Соғлом оила - соғлом келажак

Nikohlanishdan oldingi tibbiy ko‘rikdan muddao nima?

Yoshlar o‘z nikohlarini qonunlashtirish uchun dastlab, fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish idorasi (FHDYO)ga ariza beradilar. Ariza berilgan kundan boshlab, bir oy muddat belgilanadi. Shu jarayonda o‘ylamasdan, bir-birlarini yaxshi bilmasdan shoshilinch nikohlanishning oldi olinadi, nikohga monelik qiladigan holatlar bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rishga vaqt beriladi. Yoshlar bu vaqt ichida aniq bir to‘xtamga keladilar.

tibbiy ko‘rik

Bo‘lajak kelin yoki kuyovda ma’lum nuqsonlar borligi va oilada sog‘lom farzandning tug‘ilishi uchun to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etish, ayniqsa, sog‘lom oilani shakllantirish, irsiyatga bog‘liq va tug‘ma kasalliklarga chalingan bolalar dunyoga kelishining oldini olish maqsadida yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari belgilab qo‘yilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi, 17-modda).

Tibbiy ko‘rik o‘tkazilishidan ko‘zda tutilgan maqsad quyidagilar:

  • Nikohlanuvchilarning o‘z sog‘liqlari haqida to‘la ma’lumotga ega bo‘lishlari.
  • Farzand ko‘rishga layoqati bor-yo‘qligini aniqlash.
  • Tug‘ilajak farzandlar irsiy va jismoniy nuqsonsiz bo‘lishiga erishish.
  • Yigit bilan qizda hayot uchun xavfli kasalliklar aniqlansa, nikohgacha ularni davolash va darddan forig‘ bo‘lishlariga imkon yaratish.
  • Nikohdan keyingi kasalliklar (bepushtlik, kasallik asorati tufayli, bo‘lg‘usi ota yoki onaning hayotiga xavf soluvchi holatlar, nogiron bola tug‘ilishi)ning oldini olishdan iborat.

Yoshlar ariza topshirishgach, yo‘llanma bilan o‘zlari yashayotgan hududdagi tibbiyot muassasalariga yuboriladilar. Ular ruhiy, narkologik, tanosil kasalliklari va sil xastaligi hamda OITS (SPID) bor-yo‘qligini aniqlash maqsadida tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart. Bu bilan kelgusida nogiron farzand tug‘ilishining oldi olinadi.

Bo‘lg‘usi kuyov yoki kelin tanosil kasalligi yoki immunitet tanqisligi virusi (OIV) borligini yashirsa, bundan xabar topgan yigit yoki qiz sudga murojaat etgan holda nikoh haqiqiy emas, deb topiladi. (O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi, 49-modda).

Tibbiy ko‘rik nafaqat oila poydevori mustahkam bo‘lishiga imkon yaratadi, balki yoshlar sog‘ligini har tomonlama to‘la kafolatlaydi.

Barcha FHDYO idoralari qoshida “Yosh oila maktabi” tashkil etilgan. Ularda bo‘lg‘usi oilaning sog‘lom hayot kechirishi va uchrashi mumkin bo‘lgan turli kasalliklarning oldini olish borasida yoshlarga tushuntirish ishlarini olib borish yo‘lga qo‘yilgan. Xullas, sog‘lom avlodni dunyoga keltirish va voyaga yetkazishdek o‘ta mas’uliyatli vazifaning bajarilishiga hamma o‘zini mas’ul deb bilsa, jamiyatimizning ma’nan va jismonan sog‘lomligi ta’minlangan bo‘lur edi.

Mutaxassis: Dilafro‘z QURBONOVA,

Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya

ilmiy-amaliy tibbiyot markazining ilmiy xodimi,

o‘smirlar ginekologi.