Соғлом оила - соғлом келажак

Nikohdan oldingi tibbiy ko‘rik shartmi?

Afsuski, bugungi kunga kelib, bu udum biroz zaiflashib qolganday. Negaki, ba’zi oilalar kelin olayotganda yoki qiz uzatayotganda yigit yoki qizning tag-tugi, nasl-nasabiyu salomatligi, oila qurishga nechog‘li tayyor ekanligiga ahamiyat qaratmay, sep-sidirg‘asi, quda bo‘lmishning hashamdor hovlisiyu qo‘sha-qo‘sha mashinalariga mahliyo bo‘lib qolmoqda. Ming achinarlisi, buning natijasida ma’lum vaqt o‘tib, ular afsus-nadomat chekib qolmoqdalar.

Nikohdan oldingi tibbiy ko‘rik shartmi?

Tibbiy ko‘rikdan o‘tishga befarq bo‘lmang!

Ayni paytda nikohni qayd etishdan avvalgi tibbiy ko‘rikdan o‘tish zarurligi haqida ko‘p gapirilmoqda. Aksariyat fuqarolar bu masalaga jiddiy yondashmoqda. Biroq haligacha tibbiy ko‘rikka panja orasidan qarayotganlar ham oz bo‘lsa-da uchrab turibdi. Bu esa jamiyatimiz oldida turgan muammolardan biridir. Biz quyida tibbiy ko‘rik, uning ahamiyati va roli xususida fikr yuritamiz.

Mavzu yuzasidan FHDYO bo‘limi mudirasi Irodaxon Ergasheva o‘z fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi:

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi 365- sonli “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad – irsiy va nasliy kasalliklarning oldini olish, oilada sog‘lom muhitni qaror toptirish. Ming afsuski, ayrim ota-onalarning o‘z farzandlari sog‘ligiga, taqdiriga befarqligi yuragimni zirqiratadi. Masalan, faoliyatimiz jarayonida shunday holatlar bo‘ladiki, unda nikohni rasman qayd etishga vijdonimiz yo‘l bermaydi. Lekin shunday paytlarda ba’zi ota-onalarning fikriga qarshi borolmay qolamiz. Yaqindagina ana shunday holatga duch keldik.

Kuyov bo‘lmish yigit Rossiya davlatida ishlab, u yerdan yuqumli kasallik orttirib olganligi, hozirda u davolanishning yakuniy bosqichda ekanligi tibbiy ko‘rik jarayonida aniqlandi. Biz qiz va yigitning ota-onasini chaqirtirib, vaziyatni tushuntirdik. Biror muddat to‘yni to‘xtatib turish kerakligi, kasallik asoratlariga to‘la barham berilmasa, kelinga ham yuqib qolishi mumkinligini aytdik.

Kuyov tomon to‘yni qilmasak bo‘lmaydi, degan qat’iy fikrni aytdi. Kelin tomon esa: “To‘y kuni belgilangan, to‘yxona band etilgan, mehmonlarga taklifnomalar tarqatilgan, seplar yoyilib, kuyov uylari bezatilgan, endi to‘y qoldirildi desak, odamlar nima deb o‘ylaydi, qizim qanday ahvolga tushadi?!” degan mulohazani bildirdi.

Tomonlar kelin va kuyov shifokor nazoratiga tez-tez kelib turishiga kelishib, to‘yni to‘xtatmaslikka qaror qildilar, nikoh rasman qayd etildi. So‘rab-surishtirsak, yigit uzoq yillar Rossiyada yurgan, toparman-tutarman, yosh bo‘lsa-da, shaxsiy mashinasi, alohida uchastkasi bor ekan.

Faoliyatimizda oz bo‘lsa-da, bunga o‘xshash holatlar duch kelganimizda ko‘ra bila turib, o‘z farzandini chohga itarayotgan ota-onalardan qattiq xafa bo‘lamiz. Axir dabdabali to‘y, mashina, dang‘illama uchastka farzandini baxtli qilolmasligini, bunday noxush holatlar farzandining salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, buning ortidan u qanchalar aziyat chekishi mumkinligini ota-ona qachon anglab yetar ekan degan savolga javob topishga qiynalamiz.

… Yana ba’zi bir kimsalar allaqachon shar’iy nikoh bilan oila qurishgan, yetti-sakkiz oy yashab qo‘yishgan, kelin homilador, erta-indin ko‘zi yoriydi, chaqalog‘iga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olishi kerak bo‘lgani uchun ham nikohini rasmiy qayd etish uchun ariza berishadi. Bunday holatda ham biz, albatta, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun yo‘llanma beramiz. Achinarli tomoni shundaki, ba’zi hollarda kelin-kuyovlarda turli xastaliklar mavjudligi aniqlanadi. Bu vaziyatda kelin yoki kuyov uchun orqaga yo‘l yo‘q.

Kelin homilador, otasi yoki onasida kuzatilgan kasallik homilaga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Ana shunday noxush holatlarning oldini olish uchun biz imom-kotiblari bilan hamkorlikda ish olib boramiz.

