Sog'lom oila - sog'lom kelajak

Tugʻruqdan keyingi muammolar va ularni bartaraf qilish yoʻllari

Shunday muammolar borki, yangi tuqqan ayol ularni eng yaqin dugonasi bilan ham muhokama qila olmasligi mumkin. Uyaladi-da! Biz esa xuddi shifokor qabulida boʻlgani kabi, hech nimani yashirmaslikka qaror qildik. Bilasiz-ku, kasalni yashirgan bilan baribir isitmasi oshkor qiladi…

Ayollarda kuzatiladigan chilla davriga xos 3 ta nozik muammoni tilga olishga qaror qildik. Bular: bavosil (gemorroy), peshob tuta olmaslik va qinning quruqshab qolishi.

Tugʻruqdan keyingi muammolar

Tugʻruqdan keyin gemorroy

Yangi tuqqan ayollarning har uchtadan bittasi gemorroy atalmish achchiq dard bilan tanish. Avvaliga orqa chiqaruv teshigi atrofida simillab boshlangan ogʻriq ichingiz kelayotganida kuchayadi. Allaqayoqdan kichkinagina gʻudda paydo boʻlib, baʼzida jadal surʼatda kattalashishi mumkin. Biroq kichrayib qolgan taqdirda ham chidab boʻlmas darajada azob bera boshlaydi. Bular — gemorroy belgilari. Ogʻriq hojatga borganda, ichki kiyim kiyishda, kundalik gigiyena amallarini bajarishda yanada avj oladi. Chunki oʻsha joyga qil tegsa ham qattiq azob beradi.

Gemorroy — toʻgʻri ichakdagi vena tomirlarining kengayishi va shishishi oqibatida gʻuddachalar, tugunchalar yuzaga kelishi bilan namoyon boʻladigan kasallik. Bu gʻudda va tugunlar turli shakl va tusda boʻlishi mumkin. Ular qancha katta boʻlsa, ogʻriq shuncha kuchli, degan aksioma yoʻq. Aksincha boʻlishi ham mumkin. Gemorroyning yuzaga kelishiga qorin ichidagi bosim ortishi natijasida vena tomirlarida qon turib qolishi sabab boʻladi. Homiladorlik va tugʻruq davrida ayol organizmiga tushadigan favqulodda yuk bu dardning kelib chiqishiga turtki boʻlishi mumkin. Albatta, irsiy omil ham ahamiyatga molik. Agar onangiz bu kasallikni boshdan kechirgan boʻlsa, sizda ham uning azobini “tatib koʻrish” ehtimoli mavjud.

Xastalik juda zoʻrayib ketgan hollarda jarrohlik yoʻli bilan davolanadi. Ammo odatda, bu dard tigʻsiz tuzatiladi. Oʻzingizga yaxshi eʼtibor berib, shifokor tavsiyalariga toʻliq amal qilsangiz albatta. Bugungi kunda gemorroyni davolishda qoʻllaniladigan dori-darmonlar koʻp boʻlsada, oʻzingizni oʻzingiz davolashni maslahat bermagan boʻlardik. Chunki aynan sizga mos keladigan vositani faqat shifokor tanlab berishi mumkin. Biz esa xalq tabobatida qoʻllaniladigan ayrim usullarni yordamchi davo chorasi oʻlaroq taklif etamiz.

  • Xalq tabobatida eng samarali vosita sifatida muzdan foydalaniladi. Bunda ertalab, kechqurun va ich kelgandan soʻng ogʻriqli joyingizga ohistalik bilan muz ishqalash tavsiya etiladi.
  • Moychechak damlamasi yoki qaynatmasining muzlatilgani ham samarali taʼsir koʻrsatadi. Moychechakning quritish va mikroblarni oʻldirish xususiyati bor.
  • Ogʻriqli nuqtalar gigiyenasini muzdek suv bilan amalga oshirishning maʼqul jihati shundaki, ogʻriq kamroq his etiladi.
  • Ogʻir jismoniy mehnatni butunlay istisno etamiz.

