Yoshim 41 da. Anchadan beri jinsiy a’zolarimdagi shamollash bezovta qiladi. Hojatga tez-tez boradigan bO‘lib qoldim. Siyganda achishish bor, qovug‘im ham sanchib og‘riydi. Tekshirtirsam, do‘xtirlar o‘ng tuxumdoningiz qattiq shamollagan deyishmoqda. Qishloqda yashayman, qo‘limni sovuq suvga judayam ko‘p solaman. Deyarli har kuni kir yuvishga odatlanib qolganman. Buning ustiga zax joylarda ko‘p yuraman. Balki shamollashimga shu holat ham sabab bo‘lgandir. Bu kasallikka qarshi qanday davolanishim kerak?
Fotima Otaxo‘jayeva, ginekolog:
Xalq tilida tuxumdon shamollashi deyiladigan bu kasallik tibbiyotda tuxumdonlar yallig‘lanishi deb yuritiladi. Aniqroq qilib aytganda, ichki jinsiy a’zolarning (ayollar jinsiy bezi)ning yallig‘lanishi shunday nomlanadi. Tuxumdonlarning yallig‘lanishiga quyidagi omillar sabab bo‘ladi:
- ko‘p martalik abort;
- tashqi jinsiy a’zolarning yallig‘lanishi (qin daxlizi, bachadon bo‘yni)
- og‘ir mehnat sharoiti bilan shug‘ullanish (zax, sovuq, suv);
- organizmdagi umumiy yallig‘lanishlar (kariyes, angina, buyrak yallig‘lanishlari);
- pala-partish jinsiy aloqa.
Mana shu omillar ta’sirida turli infeksiyalar yuqishi oqibatida tuxumdonlarda yallig‘lanish yuzaga keladi.
Kasallik o‘tkir va surunkali kechishi mumkin
O‘tkir yallig‘lanishlar jinsiy yo‘l orqali yuquvchi kasalliklar bilan og‘riganda ko‘proq uchraydi. Surunkali yallig‘lanishlar biror akusherlik va ginekologik muolajalardan keyin, tez-tez abort qildirganda hamda tug‘uruqlar asoratli kechgandan so‘ng yetarli darajada davolanmaganlik oqibatida yuzaga kelishi mumkin.
Kasallikning ilk alomatlariga qanday?
Kasallikning ilk bosqichida qorin ostida simillovchi og‘riq paydo bo‘ladi, hayz buzilishi, qindan turli ajralmalar oqishi kuzatiladi. Yallig‘lanishning o‘tkir turida ba’zan tana harorati ham ko‘tariladi. Shuni aytib o‘tish kerakki, mazkur kasallikni aniqlayotganda boshqa kasalliklar bilan qiyosiy tashxis o‘tkazilishi kerak. Chunki tuxumdonlar yallig‘lanishi belgilari bachadondan tashqaridagi homiladorlik, kichik qorin pardasining o‘tkir yalllig‘lanishi, hamda qorin bo‘shlig‘idagi o‘tkir yallig‘lanish kasalliklarining alomatlariga o‘xshaydi. Shu bois mutaxassis tashxis qo‘yayotganda bu holatga yaxshilab e’tibor berishi zarur.
Kasallikqaysi davrda ko‘proq xavf soladi?
Mazkur kasallikdan qizlar unchalik xavfsiramasa ham bo‘ladi. Chunki turmushga chiqmagan qizlarda tuxumdonlar yallig‘lanishi juda kam uchraydigan holat. Agar bu kasallik qiz bolada aniqlangan bo‘lsa, uning umumiy sog‘ligida bir qancha muammo bor deganidir. Chunki qizlardagi tuxumdonlar yallig‘lanishi asosan ichki a’zolarida kuchli yallig‘lanishlar tufayli yuzaga keladi. Masalan, buyragi kasalligi, angina, oshqozon-ichak tizimidagi xastaliklar va hokazo. Ichki organlardagi infeksiyalar gematogen (qon aylanishi) yo‘l orqali tuxumdonlarga yetib kelib, ularni ham yallig‘lantiradi. Bu kasallik asosan tug‘ish yoshidagi ayollarda uchraydi. Chunki tug‘ish yoshidagi ayollarga mikroblarning tashqi tomondan yuqishi ko‘proq xavf soladi.
Yuqorida savol bilan murojaat qilgan bemorga mutaxassis sifatida maslahatim shuki, albatta, akusher-gineokolog ko‘rigiga borib, maxsus (labarator va bakteriologik) tekshiruvlardan o‘tgach, davo muolajalarini qabul qilishingiz kerak. Chunki bu kasallikka be’tibor qarab bo‘lmaydi va ayni paytda faqat dori-darmonlarning o‘zi bilan ham davolanib bo‘lmaydi. Shuning uchun mazkur kasallikni davolash maxsus akusherlik va ginekologik komplekslarda uch bosqichda o‘tkaziladi.
- Stimullovchi (surunkali yallig‘lanishlarni o‘tkir yallig‘lanishga o‘tkazib davolash). Ya’ni organizmda yashirinib tinch yotgan mikroblarni qo‘zg‘atib, jonlantirish orqali ularning antibiotoklarga ta’sirchanligini kuchaytirish. Bunday usulda dorilarning ta’sir qilish mexanizmi kuchayadi.
- Chandiqlarga qarshi (biostmulyatorlar bilan) davolash. Chandiqli kasalliklarning oldini olishga qaratilgan davo.
- Fizioterapiya yo‘li bilan davolash (sanatoriy, kurort).
Agar kasallikka qarshi yaxshilab davolanishni istasangiz, mana shu ko‘rsatmalarga, albatta, rioya qilishingiz kerak.
Mazkur davo choralari vaqtida o‘tkazilmasa, tashqi va ichki jinsiy a’zolarning o‘tkir va surunkali yallig‘lanishi bachadon bo‘yni, bachadon va tuxumdonlarning har xil saraton oldi kasalliklariga, bachadon va tuxumdon o‘smalari (kista, mioma) hamda bepushtlikka olib kelishi mumkin. Shu bois o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish lozim. Umuman olganda, bunday kasalliklarning oldini olish uchun har bir ayol va qiz yilda bir marta shifokor ko‘rigidan o‘tib turishi maqsadga muvofiqdir.