Sog'lom oila - sog'lom kelajak

Tug’ish kalendari: Tug’ruq kunini aniqlash usullari

Qanday qilib taxminiy tug’ish kunini aniqlash mumkin? U nimaga bog‘liq? Yoki dunyoga qachon kelishini tug‘ilajak bolakayning o‘zi belgilaydimi?
Homiladorligini bilib olgach, har qanday ayol avvalo farzandining aynan qachon tug‘ilishini hisoblay boshlaydi. Kimdir bo‘yida bo‘lgan kunni eslashga harakat qilib, tug’ish kalendari yordamiga murojaat qiladi, kimdir ultratovush tekshiruvi yoki shifokorlarning so‘zlariga qarab taxmin qiladi. Lekin natijada bo‘lajak onalarga “syurpriz” bo‘lib, tug‘ruq sanasi taxminiy hisob-kitoblar bilan kamdan-kam hollarda mos keladi.

Bugungi kunda tug‘ruq kunini aniqlash uchun shifokorlar tomonidan qo‘llaniladigan 4 asosiy usuli mavjud:

  • Oxirgi hayz sanasi bo‘yicha (akusherlik usuli);
  • Ovulyatsiya kuniga ko‘ra (embrional usul);
  • Ayollar maslahatxonasiga ilk kelgan kuniga ko‘ra;
  • Ultratovush tekshiruvi natijalariga ko‘ra.

Tug’ish kalendari usullari

Akusherlik usuli

Tug‘ruq kunini aniqlashning, kalendari usuli ichida eng mashhur va ko‘p qo‘llaniladigan usuli — Negel formulasi yoki oxirgi hayz kuni bo‘yicha hisoblashdir. Bu formulaga ko‘ra, maxsus akusherlik taqvimlari (tug’ish kalendari) tuziladi. Negel formulasi: oxirgi hayz siklining birinchi kunidan 3 oyni ayirib, 7 kun qo‘shiladi. Ya’ni birinchi kunga roppa-rosa 40 hafta qo‘shiladi.

Masalan, oxirgi hayz siklining birinchi kuni 1 avgustga to‘g‘ri kelsa, bu sanaga 7 kunni qo‘shamiz. 8 avgust bo‘ladi. 3 oyni ayirsak, chamalangan tug‘ruq sanasi kelib chiqadi. Ya’ni, 8 avgust – 3 oy = 8 may.

Bu usul eng keng tarqalgan bo‘lsa-da, uni aniq deb bo‘lmaydi.

Embrional usul

Embrional usul deganda homiladorlikning ovulyatsiya kuni bo‘yicha aniqlanadigan kalendar usuli nazarda tutiladi.

Ovulyatsiya (tuxum hujayraning tuxumdondan chiqishi) homilador bo‘lish uchun eng optimal davr hisoblanadi. Shuning uchun ham aynan shu sana chamalangan tug‘ruq sanasini hisoblash uchun asos bo‘ladi.

Hayz sikli 28 kunlik bo‘lganda ovulyatsiya 14-kunda yuz beradi. Agar sikl qisqaroq (21-25 kun) yoki uzunroq (31-35 kun) bo‘lsa, hisoblash maxsus jadvallar asosida olib boriladi. Jinsiy yaqinlik kunini aniq bilganda ham urug‘lanish aynan qachon sodir bo‘lganini ishonch bilan aytish imkonsiz. Nima uchun?

O‘QING:  Tug‘ruq! Tabiiy jarayon

Spermatozoidlar o‘rtacha 3-5 kun, uzog‘i bilan bir hafta, tuxum hujayra esa 48 soatgacha yashaydi. Embrional muddatni hisoblash uchun ovulyatsiya kuniga 38 hafta qo‘shiladi.

Tug‘ruq vaqtini aniqlash

Masalan, sikl 28 kunlik, oxirgi hayzning birinchi kuni 1 avgust, jinsiy yaqinlik 9 avgustda, ovulyatsiya 14-15 avgustda bo‘lgan, deylik. Hisoblashni jinsiy yaqinlik bo‘lgan kundan emas, ovulyatsiya kunidan boshlaymiz. Shuning uchun taxminiy tug‘ruq sanasini aniqlashning embrional usuli 7-8 mayga to‘g‘ri keladi. Ko‘rib turganingizdek, u akusherlik usulidan deyarli farq qilmaydi. Lekin bu hayz sikli 28-30 kun davom etadigan muntazam vaziyatlar uchungina to‘g‘ri keladi.

Qolaversa, organizmning o‘ziga xos xususiyatlarini, shuningdek, jismoniy va ruhiy bosim bo‘lganda, stress, kasallik kabi omillarda ovulyatsiya kuni surilishi mumkinligini ham inobatga olish kerak.

Lekin har qanday vaziyatda ham agar ayol ovulyatsiya kunini bilsa, va jinsiy yaqinlik bo‘lgan kunni eslay olsa, bu shifokorga taxminiy tug‘ruq sanasi haqida anchagina ma’lumot beradi.

Tug’ruq kunini aniqlashning diagnostik usullari

Ilk bor ayollar maslahatxonasida…

Ayollar maslahatxonasiga birinchi marta kelganda (homiladorligini taxmin qilib yoki aniq bilgandan keyin) akusher-ginekolog tekshiruvdan so‘ng quyidagi ko‘rsatkichlar asosida xulosaga keladi.

  • Bachadon kattaligini aniqlash;
  • Bachadon tubi balandligini aniqlash;
  • Qorin hajmi;
  • Homila o‘lchami.

Bo‘lajak ona ayollar maslahatxonasiga qancha erta murojaat qilsa, homiladorlik muddati shuncha aniq belgilanadi.

Ultratovush tekshiruvi

Bugungi kunda mazkur usul eng aniq hisoblanadi. Faqatgina bu tekshiruv o‘tkaziladigan muddatlarni hisobga olish kerak xolos.

Dastlabki skrining (11-14 hafta)da olingan ultratovush tekshiruvi natijalariga ko‘ra taxminiy tug‘ruq sanasini atigi 1-3 kunlik farq bilan aniq belgilash mumkin.

Kechroq qilingan UTT esa unchalik aniq tashxis bermasligi mumkin. Bu tekshiruvda homiladorlik muddatini homila hajmiga qarab baholashiga bog‘liq.

Tegishli maqola: Homiladorlikda UTT (UZI), skrining, dopler tekshiruvlari »

Homiladorlikni rejalashtirayotganda nafaqat hayz siklingiz davomiyligi va oxirgi hayz kunini, shuningdek, ovulyatsiya kuni va bo‘yingizda bo‘lishi mumkin bo‘lgan kunni ham bilganingiz yaxshi. Shifokorga qancha ko‘p ma’lumot bersangiz, farzandingiz yorug‘ olamga aynan qachon kelishini u shunchalik aniq belgilab berish imkoniga ega bo‘ladi.

O‘QING:  Tug'ruq jarayoni: to'lg'oq boshlanishi va tug'ish alomatlari

Ekspert: Hamida Maqsudova, oliy toifali shifokor.

Tegishli maqola: Tug’ruq jarohatlari – turlari va oldini olish usullari »

Ginekologiya » Tug’ish kalendari: Tug’ruq kunini aniqlash usullari

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.