Tugʻruqdan keyin peshob tuta olmaslik

Tugʻruqdan keyin oraliqdagi mushaklar tonusi pasayib ketadi. Odatda, ayollar bunga yetarlicha eʼtibor berishmaydi. “Oʻtib ketadi”, deb oʻylab, qimmatli vaqtni oʻtkazib yuborishadi. Gap beixtiyor peshob qoʻyib yuborish haqida ketayapti. Oy-kuni yaqin, shuningdek, yangi tuqqan ayollarda bu hol tez-tez kuzatiladi. Avvaliga qattiq kulganda ich kiyim hoʻl boʻlib qoladi. Agar eʼtibor berilmasa, keyinchalik ogʻir yuk koʻtarganda, aksirganda va hatto yoʻtalganda ham bu hol takrorlanadi. Peshob tuta olmaslik — 90 foizga yaqin ayollarning muammosi. Bizning anatomik tuzilishimiz shundayki, qorin pastiga toʻplanadigan yogʻlar, ichki aʼzolarimiz, homila tufayli ham aynan uretra (peshob yoʻli) ustiga bosim tushadi va qovuqni ezib turadi. Uretra atrofidagi mushaklar zaiflashsa, peshob tutib tura olmaslik muammosi yuzaga keladi. Nima qilmoq kerak?

O‘QING:  Qiz bola reproduktiv jihatdan qachon balog‘atga yetadi?

Avvalo, tugʻruqqacha va tuqqandan keyin oraliq mushaklari uchun ishlab chiqilgan maxsus mashqlarni bajarib turish kerak. Bunday mashqlar talay, mohiyat esa bitta — qin va anus mushaklarini qisqartirib, boʻsh qoʻyish orqali chiniqtirish. Mashqlarni tez, sekin, oʻtirgan, turgan va yotgan holda, xullas, istalgan vaqtda, oʻzingizga qulay holatda bajarish mumkin. Asosiysi, ularni har kuni bir necha bor takrorlab turish.

Ikkinchidan, kuniga hech boʻlmasa ikki marta sonlar orasiga oʻrtacha kattalikdagi koptokni qistirib olib, u yoqdan bu yoqqa yurish lozim.

Uchinchidan, peshob ajralishini nazorat qilib borish shart. Har safar qovuqni boʻshatish uchun hojatga borganda oqimni bir necha soniyaga toʻxtatib, keyin yana tiklash maslahat beriladi. Shunda biz tilga olgan mushaklarning qayerda joylashgani va qanday ishlashini yanada yaxshiroq his qilasiz hamda ular tonusini oshirasiz. Takrorlaymiz, HAR SAFAR qovuqni boʻshatayotganda! Unutmang, aziz ayollar, bu — keksayganda peshob tuta olmaslikdan himoyalanishning kafolati! Yangi tuqqan ayollarda esa bu mashqlar ikki haftadayoq natija berib, nam ichki kiyimlar muammosini unutish imkonin beradi. Agar birinchi martada mashqlar samara bermasa, qunglingizni choʻktirmang. Mayli, avvaliga bu holatni xayolan boʻlsa-da, his eting. Tasavvur ortidan amaliy natija ham keladi, ishoning!

Qinning quruqshab qolishi

Suv — hayot demak. Ayol organizmida suvning yetarli miqdorda boʻlishi nafaqat terisini yoshartiradi, balki butun tanasidagi shilliq qavatlarni namlaydi. Ayollar goʻzalligi uchun estrogen gormoni masʼul. U bizning terimiz va shilliq qatlamlarimizga suv yetkazib beradi. Tugʻruq payti yaqinlashganda, boshqa bir gormon — oksitotsin ishlab chiqarilishi ortadi. Tugʻruqdan keyin miya sut ishlab chiqarish lozimligi haqida xabar joʻnata boshlaydi. Bu esa prolaktin gormoni vositasida kechadi. Shu sababli yangi tuqqan ayol organizmida estrogen gormoni keskin kamayib ketadi. Mana shu “gormonlar raqsi” qinning quruqshab qolishiga olib keladi.

Asoratlarsiz kechgan tugʻruqdan soʻng shifokorlar ayolga jinsiy hayotni bir yarim oydan keyin, yaʼni chilla davri tugagach tiklashni tavsiya etishadi. Bu vaqt oraligʻida organizmda ilk tiklanish davri kechadi: jinsiy aʼzolar avvalgi holatiga qaytadi, shishlar soʻriladi, tugʻruq paytida shikastlangan toʻqimalar tiklanadi. Ammo qindagi zaruriy namlik bola olti oylik boʻlgachgina u yoki bu darajada tiklanishi mumkin. Shunday vaziyatda ayolga uch asosiy intim vosita yordam berishi mumkin.