Hozirgi kunda yoshlar to‘y oqshomida nikoh guvohnomasini qabul qilishlari odat tusiga kirgan. Shu sababli yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tgach, natijalari bilan tanishganimizdan so‘ng ularga shar’iy nikoh o‘qitish uchun maxsus ma’lumotnoma beramiz.

To‘g‘ri, o‘ziga bildirilgan ishonchni suiste’mol qilib, ayrim shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rik natijalarini ko‘r-ko‘rona, yolg‘on-yashiq bilan to‘ldirib berish holatlari ham uchrab turadi. Qiz uzatgan ota-onalar ostonamizga bi kelib: “Kuyov kasal ekan, yashirishgan ekan, endi qizimizni u bilan yashattirmaymiz” deb, o‘g‘il uylantirganlar: “Kelin kasalmand ekan, bizni aldab dardmand qizlarini berishibdi”, deb kelgan paytlari ham bo‘lgan. Bunday holatlarning ro‘y bermasligi uchun nikohlanuvchi shaxslar, albatta, tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari lozim.

Shu o‘rinda fuqarolarimiz, yangi hayot ostonasida turgan yoshlarimizga murojaat etib aytmoqchimanki, hech qachon o‘zingiz va yaqinlaringiz hayoti, sog‘ligiga befarq bo‘lmang. Unutmang, oila a’zolaringizning sog‘lomligi – mustahkam oilaning asosini tashkil etadi.

Tibbiy ko‘rik natijalari sir tutiladi

Fuqaroligidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi FHDYO idoralari tomonidan nikohi ro‘yxatdan o‘tkaziladigan barcha fuqarolar Oila Kodeksiga muvofiq belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Tibbiy ko‘rik natijalari esa sir tutiladi. Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad – oilada sog‘lom muhitni shakllantirish, irsiyat bilan bog‘liq va tug‘ma kasalliklarga chalingan bolalar tug‘ilishining oldini olishdan iborat.

Tibbiy ko‘rik jarayonida yoshlarning biri yoki ikkovida ham kasallik aniqlangan holatda ularning o‘zlariga, ota-onalariga va nikohni qayd etuvchi muassasa mutaxassislariga tegishli tartibda ma’lum qilinadi. Ya’ni, tibbiy ko‘rik natijalari sir tutiladi.

Zurriyotlarimiz salomatligiga e’tibor

Andijon shahridagi “Qora qo‘rg‘on” jome’ masjidi imomi Zuhriddin Musajonov mavzu yuzasidan shunday deydi:

– Oila qo‘rg‘onining poydevori, uning mustahkam qal’asi, er-xotinni mahkam bog‘lovchi rishtasi nikohdir. Nikoh insonlar jamiyatida eng muqaddas kelishuv hisoblanadi. Chunki hayotda halol va haromni ajratish, er-xotinning haq-huquqlariga rioya etish, oila tuzish, inson naslining davomiyligini ta’minlash, yosh avlod tarbiyasi nikohga bog‘liq masalalardir.

Oila mustahkamligi, kelin-kuyovning baxtli, tug‘ilajak zurriyotlarning sog‘lom bo‘lishini o‘ylab nikoh oldidan kelin-kuyovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishlikning joriy etilgani davlatimiz tomonidan qilinayotgan xayrli, juda zarur va o‘rinli ishlardan biridir.

Har bir ota-ona ne-ne umidlar bilan turmushga uzatgan qizining turmush o‘rtog‘i yoki olgan kelini bedavo dardga yo‘liqqanini bilsa, qay ahvolga tushishini bir o‘ylab ko‘ring.

Ana shunday ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish, oila va farzandlar iqbolini o‘ylab, sog‘lom oila va turmushni barpo etish maqsadida joriy etilgan bu tadbirning kelin-kuyovga ham, ularning yaqinlariga ham faqat foydasi bor.

Islom ta’limoti insonlarga faqat yaxshilikni istaydi va ularning bir-birlariga ozor bermasliklari tarafdoridir. Shunday ekan, avvalo farzandingizning sog‘ligiga alohida e’tibor qarating.

Shu o‘rinda turli noxushliklarning oldini olish maqsadida shar’iy nikoh o‘quvchi domla-imomlarning nikoh rasmiy qayd etganligini dalolat etuvchi guvohnomani ko‘rib, yoshlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganlariga ishonch hosil qilganlaridan keyingina nikoh o‘qishlari maqsadga muvofiqdir.

Sog‘lom, farzandlari baxtli odamning ko‘ngli xotirjam bo‘ladi. Xotirjam ko‘ngilga esa orzu-havas, to‘y-hasham, shodligu quvonch yarashadi. Buning uchun ham insondan e’tibor va o‘z sog‘ligiga mas’ullik talab qilinadi. Demak, baxtli, mazmunli va xotirjam yashashligimiz uchun, eng avvalo, sog‘lom turmush tarziga amal qilgan holda turmush kechirishimiz, sog‘ligimizga e’tibor qaratishimiz zarurligini aslo unutmaylik.

Jurnalist: Faxriddin IBAYDULLAYEV.

Manba: “Iqbol” gazetasi