Oila juftlikdan iborat. Ota-onaning to‘rt muchasi sog‘lom bo‘lsagina ulardan barkamol avlod dunyoga keladi. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra xonadonda chaqaloq yig‘isi eshitilmasa ko‘proq ayolni aybdor etishadi. Biroq, bepushtlikning sababini aniqlash uchun albatta er-xotin birgalikda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarur. Shuningdek, davo muolajalarini to‘liq olish kutilgan samarani beradi.
Tuxumdon kistasi eng keng tarqalgan o‘sma kasalliklaridan biridir. Qisqacha aytganda tuxumdon kistasi bu suyuqlik bilan to‘ldirilgan pufak. “Kystis” – grekcha so‘zdan olingan bo‘lib, “pufak” degan ma’noni bildiradi.
Birinchidan, bu kasallik ayol jinsiy a’zolarining eng asosiysi ya’ni, tuxumdonni shikastlaydi. Tuxumdon ishlab chiqargan gormonlar xotin-qizlar go‘zalligini butun umr saqlab turadi. Bu a’zolar ayolga eng katta baxt, ona bo‘lishiga yordam beradi. Tuxumdonlar homila jinsi ma’lum bo‘lgan davrdayoq rivojlanishni boshlaydi.
Kistalarning bir necha turlari mavjud. Ular bir-birlaridan xastalik kelib chiqish sabablari va tuzilishi bilan farq qiladi. Ularning belgilari va asoratlari ham har xil bo‘ladi.
Dastlab tuxumdon kistasining qaysi turi rivojlanayotganini aniqlash zarur. Xastalangan tuxumdonning tuzilishi aniq bo‘lsa, uning davolanish usuli hozirgi vaqtda aniq o‘rganilgan va ishlab chiqilgan.
Tuxumdon kistasi o‘ng yoki chap tomonda bo‘lishi mumkin. Davolashdan avval kistaning turini aniqlash zarur. Bunda tuxumdon kistalari ikki turga ajratiladi.
Funksional kistalar
Birinchi tur kistalar – funksional kistalar. Ular hayot davomida har bir xotin-qizda paydo bo‘ladi. Hattoki, ko‘pchilik buni bilmaydi ham. Chunki, ular o‘zi paydo bo‘lib, o‘zi yo‘qolib ketadi. Bu kistalar asoratsiz kechadi, ularni kuzatib, dori-darmonlar bilan davolash mumkin. 90 foiz holatlarda funksional kistalar 2-3 oy davomida so‘rilib ketadi.
Haqiqiy tuxumdon kistalari
Ikkinchi tur-haqiqiy tuxumdon kistalari – ularni juda ko‘p turlari mavjud. Bu pufakchalarning barchasi operativ usulda davolanadi, hamda jiddiy asorat berishi mumkin.
Asosan barcha tuxumdon kistalariga tashxis ultratovush tekshiruvidan keyin qo‘yiladi. Bu tekshiruvda kistani topish mumkin. Uning tuzilishini ham aniqlash imkonini beradi. Ammo ba’zi hollarda ularning turini aniqlash biroz qiyinchilik tug‘diradi. Chunki, ko‘pincha kistalar ultratovush tekshiruvida bir xil ko‘rinishda bo‘ladi. Shuning uchun agar asoratlar bo‘lmasa, aniqlangan kistaning funksional yoki haqiqiy kistaligini bilish uchun 1-3 oy davomida kuzatib borish mumkin. Bu dinamik kuzatuv deb ataladi. Agar tuxumdonda funksional kista bo‘lsa, u so‘rilib ketadi. Yoki o‘zgarib, to‘g‘ri tashxis qo‘yishda yordam beradi. Haqiqiy o‘smalar esa yo‘qolmaydi va o‘zgarmaydi. Bu tanlangan yo‘nalish noo‘rin qilinishi mumkin bo‘lgan jarrohlik amaliyotining oldini oladi. Agar to‘g‘ri tashxis qo‘yishda uch oy yetarli bo‘lmasa, yana biroz kuzatish zarur. Ammo, bu kuzatuv jarayoni bir yildan ziyod bo‘lmasligi kerak. Faqat bemor ginekolog nazoratida doimo bo‘lishi kerak.
Tuxumdon kistasiga shubha bo‘lganda quyidagi tekshiruvlarni o‘tkazish zarur:
Differensial(qiyosiy tashxis) diagnostika – bu to‘g‘ri tashxis qo‘yishda yordam beradi. Bemorda tuxumdon kistasiga gumon qilinganda doimo differensial diagnostika o‘tkazilishi zarur. Kistaga xos klinik belgilar boshqa kasalliklarda, jumladan, o‘tkir appenditsit(ko‘richak), tuxumdonning onkologik kasalliklarida, bachadondan tashqaridagi homiladorlikda, kichik chanoq a’zolarining varikoz kasalligida, peshob-tanosil a’zolari kasalliklarida, ichak xastaliklarida va hokazolarda kuzatilishi mumkin.
Bu usul tuxumdon kistalari va o‘smalarini aniqlashda yordam beradi.
Ultratovush tekshiruvi nafaqat tuxumdon kistalarini, balki ularning tuzilishi va xususiyatini ham aniqlaydi.
Kompyuter tomografiyasi yoki magnit-rezonanasli tomografiya bu kistani batafsil o‘rganib chiqadigan usul. Uning joylashishi va tuzilishi, chegaralari hamda yondosh a’zolar bilan chegarasi, shuningdek, xavfli o‘smaga aylanganmi yoki aksincha ekanligini aniqlashda yordam beradi.
Qinning orqa gumbazi punksiyasi kistada asorat kuzatilmaganda va yana kichik chanoqda qon yoki suyuqlik borligini aniqlab beradi.
Laparoskopiya – endovideo usuli jarrohlik usul bo‘lib, tashxis va davolash maqsadida qo‘llaniladi. Unda qorin bo‘shlig‘ining a’zolariga oldingi qorin devori orqali kiriladi. Bu usul barcha kistalarni turini aniqlaydigan mutloq tekshiruv bo‘lib, davolashning asosiy turi shunday amalga oshiriladi.
Homiladorlikka test – bu usul bachadondan tashqarida homila bor-yo‘qligini aniqlashda qo‘llaniladi.
Qonning va peshobning umumiy tahlilidagi salbiy o‘zgarishlar, onkomarkerlarga tekshiruv-bu kistalarning xavfli guruhga kirishini, ularda yallig‘lanish jarayoni borligidan dalolat berishi mumkin. Unutmang, aziz yurtdoshlar, xastalikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal.
Jahongir G‘AFUROV,
Respublika Perinatal Markazi ginekologiya bo‘limi mudiri.
Dilnoza RUSTAMBЕKOVA,
oliy toifali ginekolog.
Manba: Soglom.uz