Sog‘lom farzand – ota-ona quvonchi, baxti bo‘lish bilan birga, oilaning mustahkamligini ta’minlaydigan bebaho ne’matdir. Gapirish qanchalik noxush bo‘lmasin, nosog‘lom, nuqsonli farzand dunyoga kelishi natijasida yuzaga kelgan muammo va tashvishlar tufayli oila tinchligi, xotirjamligi buzilib, vaziyat hattoki ajrimlarga borib taqalayotgani bor gap. Jamiyatimizda ana shunday holatlarni oldini olish – oilada sog‘lom farzandlar tug‘ilishini nazorat qilish maqsadida skrining markazlari faoliyat yuritadi. Sahifamiz orqali bunday markazlarning faoliyati bilan yaqindan tanishib, skrining tekshiruvlari to‘g‘risida tegishli ma’lumotlarni taqdim etamiz.
Ona va bola skrining markazi qachon va nima maqsadda tashkil etilgan?
Ona va bola Skrining markazi 1998 yilda tashkil etilgan bo‘lib, markazning asosiy maqsadi tug‘ma nuqsonli yoki nogironlikka olib keladigan xastalikka ega bola tug‘ilishining oldini olish, ya’ni homilador ayollarda va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda yashirin kechuvchi kasalliklarni erta aniqlash hamda irsiy kasallik bilan tug‘ilgan bolalarga maxsus tibbiy-genetik xizmat ko‘rsatishdan iborat.
Izoh-fakt
Fenilketanuriya — ruhiy rivojlanish susayishiga olib keluvchi va nasldan-naslga o‘tuvchi tug‘ma modda almashinuvining buzilishidir. Kasallik belgilari asosan bolaning 2 6 oyligida namoyon bo‘ladi.
Gipoterioz – qalqonsimon bez gormonlarining yetarli darajada ishlab chiqilmasligi bilan xarakterlanuvchi kasallik. O‘z vaqtida aniqlanmasa va davo choralari ko‘rilmasa, og‘ir jismoniy nuqsonlarni keltirib chiqaradi va aqliy zaiflikka olib keladi
“Skrining” so‘zi (ing.t) “saralash” degan ma’noni anglatadi. Skrining tashxis — maxsus usullar yordamida kasallikni erta va tez aniqlash uchun aholini ommaviy tekshiruvdan o‘tkazish demakdir.
Zamonaviy tibbiy jihozlar va malakali xodimlarga ega bo‘lgan Skrining markazlari asosan uch yo‘nalishda ish olib boradi:
- Tug‘ruqqacha bo‘lgan davrda homilada rivojlanish nuqsonining oldini olish tadbirlarini o‘tkazish;
- Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni tug‘ma gipotireoz va fenilketonuriya kasalliklariga ommaviy skrining o‘tkazish;
- Irsiy va tug‘ma kasallik bilan tug‘ilganlarga hamda shunday farzandlari bor oilalarga tibbiy-genetik maslahat berish
Necha xil skrining tekshiruvi mavjud?
Skrining tekshiruvlar asosan ikki turda bo‘lib, bular – neonatal, prenatal va skrining tekshiruvlaridir.
Neonatal tashxis yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni ommaviy tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning o‘ziga xos turi bo‘lib, uning yordamida eng ko‘p tarqalgan irsiy va tug‘ma kasalliklar aniqlanishi mumkin. Neonatal skrining tufayli noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘ladigan turli xil xastaliklarni erta aniqlab davolash, nogironlikka olib keladigan bir qator xavfli kasalliklar rivojlanishining oldini olsa bo‘ladi.
Qon muddatiga yetib tug‘ilgan chaqaloqlardan hayotining 3-4 kuni, muddatiga yetmay tug‘ilgan chaqaloqlarda hayotining 7-10 kuni olinishi kerak. Agar qon ko‘rsatilgan muddatdan oldin olinadigan bo‘lsa, tahlil noto‘g‘ri chiqishiga sabab bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: Neonatal skrining davomida aniqlangan bemorlar (jumladan, virusli gepatit bilan og‘rigan va fenilketonuriya bilan kasallangan bolalar) skrining markazlarida dispanser ro‘yxatida turishadi. Ular dori-darmonlar va bepul davolovchi oziq-ovqatlar bilan ta’minlanadi.
Neonatal tashxis qachon va qanday o‘tkaziladi?
Yangi tug‘ilgan chaqaloqdan bir necha tomchi qon olib (tovonidan) maxsus qog‘ozga shimdiriladi. So‘ngra ushbu qog‘oz skrining markaziga yuboriladi. Bu yerda maxsus zamonaviy jihozlarda qon tahlili o‘tkaziladi. Agar bolada qon tahlilidagi o‘zgarishlar kasalliklarga gumon tug‘dirsa, ona va bola poliklinikaga yoki skrining markaziga qayta tekshirish uchun chaqiriladi. Faqat qonning qayta tahlili, mutaxassis ko‘rigi chaqaloqning haqiqatdan kasal va davolash kerakligini aniq aytib beradi.
Prenatal tekshiruvi nima uchun kerak?
Prenatal skriningda homilador ayol qoni tahlil qilinib, homilada chuqur rivojlanish nuqsonlari borligini aniqlash mumkin. Prenatal (tug‘ishdan oldin) tashxisning asosiy maqsadi ona qornida rivojlanayotgan bolaning sog‘lom rivojlanayotganligiga ishonch hosil qilish, tug‘ma rivojlanish nuqsonlari hamda nogironlikka olib keluvchi xastaliklarga ega bola tug‘ilishining oldini olishdan iborat. Homilador ayollarda prenatal tekshiruvlar uch marotaba – homila rivojlanishining 10-14, 16-20 va 28-32 haftalarida o‘tkaziladi.
