Bugungi davrda ham farzandini shifoxonada emas, uyida dunyoga keltirishni afzal biladiganlar yo‘q emas. Tug‘uruq ko‘ngildagidek kechsa-ku xo‘p-xo‘p, lekin u asoratli bo‘lsa-chi? Zudlik bilan tibbiy yordam kerak bo‘lib qolsa-chi? Axir tug‘uruq jarayonida daqiqalar tugul, hatto soniyalarning ham muhim o‘rni bor! Qolaversa, momolarimiz davrida tug‘uruq jarayonida ayollarning ham, bolalarning ham o‘limi ko‘rsatkichi ancha yuqori bo‘lgani yaqin tarixdan ma’lum. Sahifamizning bugungi eksperti — akusher-ginekolog Mohira MIRXAITOVA.
Tug‘uruq vaqtidagi jarohatlarga nimalar kiradi?
Yumshoq to‘qimalarning yuza jarohatlari
Oddiy qilib aytganda bu — shilinish, tananing unchalik katta bo‘lmagan sohasida qon quyilishi… Ular go‘dakning tug‘uruq yo‘llari bo‘ylab harakatlanishi oqibatida yoki qandaydir tibbiy aralashuv natijasida yuzaga keladi. Bunday zararlanishlar mahalliy davolashni talab etadi va 7-14 kun davomida o‘tib ketadi.
Gematoma (g‘urra)lar, mikroadenomalar
Ba’zida nafaqat teri, shuningdek, birmuncha chuqur to‘qimalar, masalan, teri osti yog‘ to‘qimalari ham ta’sirlanadi. Bunday vaziyatda siypalab ko‘rilganda chaqaloqda mayda tugunchalarni sezish mumkin. Gematoma paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan mushaklar ham bundan aziyat chekdi. Bu bolaning boshi muayyan tomonga qayrilishi oqibatidagi (ayniqsa hayotining dastlabki 2 haftasida) patologiyadir.
Tug‘uruq shishi
Bunda homila tug‘uruq yo‘llari bo‘ylab oldinga harakatlanganda boshining, yumshoq to‘qimalarning shishganligi nazarda tutiladi. Tug‘uruq shishi yangi tug‘ilgan go‘dakda sarg‘aymaning davomli kechishiga sabab bo‘lishi mumkin. Odatda bir necha kun ichida o‘zi so‘rilib ketadi. Kamdan-kam hollarda suyak sinishi, darz ketishi hollari yuz berishi mumkin. Bunday vaziyatlarda shish o‘lchami katta bo‘ladi va uzoqroq vaqt saqlanib turadi, murakkab muolajalarni talab etadi. Bunday muammolarga nasliy qon kasalliklari sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, homila o‘lchami yirik, ayol chanog‘i tor bo‘lganda, muddatdan oldin suv ketib, homila suvsiz qolganda ham tug‘uruq shishi kuzatiladi.
Chiqish, sinishlar
Shifokorlarning homila qanday joylashganiga katta e’tibor qaratishi bejizga emas. Agar homila tug‘ilish oldidan oldinga oyoq tomoni bilan harakatlansa, jarohatlanish xavfi yuqori bo‘ladi. Homilaning aynan shunday joylashishi tufayli (albatta boshqa omillar ham inobatga olingan holda) tug‘uruq kesarcha kesish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Kichkintoyni tug‘uruq vaqtidagi jarohatlardan asrash qoidalari:
- Imkon qadar tezroq ayollar maslahatxonasidan ro‘yxatdan o‘ting.
- Sog‘lom turmush tarzi kechiring, zararli odatlarni tark eting.
- Infeksiyalarni erta bosqichlarda aniqlashga e’tiborsizlik qilmang.
- Shifokor tavsiyalariga qat’iy amal qiling.
- Oilada ijobiy ruhiy muhit hukm surishiga erishing.
- Tug‘uruqni uyda emas, albatta shifokorlar nazorati ostida amalga oshiring.
Hammasi o‘zingizga bog‘liq!
Ko‘pincha tanishlardan, dugonalardan, qo‘shnilardan tug‘uruq haqida vahimali gaplarni eshitib, bo‘lajak onalar yaqinlashib qolgan tug‘uruqdan qo‘rquvga tushishadi. Lekin yomon xayollarga borish kerak emas. Axir bu ayol faollik bilan ishtirok etishi kerak bo‘lgan fiziologik jarayon. Asosiysi, bo‘lajak ona dunyo yuzini ko‘rish arafasida turgan murg‘akkina dilbandiga yordam berishi kerakligini anglashi kerak. Tug‘uruq qanday o‘tishi ko‘p jihatdan bo‘lajak onaning o‘ziga ham bog‘liq. Unutmang, tug‘uruq paytida har doim ham bola jarohatlanavermaydi. Yaxshi niyat qiling, nasib etsa, sizning farzandingiz sog‘-omon tug‘iladi!
Eng asosiysi, shifokor fikriga quloq tuting. Shifokorlar hamisha homila boshi va ona chanog‘i o‘lchamlari bir-biriga mos kelish-kelmasligini, tug‘ilajak bola qay holatda yotganini inobatga olishadi. Bu kabi omillar bo‘lajak ona homiladorlik davrida nazoratda bo‘lganda baholanadi. Shuning uchun u ayollar maslahatxonasida qancha erta ro‘yxatga olinsa, shuncha yaxshi. Tug‘uruq vaqtida ayol va tug‘ilajak bolaning umumiy ahvoli qay darajadaligi juda muhim. Xullas, hammasi o‘zingizga bog‘liq. Homiladorlik davrini asabbuzarliklarsiz, ko‘ngildagidek o‘tkazishga harakat qiling, toza havoda ko‘proq sayr qiling (bu go‘dakda kislorod yetishmovchiligining oldini olishning eng yaxshi chorasi). Shunda orziqib kutgan farzandingiz sog‘-omon dunyo yuzini ko‘radi!
..