Sog'lom oila - sog'lom kelajak

Mutaxassis javob beradi: TORCH, orgazm, yoʻldoshining erta yetilishi, bachadon miomasi

SAVOL: Assalom alaykum, men 28 yoshdaman, uylanganimga 2 yildan oshdi. Shu vaqtgacha xotinimning 2 marta homilasi tushdi. 2 oylik boʻlib TORCH infeksiyaga toʻliq davolandik. Afsuski, vrachlar yana homila nobud boʻldi, deyishyabdi. Men tekshiringanimda varekosele aniqlandi, sperma foizi 45%, xotinimda ikki shoxli bachadon deyishdi. Maslahat bering, qanday yoʻl tutaylik. Oldindan rahmat.

JAVOB:  Homiladorlik kechishida TORCH infeksiya roli katta. TORCH infeksiya oʻz-oʻzidan tuzalib yoʻqolib ketmaydi. Homiladorlikdan avval TORCH boʻyicha davolanib, infeksiyani “uyqu” holatiga keltirib olish kerak. Homila tushib qolishida spermogramma koʻrsatkichlari aloqadormi bilmadim, har holda bu boʻyicha bizda maʼlumot yoʻq. Spermogrammadagi 45% nimaligi bizga qorongʻu. Homila tushib qolishi faqat, TORCH infeksiyalargagina bogʻliq emas. Boshqa sabablari ham koʻp. Homila tushib qolishiga varikotsele aloqasi bor deb oʻylamayman.

Ikki shoxli bachadon boʻyicha tavsiyani ginekolog bersa maʼqul. Shoxli bachadon homila tushib qolishiga sabab boʻlishi mumkin. Bu ikki shoxli bachadon qanday shakli borligiga bogʻliq. Koʻpincha shoxli bachadon bilan ham homiladorlik yaxshi kechishi mumkin.

Tavsiyamiz, agar ayolda ikki shoxli bachadon boʻlsa va u toʻla ikki shoxli shaklda boʻlsa, ginekolog bilan maslahatlashgan holatda operatsiya qilish lozimdir. Buni ginekolog koʻrigida maslahatlashing.

© Abdulxayev Fayzullo. Urolog.


 

SAVOL: Assalom alaykum, orgazm paytida qaysi gormonlar ajraladi. Shu gormonlarning organizmga, hayzga taʼsiri bormi yaʼni hayzni koʻpaytiradimi yoki aksincha. Rahmat.

JAVOB: Orgazm vaqtida ayollarda estrogen, prolaktin va okstotsin ishlab chiqariladi. Jinsiy aloqaning hayz sikliga sezilarli taʼsiri yoʻq. Agar ayol birinchi marta jinsiy aloqaga kirishayotgan boʻlsa, psixogen tarzda hayz buzilishi kuzatiladi. Lekin jinsiy aloqa endorfinlar ajralib chiqishi hisobiga ayolning immunitetini oshiradi, ogʻriq sezishini pasaytirali va kayfiyatini yaxshilaydi.

© Yoqubjonov Xurshidbek, ginekolog.


 

SAVOL: Assalom alaykum, homila yoʻldoshining erta yetilishi haqida maʼlumot berib oʻtsangiz, iltimos. Bunda qanday chora koʻrish lozim? Javobingiz uchun rahmat.

O‘QING:  Tug'ish kalendari: Tug'ruq kunini aniqlash usullari

JAVOB: Yoʻldosh yetilishining 4 ta darajasi bor. Homiladorlikning 30 hafta muddatgacha 0-daraja. 24-34 haftada 1-daraja, 34-39 haftada 2-daraja va 37 haftadan soʻng 3-daraja boʻladi. Yoʻldoshning erta yetilishini UTTda tashxis qoʻyish mumkin. Yoʻldoshning erta yetilishiga bir qancha sabablar bor. Masalan, chekish va alkogolli ichimliklar ichish, infeksion omillar, avvalgi homiladorlikda abortlar, gestoz, endokrin kasalliklar, koʻp homilalilik va boshqalar. Yoʻldoshning erta yetilishida har doim ham yoʻldosh yetishmovchiligi boʻlmasligi mumkin. Shu sababli tekshiruvlarni yakuniga yetkazish kerak. Yoʻldosh yetishmovchiligi 50-70% hollarda erta tugʻish xavfi, 32% gestoz, 25-45% boshqa kasalliklar bilan birga uchraydi. Homilaga kislorod borishi buzilishi sababli homilaning gipoksiyasi rivojlanishi mumkin. Shu sababli ushbu holatda vrachingizga murojaat eting.

© Yoqubjonov Xurshidbek, ginekolog.


 

SAVOL: Yoshim 25 da. Bir yil avval shifokorlar menga bachadon miomasi tashxisini qoʻyishgandi. Keyin uni jarrohlik yoʻli bilan bir tomondagi tuxumdonim bilan birga olib tashlashdi. Shundan beri hayz koʻrmayman. Shifokor koʻrigidan oʻtdim. Aytilgan davolash kurslarini oldim. Lekin natija boʻlmayapti. “Hayz koʻrmagan ayol farzandli boʻla olmaydi”, deyishadi. Men shundan xavotirdaman. Menga qanday maslahat berasiz?

JAVOB: Odatda, mioma yoshi katta ayollarda uchraydi. Sizning yoshingizda esa kamdan-kam hollarda duch kelinadigan holat. Mioma rivojlanishiga yetarlicha sabab boʻlgan, albatta. Masalan, oʻsmirlikda hayzning ogʻriqli kelishi yoki koʻp qon yoʻqotish kasalliklarning rivojlanishiga muhit yaratadi. Qolaversa, organizmdagi gormonal bezlar faoliyatining oʻzgarishi va boʻqoq xastaligi uni yuzaga keltiradi. Sizga maslahatim, yana bir bor ginekolog, endokrinolog tekshiruvidan oʻting. Gormonal disbalans yuzaga kelgan boʻlsa, uni darhol davolash zarur. Tuxumdonlarning biri olib tashlansa, ikkinchisi yordamida homilador boʻlish mumkin. Lekin baʼzi hollarda birgina tuxumdon ishlab chiqarayotgan gormon bachadon vazifasini toʻliq bajara olmaydi. Sizda ham xuddi shunday. Gormonlar hayz alomatlarini belgilayotgani sabab ogʻriqlar yuzaga keladi. Ammo ular hayz kelishini taʼminlashga ojizlik qilmoqda. Hayz sikli bir maromda boʻlishi uchun endokrinolog shifokor qondagi gormonlar miqdorini aniqlab olishi va tahlillarga koʻra davo choralarini olib borishi lozim.

O‘QING:  Balog‘at yoshidagi qizlar salomatligi va xatarlar (Ota-onalar uchun)

© Rayhon Salomova, ginekolog.

Ushbu mavzu yuzasidan savollaringiz bormi? Unda savollaringizni quyida "Fikr bildirish" qismi orqali yozib qoldiring. Dolzarb va muhim savollarga shifokor ekspertlarimiz javob berishadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.