  • Intim lyubrikantlar. Bu suv asosli gellar boʻlib, ular ehtiyoj tugʻilganda qinning quruqshagan shilliq yuzasiga surtiladi. Ularni nafaqat jinsiy muloqot payti, balki qinda qichishish, quruqlik, noqulaylik sezilgan paytlarda ham qoʻllash mumkin.
  • Qin uchun estrogenli kremlar. Bular lyubrikantlar singari “tez yordam” koʻrsatmaydi. Ularni faqat ginekolog tavsiyasiga koʻra qoʻllash kerak. Mazkur vositani surtish orqali qinning quruq joylarini estrogenlarga boyitish mumkin. Faqat yodda tuting, emizikli onalarga estrogenlar tavsiya etilmaydi!
  • Homiladorlikka qarshi estrogenli tabletkalar. Bularni ham shifokor tanlab beradi. Faqat biror sababga koʻra bolangizni emizmayotgan boʻlsangiz, ularga murojaat etishingiz mumkin. Emizikli onalar uchun kontratsepsiya vositalari tarkibida estrogenlar umuman boʻlmaydi.
O‘QING:  Qin qichishi va achishi: sabablari, davolash usullari hamda profilaktikasi

Shuningdek, vitaminlar va qinning tugʻruqdan keyingi mikroflorasini tiklash muolajalari haqida ham unutmaslik kerak. Bola tugʻilganidan uch oylik boʻlgunicha onalar emizikli ayollar uchun moʻljallangan vitaminlardan qabul qilishlari shart. Chunki ona isteʼmol qilayotgan taomdagi barcha foydali moddalar avvalo sutga oʻtadi. Ularni bolaga bergan onaning oʻzida deyarli hech vaqo qolmaydi. Qindagi mikroflorani tiklash masalasiga kelsak, tungi uyqudan oldin isteʼmol qilinadigan bir piyola qatiq nafaqat ichaklar, shuningdek, jinsiy aʼzolar shilliq qavati uchun ham foydali.

Mikroflorani turli shamchalar orqali ham moʻtadillashtirish mumkin. Ulardan shifokor bilan bamaslahat foydalanish kerak.

Tug‘ruqdan keyin jinsiy yo‘llar kengayishi tabiiy holatmi?

Tug‘ruqdan keyin qin yuzaga chiqib qoladi va bu tabiiy hol. Shuning uchun ham tuqqan ayollar uchun Kegel ismli doktor maxsus mashq o‘ylab topgan. Bu qin va anusni siqib, so‘ng bo‘shashtirishga asoslangan. Bunday mashqlarni maxsus adabiyotlarda va internet sahifalarida «Kegel mashqlari» nomi ostida ko‘rish mumkin. Qin devorlari va mushaklarni siqib, qo‘yib yuborishni tez va sekin amalga oshirish mumkin. Mashqlarni almashlab turli xillarini bajarsangiz, natija tezroq ko‘rinadi. Ammo buning uchun mashqlarni har kuni bajarish lozim. Mutaxassislar kichik hojatga borganda peshobni ham to‘xtatib turish kerakligini aytishadi. Buni albatta shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Agar tug‘ruqdan keyin bachadon va qin tushishi bilan bog‘liq muammolardan aziyat cheksangiz, ginekolog-xirurgga murojaat qiling. U zarurat bo‘lcf cizdagi muammolarni hal qilish imkonini beruvchi intim plastikasi amaliyotini o‘tkazadi.

Aziz onalar! Hozir nuridiydangiz juda kichkina. Siz hayotingizdagi eng ajoyib damlarni boshdan kechiryapsiz. Shunday ajib onlaringizga biz yuqorida tilga olgan noxush holatlar soya solmasin. Ushbu maqolani ular haqida avvaldan bilib, harakatingizni qilib qoʻying, degan maqsadda tayyorladik.

Ekspert: Magzumova Nargiza Mahkamnovna, profeyesor.
Jurnalist: Shahnoza Toʻraxoʻjayeva.
Manba: “Sugʻdiyona” gazetasi.


Hayz siklingizni nazorat qilishni istaysizmi? Homiladorlik uchun unumdor kunlarni bilib, homiladorlikni rejalashtirishni istaysizmi? Unda “Lalu — ayollar kundaligi” mobil ilovasini bepul yuklab oling!

Ilova sizga hayz siklingiz xarakterini tushunib, uni kuzatib borishingizda, ovulyatsiya kunini aniqlashda, homiladorlikni rejalashtirishingizda yordam beradi.
Bundan tashqari, ilova orqali hayz oldi sindromi haqida bildirishnoma olish, sikl buzilishi, fertil kunlar kabi holatlarni prognozlash va kuzatib borish, ginekologiya sohasiga oid maʼlumotlar olish imkoniyati mavjud. Quyidagi link orqali o'tib, Play Marketdan yuklab oling.

Lalu - Hayz kalendari. Ovulyatsiya kunini aniqlash

 

Ginekologiya » Tugʻruqdan keyingi muammolar va ularni bartaraf qilish yoʻllari

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.