Mastopatiya sut bezlari kasalliklaridan biri sanaladi. Bunda sut bezlarida har xil kattalikda “tuguncha” va fibroz to‘qimalar paydo bo‘ladi. Shu tugunchalar ushlaganda qo‘lga qattiq unnaydi, ba’zan og‘riqli, ba’zan og‘riqsiz kechadi. Hayz ko‘rishdan oldin yoki hayz ko‘rish davrida ko‘krak bezlari og‘risa va shishib, bezillab tursa, demak, bu ham mastopatiya alomatidir.
Mastopatiya ko‘proq yosh ayollarda uchrab, odatda ichki sekresiya bezlari faoliyatining buzilishi oqibatida vujudga keladi. Bu o‘zgarishlarga jinsiy a’zolarning turli yallig‘lanish kasalliklari, jinsiy hayot tartibining buzilishi sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, qalqonsimon bezlari va jigar kasallanishi mastopatiyani keltirib chiqarishi mumkin. Ruhiy iztiroblar, tushkunlik, biror narsadan qattiq tashvishga tushish ham bundan mustasno emas.
Ma’lumki, sut bezlari to‘qimasining tuzilishi va faoliyati ayol kishining yoshiga, bo‘yida bo‘lishiga, bolani emizishiga qarab o‘zgaradi. Bu o‘zgarishlar avvalo tuxumdonlar ishlab chiqaradigan gormonlar ta’sirida ro‘y beradi. Ayol bo‘yida bo‘lganida shu gormonlar ta’sirida bezsimon to‘qima shishadi, sut bezlari kattalashadi. Bola tug‘iladigan vaqtga kelib sut bezlarida uvuz suti, keyinchalik haqiqiy sut ishlab chiqariladi. Ayol ko‘zi yoriganidan so‘ng 10 12 oygacha va bundan ham ko‘p vaqt davomida ko‘kragiga sut kelib turadi. Ana shu muddat oxiriga kelib sut bezlari kichrayadi va sut ishlab chiqarilishi kamayadi. Shuni unutmaslik kerakki, ayol bolasini shu muddatda emizmasa, sut to‘planib qolib ko‘krak bezlarida og‘riq paydo bo‘ladi. Bu holat mastit yuzaga kelishi uchun asos sanaladi. Qattiq “tugunchalar” vaqt o‘tishi bilan kattalashadi. Ayniqsa, bola oldirgandan keyin bu jarayon tobora og‘irlashadi.
Tuxumdonlar faoliyatining buzilishi ham mastopatiyani keltirib chiqaradi. Natijada hayz ko‘rish tartibi o‘zgaradi. Shunisi muhimki, ginekologik kasalliklarni o‘z vaqtida davolatmagan ayollarning sut bezlarida mastopatiya uzoq vaqt davom etadi. Ba’zan to‘qimalarning kattalashishi xavfi bo‘lmaydi. Ayrim hollarda mastopatiya davolanmasa va uni keltirib chiqargan omillar kuchaysa u xavfli o‘smaga aylanib ketishi mumkin. Dardning qandayligini faqat oila shifokori bilan birga onkolog vrach aniqlaydi.
Mutaxassis: Lola Alimxo‘jayeva, onkomammolog.
Manba: Avitsenna.uz