Erkaklar bepushtligini aniqlashda eng qo‘l keladigan uslub – shahvat suyuqligini laborator tekshiruvdan o‘tkazish hisoblanadi. Maniy, ya’ni eyakulyatni makroskopik, mikroskopik, biokimyoviy va immunologik tekshirish erkak kishining farzandli bo‘la olish imkonini oydinlashtiradi. Turmush qurilgandan so‘ng 6 oydan 1 yilga qadar vaqt ichida homiladorlikka qarshi vositalar qo‘llanilmay, muntazam jinsiy hayotda yashalsa-yu, homila paydo bo‘lmasa, erkak shahvat suyuqligi tekshiruvdan o‘tkazilishi shart.
Eyakulyat tekshiruviga tayyorgarlik tartibi
Eyakulyat tekshiruviga jahd qilinishidan oldin bir hafta davomida kimyoviy dorivorlar iste’mol qilmaslik, spirtli ichimliklar qabul qilmaslik shart. O‘rtacha 4-5 kun davomida (kamida 3 kun, ko‘pi bilan 7 kungacha) jinsiy aloqadan tiyilib turilish lozim. Agar ushbu tiyilish fursati davomida jinsiy aloqa qilinmasa-da, ammo ehtilom yoxud kaftaki ro‘y berib qolsa ham eyakulyat tahliliga salbiy ta’sir etadi. Ayrim yigitlar tiyilish kunlarida ehtilom bo‘lib qolayotganligidan shikoyat qilishadi. Ularga ota-bobolarimiz tomonidan sinalgan va ulamolar e’tirof etishgan tavsiyani bergan bo‘lardik. Qarangki, uyquga yotish oldidan “Toriq” surasini o‘qish ehtilomni bartaraf etarkan.
Shahvat suyuqligini olish tartibi
Albatta, kishi o‘z rafiqasi bilan xotirjam qovushgandagina eyakulyatni mukammal, to‘kis olish mumkin. Ammo bir xonadonda bir necha oila qo‘nim topgan yurtimiz sharoitida qovushish kechasi, laboratoriyalar esa kunduzi ishlashi muammo tug‘diradi. Shu bois, ko‘plab kishilar eyakulyatni laboratoriyaga topshirishda kaftaki, ya’ni qo‘l yordamida istimno qilishga majburdirlar. Ayrimlar esa azil qilib, ya’ni jinsiy aloqani intiho arafasida bo‘lib to‘xtatib, maniyni maxsus idishga solib tahlilga topshirishadi. Bu maqsadda xorijliklar olatni vibromassaj qilish yoxud orqa miyadagi eyakulyatsiya markazini ortga tiqilgan elektrodlar yordamida ta’sirlantirish kabi uslublardan ham foydalanishni afzal ko‘rishadi. Umuman, eyakulyatni olishda quyidagilarga ahamiyat berish lozim:
1. Eyakulyat olish uchun 25-50 ml sig‘imdagi maxsus shisha idishchadan foydalanish lozim. Idish yuvilgan, qaynatilgan va quritilgan bo‘lishi shart. Penitsillin kabi dorivorlarning idishchalari kichik va shahvatni unga to‘kishda qiyinchilik tug‘iladi.
2. Rezina kondom, ya’ni prezervativlarga urug‘ suyuqligini to‘kib, keyin shisha idishga solish aslo yaramaydi. Chunki zamonaviy prezervativlarda spermatsid – urug‘ o‘ldirish xususiyati mavjudligi aniqlangan.
3. Urug‘ suyuqligi idishga to‘liq tushirilishi shart. Chunki shahvat oldi va oxiridagi suyuqlik ham o‘ziga xos laborator ahamiyatga ega.
4. Olingan urug‘ suyuqligi yarim soat (uzog‘i bilan 45 minut) ichida laboratoriyaga yetkazilishi lozim. O‘ta issiq, yoki aksincha, sovuq harorat spermatozoidlar harakatchanligiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Agar urug‘ suyuqligi uy sharoitida olingan bo‘lsa, idishni o‘rab, iliq holda laboratoriyaga yetkazish va shu zahotiyoq qin haroratidagi termostat ichiga qo‘yish zarur. Agar urug‘ suyuqligi yo‘lda sovuqda qolsa, laboratoriyada uning ustiga 5 foizli glyukoza iliq suyuqligi qo‘shiladi yoxud yengil ilitiladi.
Shahvat suyuqligini makroskopik, ya’ni ko‘z yordamida tekshirishda quyidagilarga ahamiyat beriladi:
Eyakulyat miqdori
O‘rtacha 2-5,0 ml bo‘lishi lozim. Uning 1 mldan kam bo‘lishi bezlar faoliyati – androgen yetishmovchiligidan darak beradi. Agar miqdor 7,0-8,0 ml (5,0 dan ancha ko‘p bo‘lsa) bo‘lsa, urug‘ suyuqligi tarkibida yallig‘lanishga xos mahsullar – ekssudat yoxud yiring kabilar qo‘shilib qolganligini anglash mumkin.