Tug‘ruqqa qadar tekshiruvlardan quyidagi homiladorlar o‘tishi kerak
- Farzandi irsiy kasallik yoki tug‘ma rivojlanish nuqsoni bilan tug‘ilgan bo‘lsa.
- Homiladorlik bola tushishi, o‘lik tug‘ilish bilan kechgan bo‘lsa.
- Ota-onalarning birida irsiy kasallik aniqlansa.
- Qarindoshlik nikohida bo‘lganlar.
- Ayolning yoshi 18 yoshdan kichik, 35 yoshdan katta bo‘lsa.
- Kasbga bog‘liq zararli omillar ta’siri aniqlangan bo‘lsa (nurlanish).
- Homilaga ta’sir qiluvchi dori-darmon yoki kimyoviy vositalardan foydalanilganda.
- Homiladorda yuqumli kasalliklar – qizilcha, toksoplazmoz, xlamidioz, sitomegalovirus aniqlangan bo‘lsa.
- Erkak yoki ayolning narkotik, spirtli ichimliklar iste’mol qilishi yoki chekishi aniqlansa.
- Homiladorning endokrin kasalliklari – qalqonsimon bez hamda qandli diabeti bo‘lsa.
- Tug‘ma yurak illati va xromasoma sindromi mavjud bolalar tug‘ilish xavfi bor homilador ayollar (Daun sindromi va boshqalar.);
- Qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikoh (oilada genetik anomaliyasi mavjud holatlarda!);
Homilaning rivojlanish nuqsoni va irsiy kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tekshiruvlar qanday tartibda o‘tkaziladi?
Dastlab homilador ayol homiladorlikning 14 haftasigacha yashash manzili bo‘yicha poliklinika hisobida turishi kerak. Agar shifokor homila sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatuvchi omilni aniqlasa, homiladorga skrining markazida II bosqich tekshiruvdan o‘tishga yo‘llanma beradi. Skrining markazlarida homiladorlikning 16-20 haftalarida ultratovush va bioximiyaviy skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi. Bunda homilador ayol qonida maxsus biokimyoviy markerlar (alfafetoprotein (AFP) va xorion gonadotropin (XG) miqdori aniqlanadi. Agar homiladorda nuqsonli bola tug‘ilishi kuzatilsa, homilani to‘xtatish tavsiya etiladi.
Tibbiy – genetik maslahatlar …
Markaz faoliyatining uchinchi yo‘nalishi bo‘lgan TIBBIY-GЕNЕTIK MASLAHATLAR urug‘-aymog‘ida patologiyali qarindoshlari bo‘lgan ota-onalarda tug‘ma xastaliklar bor-yo‘qligini tekshirishni ko‘zda tutadi.Ya’ni tibbiy-genetik maslahat orqali irsiy kasallikka gumon qilinganlarga aniq tashxis qo‘yilib, kasallik nasldan-naslga qanday berilishi va uni oilada yana paydo bo‘lish xavfini aniqlash mumkin. Agar shifokor-genetik oilada irsiy kasallik mavjud, degan xulosaga kelgan bo‘lsa, keyingi farzandlarda kasallikning uchrash ehtimolini hisoblab, kerakli maslahatni berishi mumkin bo‘ladi.
Bilib qo‘ying!
Markaz shifokorlarining fikrlaricha, tug‘ma nuqson va irsiy kasalliklarga olib keluvchi omillar — qizlarni balog‘at yoshiga yetmay turmushga uzatish, tug‘ish yoshidagi ayollarning ginekolog tibbiy ko‘rigidan o‘z vaqtida o‘tmasligi, ekstragenital kasalligi bor ayollarning farzand ko‘rishlari, tug‘ruqlar o‘rtasidagi oraliqqa rioya etmaslik… Asosiy sabablardan biri esa qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdir. Chunki har bir bola o‘z genlarining yarmini onadan, yarmini otasidan oladi. O‘zaro qarindosh ota-onaning farzandlarida “kasallik” genlarining uchrash ehtimoli yuqori bo‘ladi. Chaqaloqning Daun sindromi bilan tug‘ilishi esa asosan onaning yoshi bilan bog‘liq. Yoshi o‘ttiz beshdan oshib farzand ko‘radigan ayollarning bolalarida ushbu kasallik ko‘p uchraydi. Insondagi barcha genlarni aniqlash imkoni yo‘q. Hozirgi vaqtda 3500 ga yaqin irsiy-genetik nuqsonlar aniqlangan bo‘lib, bunday kasalliklarning aksariyati bolalik davrida ko‘zga tashlanadi.
Fakt: hozirgi vaqtda 3500 dan ziyod irsiy va tug‘ma kasalliklar ma’lum bo‘lib, bunday xastaliklarning ayrimlari bolalik davrida aniqlanar ekan. Ba’zi irsiy kasalliklar nasldan-naslga, ya’ni ota yoki onadan farzandlariga o‘tsa, ayrim kasalliklar tashqi ko‘rinishidan sog‘lom bo‘lgan ota-onaning farzandlarida (kasallik yashirin irsiylanganda) ham aniqlanadi.
Sizga ma’lumot o‘rnida Respublikamizdagi markaziy “Ona va bola” skrining markazining manzili va ma’lumotlarini keltirmoqdamiz.
“Ona va bola” Respublika skrining markazi. Manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahri 100140, Yunus-Obod tumani, Bog‘ishamol ko‘chasi, 5- tor ko‘cha, 3 -uy. Mo‘ljal: Toshkent tibbiyot pediatriya instituti. Indeks: 100140 Telefon: +998 (71) 260 28-46 Skrining markazining tashkiliy tuzilmasi Respublikaning barcha hududlarida mavjud.
Manba: Avitsenna.uz