon membranasi muddatidan oldin yorilib suv ketib qoladi;
Undan tashqari vaqtida davolanmagan xlamidiya tufayli homilador ayolda boshqa jinsiy infeksiyalarning rivojlanishi va siydik yo‘llari yallig‘lanishi kuzatiladi.
Bola tabiiy yo‘l bilan yoki kesarev kesilish orqali tug‘ilishidan qat’iy nazar xlamidiya unga yuqishi ehtimoli katta.
Agar bolaga infeksiya yuqib tug‘ilsa, unda ko‘z shamollashi, pnevmoniya kabi kasalliklar ilk kunlaridanoq rivojlana boshlaydi. Bu davrda chaqaloqni pnevmoniyadan davolash o‘ta kuchli nazoratni talab etadi. Yaxshi davolanmagan holatda bola nobud bo‘lishi ehtimoli ham bor.
Shuning uchun xlamidiyani homilador bo‘lmay turib yoki homiladorlikda aniqlangan zahoti davolash kerak.
Xlamidiya alomatlari qanday?
Xlamidiya yuqtirib olgan ayollarning 75% da alomatlar namoyon bo‘lmaydi.
Ba’zida namoyon bo‘ladigan alomatlarga siyish davomida yoqimsiz his, bachadon bo‘yni yallig‘lanishi, qindan suyuqlik ajralishining keskin ko‘payishi yoki ichki kiyim dog‘lanishini kiritish mumkin. Ushbu alomatlar xlamidiya yuqqandan so‘ng 1 3 hafta davomida namoyon bo‘ladi.
Homiladorlikdan oldin va homiladorlik davrida infeksiya siydik yo‘llaridan, bachadon bo‘yni tomon bachadon naylari orqali o‘tadi. Shunda bachadon naylari yallig‘lanishi rivojlanishi mumkin. Agar bachadon naylari yallig‘langan bo‘lsa, ayolda qorin past qismida va belida, jinsiy aloqa davomida og‘riq paydo bo‘ladi. Qon ajraladi va tana harorati ko‘tariladi. Davolanmaslik natijasida bachadon naylari infeksiya tufayli qattiq zarba oladi va bepushtlik rivojlanadi. Keyinchalik esa bachadondan tashqari homiladorlik yuzaga kelish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Erkaklarda ham xlamidiya alomatsiz o‘tishi mumkinligi tufayli, homilador bo‘lishdan oldin kasallikni yo‘qligida amin bo‘lish uchun er-xotin birgalikda analiz topshirishlari muhim.
Homiladorlik davrida xlamidiya qanday davolanadi?
Xlamidiya, asosan, homilaga zarar keltirmaydigan antibiotiklar bilan davolanadi. Antibiotikni shifokor aytgan miqdorda, kerakli vaqtda ichish shart. Aks holda, uning foydasi bo‘lmaydi. Odatda, bir davolanish kursi infeksiyadan holi bo‘lishga yordam beradi. Lekin er-xotin birgalikda davolanishi juda muhim. Chunki ayolni o‘zi davolanib, keyin eri bilan jinsiy aloqada bo‘lsa, infeksiya qayta yuqadi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Homiladorlikda homilaga xavf solishi mumkin bo‘lgan eng jiddiy holatlar
Manba: Uzbaby.uz