Tug‘ruq tabiiy jarayon. Ona sog‘lom bo‘lsa va tug‘ruq jarayoni normal o‘tsa, bolaning tug‘ilishi uchun jiddiy tibbiy aralashuvning hojati bo‘lmaydi. Yodda tuting, har bir ayolda tug‘ruq turlicha o‘tishi mumkin. Quyida keltirilgan ma’lumotlar tug‘ruq jarayoni haqidagi eng asosiy ma’lumotlardir.
Tayyorlash jarayoni
Quyida tug‘ruq yaqinligini ko‘rsatuvchi belgilar keltirilgan, ammo ular har doim ham tug‘ruq yaqinlashganligidan dalolat bermaydi. Ular tanangiz tug‘ruqa qanday tayyorgarlik ko‘rayotganligi haqida aniq xabar beruvchi asosiy belgilardir. Ba’zi ayollar ularni sezadi, boshqalar esa sezmasligi mumkin, bu ikkala holat ham normal hisoblanadi. Agar bu belgilar kuzatilmasa ham, hech xavotirlanmang.
- Kutilmanda quvvatning ko‘payishi yoki onalik hissiyotining kuchayishi.
- Bola bachadonda pastroqqa tushadi (bunda nafas olishingiz osonlashadi va tez-tez siya boshlaysiz), o‘zingizni yengil sezasiz.
- Oshqozon faoliyatining buzilishi.
- Ichketar.
- Qonli ajralma chiqishi – qindan bachadon bo‘ynini bekitib turuvchi pushti rangli qon aralash quyuq shilimshiq ajralma chiqishi.
- Quyuq shilimshiq ajralmalar chiqishi.
Ko‘p ayollar tug‘ruq boshlanishi muddatini aniq bilishmaydi va tug‘ruqxonaga qachon borish kerakligi haqida xavotirlanadilar. Qaysi vaqtda tug‘ruqxonaga borishingiz zarurligi haqida shifokor bilan suhbatlashing.
Tug‘ruq oldi holati
Homiladorlik davrining oxirida muntazam ravishda hayz davrining og‘riqlariga o‘xshab ketadigan, qattiq to‘lg‘oqlarni sezishingiz va tug‘ruq muddatidan oldin sodir bo‘ladi deb o‘ylashingiz mumkin. Ammo ko‘p holatlarda ular to‘g‘ruqning boshlanishidan darak bermaydi. Bu tayyorlov to‘lg‘oqlari bo‘lib, “yolg‘on to‘lg‘oq” yoki “tug‘ruq oldi” deb ataladi. Bu holat bachadon bo‘ynini tug‘ruqqa tayyorlashda asosiy rol o‘ynaydi. Yolg‘on to‘lg‘oqlar tez-tez boshlanib, qattiq og‘riqlar bilan o‘tadi, ammo keyinchalik esa bola tug‘ilgunga qadar bir necha soat yoki kunlarga to‘xtaydi. Yolg‘on to‘lg‘oqlar tutganda ko‘proq yuring va ularning davomiyligiga va orasidagi intervallar uzun yoki qisqaligiga ahamiyat bering.
To‘lg‘oqlarning to‘xtashi yoki ular orasidagi intervalning bir xil bo‘lib, qisqarmasligi tug‘ruq oldi holati sodir bo‘layotganligidan darak beradi. Sizda “asl tug‘ruq” bo‘layotganligi aniqlanganda ham xavotirlanmang, chunki to‘lg‘oq sodir bo‘lganda bolaning tug‘ilishiga bir qadam yaqinroq qolgan bo‘ladi. Tug‘ruq oldi davrida quydagilarning barchasi yoki ba’zilari kuzatiladi:
- to‘lg‘oqlar bir xil kuch bilan o‘tadi, ular orasidagi vaqt ham va ularning davomiyligi ham bir xil bo‘ladi;
- to‘lg‘oqlar muntazam ravishda sodir bo‘lmasligi ham mumkin;
- yurish va tana holatini o‘zgartirib turish to‘lg‘oqlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi;
- to‘lg‘oqlar qovuqda qattiq og‘riqlar bilan ham o‘tishi mumkin.
Tug‘ruq
Tez-tez va qattiq og‘riqli to‘lg‘oqlar tug‘ruq yaqinligini ko‘rsatuvchi belgidir. To‘lg‘oq vaqtida bachadoningiz ma’lum bir vaqt davomida muntazam ravishda qattiq qisqaradi.
Dastlab, ich dam bo‘lishida, hayz davrida, bel og‘rishi yoki qin atrofining tortishishi va taranglashidagi kabi og‘riq sezishingiz mumkin. Tug‘ruqning birinchi davrida to‘lg‘oqlar orasidagi vaqt 10 daqiqa bo‘lishi va ular soat ishlashi kabi muntazam sodir bo‘lishi mumkin yoki nomuntazam, bir-biriga o‘xshamagan, orasidagi vaqt uzoq bo‘lgan ammo qisqa to‘lg‘oqlar tutishi ham mumkin. Ayrim holatlarda, ayniqsa birinchi homiladorlikda, to‘lg‘oqlar muntazam sodir bo‘lishi, uzoq vaqt davom etishi va qattiq og‘riqli bo‘lishi mumkin, ammo bunda bachadon bo‘yni 3 santimetrdan ortiq ochilmaydi.
