Bepushtlik sabablarini aniqlashda eng dastlabki, boz ustiga, qilinishi shart bo‘lgan qadamlardan biri — er-xotinning biologik mos yoki mosmasligini tekshiruvchi testlar, afsuski, amaliyotda kam qo‘llaniladi. Vaholanki, o‘tkazilishi ham oson, bahosi ham qimmat bo‘lmagan ushbu tekshiruv bepushtlik deya nomlangan “dushman qal’a”sini ishg‘ol etib, sizning ham xonadoningizga, turmushingizga farzanddek yorug‘lik baxsh etuvchi “ochuvchi kalit” bo‘lishi mumkin.
Bu tekshiruv nima uchun kerak?
Normal holatda ayollarning bachadon bo‘ynida shilliq bo‘lib, tibbiyotda uni servikal shilliq deya nomlashadi. U jinsiy yaqinlikdan so‘ng ayol qiniga tushgan spermatozoidlarni tozalab, saralab, eng sog‘lom, urug‘lantirishga qobillarini bachadonga o‘tkazishga xizmat qiladi. Ayrim ayollarda ana shu shilliqning biologik tabiati o‘z juftining spermatozoidlariga mos kelmagani tufayli bachadon bo‘yniga kelgan urug‘larni “o‘ldiradi”. Urug‘lantiruvchi spermatozoid bachadonga o‘ta olmagach, o‘z-o‘zidan homiladorlik ham yuzaga kelmaydi.
Mos kelmaslik kasallikmi?
Ayollardagi ushbu holat kasallik emas va mabodo juftlik bir-biriga biologik mos emasligi aniqlansa ham, ularda homiladorlik yuzaga kelishini ta’minlaydigan zamonaviy reproduktiv usullar bor. Shuning uchun bir yil davomida kontratseptiv vositalarni qo‘llamagan holda uzluksiz ravishda birga yashayotgan juftliklar farzandli bo‘la olmayotgan bo‘lsa, boshqa tahlil va tadqiqotlar qatorida biologik mosliklarini tekshiruvchi test ham topshirishlari shart.
Tayyorgarlik jarayoni
Ayol va erkak Shuvarskiy va Kursrok-Miller probalari olish uchun quyidagicha tayyorgarlikdan o‘tadi:
- Ayol va erkakning bepushtlikni keltirib chiqaruvchi bir qator omillari o‘rganiladi, iloji boricha bartaraf etiladi.
- Eng kamida 2 kun jinsiy yaqinlikda bo‘lmaydi.
- Agar tahlil koitusdan keyin olinadigan bo‘lsa, ayolga gigiyenik yuvinish, vanna qabul qilish ta’qiqlanadi.
Ovulyatsiya kunini aniqlashtirish talab etiladi. Chunki urug‘lanish uchun eng maqbul kunda bachadon bo‘yni shillig‘i o‘z xususiyatini o‘zgartiradi.
Tahlil qanday o‘tkaziladi?
Bunday tekshiruv postkoital testlar deb yuritilib, mamlakatimizda Shuvarskiy va Kursrok-Miller probalari o‘tkaziladi. Shuvarskiy probasi ayolda ovulyatsiya yuz berish ehtimoli bo‘lgan kunlarda, iloji boricha turli usullar bilan ovulyatsiya kunini aniqlab o‘tkaziladi. Buning uchun juftlik 3-4 kun jinsiy yaqinlikdan saqlanishi kerak. Proba uchun bachadon bo‘yni kanalidan ingichka shpris yordamida tahlil olinadi. Tahlil topshirilayotgan vaqtdan 2 soat oldin koitus (jinsiy aloqa) amalga oshirilganidan keyin paydo bo‘ladi. Bu usul in vivo, ya’ni “bachadon ichida” degan ma’noni anglatadi.
Shuningdek, in vitro (“bachadondan tashqari”) degan usul ham bo‘lib, yuqoridagidan birgina farqli jihati — ingichka shpris bilan bachadon bo‘ynidan shilliqning o‘zi va erkak topshirgan shahvat namunasi oynacha ustida qo‘shilib, 2 soat davomida (shahvat qinda 2 soat ichida nobud bo‘ladi)mikroskop ostida kuzatiladi.
Natijalar
Har ikkala usulda ham uch xil natija ko‘rsatiladi. Bular:
- Ijobiy. Bunda spermatozoidlar bachadon bo‘yni shillig‘idan o‘tadi va urug‘lantirishga qobillari “tirik” saqlanadi, harakatchan bo‘ladi.
- Ijobiy, ammo sust. Bunda shilliqdan o‘tgan spermatozoidlar “tirik”, ammo harakatsiz bo‘ladi.
- Salbiy. Bunda bachadon bo‘yni va spermatozoidlar oralig‘ida buzib bo‘lmas “devor” ko‘rinadi. Spermatozoidlarning birortasi ham bachadonga o‘ta olmay, nobud bo‘ladi.
Ana shu uchinchi holat juftlikning bir-biriga biologik mos kelmasligini bildiradi.
Unda nima qilamiz?
Agar anchadan buyon bepushtlikdan aziyat chekayotgan ammo biologik moslikka o‘tkaziladigan probalar salbiy natija berishidan qo‘rqayotgan bo‘lsangiz, fobiyangiz o‘rinsiz. Demoqchimizki, bu hech qanday kasallik yoki patologiya emas, shunchaki o‘z nomi bilan mos kelmaslikdir. Ammo tushkunlikka o‘rin yo‘q. Sababi biologik nomutanosiblik aniqlangan taqdirda ham inseminatsiya deb nomlangan qo‘shimcha sun’iy urug‘lantirish usullari borki, uning yordamida siz bilan “mos bo‘lmagan” juftingizdan farzand ko‘rish imkoni bor. Mazkur usul bachadon shillig‘ini chetlab o‘tgan holda laboratoriya sharoitida bachadon ichiga shahvat quyishni anglatadi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Jinsiy aloqadan so‘ng darrov uxlab qolaman. Bu kasallik emasmi?
Ekspert: Iroda MAHMUDOVA, ginekolog-reproduktolog.
Jurnalist: DILAFRO‘Z
Manba: Darakchi.uz