Tug‘ruq davrida quyidagi belgilar kuzatiladi:
- to‘lg‘oqlar muntazam ravishda sodir bo‘ladi;
- to‘lg‘oqlar odatda bel sohasidagi qattiq og‘riqlar bilan boshlanadi va tananing old qismiga qarab harakatlanadi;
- bachadon bo‘yni ochiladi va kengayadi.
Qog‘onoq xaltasining yorilishi
Bachadonda bola suv ichida bo‘ladi. Ba’zan tug‘ruq boshlanganda qog‘onoq xaltasi (homilani o‘rab turadigan ichki parda) yoriladi, ammo bu odatda tug‘ruq boshlangandan so‘ng ancha vaqt o‘tgach sodir bo‘ladi. Bunda qindan suyuqlik oz-ozdan yoki birdaniga otilib oqib chiqishi mumkin. Shifokoringiz bilan suyuqlik chiqib ketgandan so‘ng qachon shifoxonaga kelish kerakligi haqida suhbatlashishingiz lozim, ammo quyidagi belgilar kuzatilganda, darhol shifokorga murojaat qilishingiz kerak:
- suyuqlik tiniq emas, balki yashilroq yoki jigarrang bo‘lsa;
- isitma chiqsa;
- suyuqlik chiqib ketgandan so‘ng 12-24 soat davomida asl tug‘ruq boshlanmasa.
Suyuqlik chiqib ketgandan so‘ng qinga hech narsa tushmasligi kerak, shuning uchun quydagilardan saqlanishingiz kerak: Jinsiy aloqada bo‘lish, vanna qabul qilish va qinni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish (shifokor tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruv bundan mustasno).
Barcha ayollarda tug‘ruq turlicha o‘tadi. Sizdagi tug‘ruq jarayoni, o‘qib o‘rganganingizdan butunlay farq etishi mumkin. Tanangizga ishoning. Tayorgarlik uzoq davom etishi mumkin, ammo tanangiz va chaqaloq tug‘ruqqa tayyorgarlik ko‘rish davomida juda muhim o‘zgarishlarni amalga oshiradi!
Og‘riq
Tug‘ruq haqida gap ketganda biz ko‘pincha og‘riq haqida o‘ylaymiz, ammo biz eng muhim masala – qanday qilib og‘riqni yengish va ortiqcha og‘riqni kamaytirish mumkinligi haqida o‘ylamaymiz.
Hozirgi paytda ko‘p ayollar tug‘ruqdan qo‘rqadilar. Bu oddiy haqiqat. Yana bir oddiy haqiqatni bilishingiz kerak – qo‘rquv og‘riqni kuchaytiradi. Qo‘rqqaningizda tanangiz taranglashadi, tana tarang bo‘lsa, og‘riq kuchayadi.
Ba’zi ayollar tug‘ruq umuman og‘riqli bo‘lmaydi deyishi mumkin, ba’zi ayollar esa tug‘ruq paytida ular eng azobli og‘riqlarni sezganliklarini aytishi mumkin. Ko‘pchilik ayollar esa tug‘ruq og‘rig‘iga chidasa bo‘ladigan va kutilgan holat deb o‘ylaydilar. Ko‘p ayollar uchun tug‘ruq hayotining eng kuchli kechinmasi, eng qiyin va mashaqatli jarayonidir. Bu jarayonga tayyorlanishning bir necha usullari bor.
Quyidagi og‘riq va to‘lg‘oqlarni yengillatishga yordam beradigan bir nechta oddiy va samarali usullar berilgan:
Harakatlanish: tug‘ruqning boshlanish davrida iloji boricha uyda ko‘proq bo‘ling, tug‘ruqxonaga borishingizda hali ham tug‘ruq boshlanish davrida bo‘lsangiz muassasa hududi bo‘ylab yuring yoki uyga qayting. Harakat qiling va tana holatini o‘zgartirib turing. Tananing tik holatda bo‘lishi, ya’ni yurish og‘riqlarni kamaytiradi. Shunindek, bu holat o‘zingizni xotirjam tutishga va to‘lg‘oqlarning samarali o‘tishiga yordam beradi. Shunindek, qo‘l va tizzalarni yerga tirab turish, bel og‘rig‘ini kamayishiga yordam beradi;
Ovqatlanish: to‘lg‘oq davrida suyuqliklar va yengil ovqatlarni iste’mol qilib turishingiz kerak. Agar ishtaha bo‘lmasa sharbat, asalli choy yoki suyuq ovkat ichishingiz mumkin. Bu sizning tanangizga quvvat bag‘ishlaydi, suvsizlanishning oldini oladi, tug‘ruqni yengil o‘tishiga, to‘lg‘oq og‘riqlarni yengishga yordam beradi va chaqaloqning asoratlarsiz tug‘ilishini ta’minlaydi. Tug‘ruq jarayoni uzoq masofa (marafon) yugurish uchun sarflanadigan kuch-quvvatni talab etadi;
Nafas olish: qanday nafas olish kerakligini bilasiz – ko‘proq ochiq havoda yuring va chuqur nafas olishga harakat qiling! Bu asablaringizni tinchlantiradi, tanani bo‘sh tutishga, diqqat-e’tiboringizni bir joyga to‘plashga va tug‘ruq jarayonining uddasidan chiqishingizga yordam beradi. Nafasingiz tananingizning har bir qismiga kislorod yetkazib berishini tasavvur qiling. Og‘iz ochib chuqur nafas oling va o‘zingizni bo‘sh tutishga harakat qiling;
Dalda berilgan yordam: Atrofdagilar bilan ko‘proq do‘stona muloqotda bo‘lsangiz, o‘zingizni yengil, qo‘llab-quvvatlanayotgan va sevikli ekanligizni his qilasiz. Shu sababli, turmush o‘rtog‘ingiz (yoki onangiz)dan siz bilan tug‘ruqxonada birga bo‘lishini so‘rashingiz mumkin. Aksariyat ayollar tug‘ruq davrida dalda berish, qo‘l ushlash va massaj qilish kabi qo‘llab-quvvatlashning turlarini qadrlaydilar. Atrofdagilardan cho‘kkalab yoki tizzalab o‘tirganingizga yordam berishni yoki qo‘ltiqlab olishni so‘rashingiz mumkin;
Tug‘ruqxonada sizga dalda beradigan odamlar: qo‘llab-quvvatlashi, ko‘nglingizni ko‘tarishi, qatiy bo‘lishi kerak. Eng muhimi, ular sizga diqqat-etibor bilan qarashi kerak, vaholanki siz tug‘ruq jarayonini boshingizdan o‘tkazayapsiz!
Tug‘ruq
Bachadon bo‘yni to‘la ochilganda yoki kamida 10 santimetrga kengayganda siz tug‘ishga tayyor bo‘lasiz. Bolani boshi tosga chuqurroq o‘rnashgani sari kuchli bosim sezasiz. Qattiq kuchanish ana shu paytda boshlanadi. Bachadon o‘z-o‘zidan taranglashadi, kuchanganda va bo‘sh qo‘yganda bolani tashqariga itara boshlaydi.
Bola tug‘ilishi yigirma daqiqadan besh soatgacha davom etishi mumkin. Bachadon qisqarishi orasida dam olish va kuchanish kelganda kuchanish quvvatni saqlashga yordam beradi. Odatda bu jarayon asta-sekin o‘tadi. Ko‘p hollarda bolaning boshi bachadon qisqarganda pastga, keyin yana orqaga harakatlanadi. Bolaning boshi tug‘ilish yo‘lining oxiriga kelganda jinsiy oraliq asta-sekin ochiladi. Dastlab bolaning boshi ko‘rinadi.
Ba’zida esa bola odatdan tashqari holatda bo‘lishi va dumba bilan kelishi mumkin. Bola navbatdagi bachadon qisqarishidan oldin yoki keyin tug‘iladi. Ba’zan, bosh ko‘ringandan so‘ng bolaning butun tanasi o‘zi ham birdaniga chiqib ketadi, ba’zan esa, asta-sekin chiqa boshlaydi.
Bola tug‘ilishi bilanoq uni ko‘lingizga olib, o‘zingizga yaqin tuting, Bunda u tanangizga tegib tursin, isingizni hidlasin, ovozingizni eshitsin, sizni va atrofingizdagi odamlarni ko‘rsin. Bolangizni silang va u bilan gaplashing, bolangiz to‘g‘ilgandan keyingi vaqtdan zavqlaning.
Bolangiz tug‘ilganidan so‘ng uni bir yoki ikki soat ichida emizing. Chaqaloq birinchi ko‘krak suti yoki o‘g‘iz suti bilan birga uning tarkibidagi har xil kasalliklardan himoya qiluvchi zarur vitamin va oziq moddalari oladi. Chaqaloqlarda tug‘ma so‘rish refleksi bo‘lib, ularni emizish xohlash darajasi va emishni boshlash uchun ketadigan vaqt turlicha bo‘ladi. Bola ko‘kragingizga o‘rganishi uchun unga biroz vaqt bering.
Bolang‘iz tug‘ildi! Uni ilojingiz boricha sog‘lom va xavfsiz tug‘dingiz! Endi siz bolangizning kundalik faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lasiz, turli sarguzashtlarni boshdan kechirasiz va ona bo‘lish quvonchi va tashvishlaridan bahramand bo‘lasiz.
Manba: Tib.uz