Shahvat suyuqligi rangi
Loyqalangan-sutsimon bo‘lib, nurda jilokor yaltirashi spermatozoidlarning ko‘p miqdordaligidan dalolatdir. Agar urug‘ suyuqligi tarkibida spermatozoid hujayralari kamroq bo‘lsa, u zangori-tiniqroq tusda bo‘ladi. Eyakulyat tiniq-shaffof rangda bo‘lsa, unda spermatozoidlarning nomavjudlik holati – azoospermiya ro‘y bergan bo‘lishi mumkin. Maniyning kulrang-sarg‘imtir tusda bo‘lishi – piospermiya, ya’ni urug‘ suyuqligiga yiring elementlari ya’ni, leykotsitlar aralashishi natijasidir. Bu hol prostata bezi, urug‘ pufakchasi kabi jinsiy a’zolarda yallig‘lanish bo‘lsa ro‘y beradi. Urug‘ qizg‘imtir, ya’ni qon aralash bo‘lsa, bu hol prostata bezi, urug‘ pufakchalari yoki do‘mboqchasi kabi a’zolarning granulyatsiyalangan yallig‘lanish xastaliklariga yoki o‘sma kasalliklariga chalinganidan dalolat bo‘lishi mumkin. Ammo jinsiy munosabat paytidagi shikastlar yoxud o‘ta zo‘riqish ham eyakulyatda qon paydo qilishi mumkin.
Urug‘ suyuqligining hidi
O‘ziga xos, xom kashtan gullaridek bo‘y beradi. Agar vujuddan yangi olingan eyakulyatda ushbu hid bo‘lmasa, prostata bezi sekreti tarkibida spermin yo‘qligidan, ya’ni ushbu bezda dard mavjudligidan dalolatdir. Agar urug‘ chiqaruv yo‘llarida yiringli yallig‘lanish jarayonlari ro‘y bersa, eyakulyatdan qo‘lansa hid keladi. Gohida bu qo‘lansa hid uzoq vaqt davomida jinsiy aloqa bo‘lmaganda, urug‘ dimlanib aynishining natijasi bo‘lishi ham mumkin.
Eyakulyat konsistensiyasi
Ya’ni quyuq-suyuqligi ham muhim ahamiyatga ega. Odatda, shahvat suyuqligi tanadan chiqqan zahoti quyula boshlaydi. Bu jarayon tugagach, ya’ni yarim soatdan ziyodroq vaqt o‘tgach uning quyuqlik darajasi aniqlanadi. Agar urug‘ suyuqligining quyuqligi oshib ketsa va tarkibida shilliq moddalar ko‘p bo‘lsa, spermatozoidlar harakatchanligi keskin susayadi. Aniqrog‘i, quyuq va yopishqoq eyakulyat homila bunyod bo‘ladigan joyga yetib bormasdan yo‘ldayoq yopishib qolib ketishi mumkin. Odatda, maniy quyuqlik darajasini aniqlash maqsadida shisha cho‘p, eyakulyatga botiriladi va ipcha hosil qilinib, uzoqlashtiriladi. Shisha cho‘pchaga yopishgan maniyli ipcha 0,1-0,5 smgacha cho‘zilsa, bu me’yor hisoblanadi. Quyuqlik oshishi ko‘pincha yallig‘lanish xastaliklariga xos bo‘ladi.
Eyakulyatning suyulib ketishi esa tarkibda energetik manba vazifasini o‘tovchi urug‘ pufakchalari sekretining kamayib ketishidan dalolatdir. Demak, shahvat suyuqligi o‘rtacha suyulgan darajada bo‘lishigina serpushtlikdan darak beradi.
Eyakulyat tinishi
Ya’ni qismlarga ajralish jarayoni tanadan shahvat chiqqach 15-30 minut ichida ro‘y berishi lozim. Bu vaqtning ortib ketishi prostata bezi sekreti tarkibidagi fibrolizin, fibrogenaza kabi fermentlarning yetishmovchiligi natijasida autoimmun jarayonlar ro‘y bergan hollarda kuzatiladi,
Tinish natijasida eyakulyatning ikki qismdan iborat ekanligini tafovut etish mumkin:
1. Osilib turgan qism, mikroskopik uslubda tekshiriladigan spermatozoidlarni, spermatogenez hujayralarni va boshqa tuzilmalarni o‘z ichiga oladi.
2. Suyuq muhit shahvat zardobidagi organik va noorganik, ya’ni biokimyoviy tekshirishlarda aniqlanadigan moddalardan iborat.
Eyakulyat pH muhiti
Ishqoriy, ya’ni o‘rtacha 7,0-7,6 bo‘lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Chunki qindagi pH ning 4,0-4,2, ya’ni kislotali muhiti spermatozoidlarga qiron keltiruvchi tahdid hisoblanadi. O‘rtacha muhiti 7,5 ga teng bo‘lgan bachadon bo‘yinchasiga qadar yetish uchun qindagi xatarli muhit neytrallanishi, ya’ni zararsizlantirilishi shart. Eyakulyatning ishqoriy muhiti esa aynan shu vazifani uddalashda qo‘l keladi. Agar shahvat suyuqligidagi barcha ko‘rsatkichlar me’yorda bo‘lsa-yu, birgina pH muhiti kislotali tomonga siljisa ham yillab farzand bo‘lmasligi kuzatiladi. Spermatozoidlarning qin kislotali muhitidagi halokatli yo‘ldan himoyalovchi ishqoriy muhitdan mosuvoligi buning uchun yetarlidir.
Eyakulyatni mikroskop yordamida tekshirishda quyidagilarga ahamiyat berish lozim:
- Eyakulyatning 1 mlda 60-120 million nafar spermatozoidlar bo‘lishi me’yoriy daraja hisoblanadi. Kamdan-kam hollarda spermatozoidlarning miqdori 140-250 million bo‘lishi kuzatiladi. Ayrim mutaxassislar bu ko‘rsatkichning 40 mln/ml dan ziyod bo‘lishini ham me’yor hisoblash tarafdoridirlar.
- Faol harakatlanadigan spermatozoidlar 70-80 foizni tashkil etishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Kam harakatli va harakatsizlari qancha kam bo‘lsa, shuncha yaxshi.
- Tirik spermatozoidlar 80-90 foiz,o‘liklari esa 10-20 foiz bo‘lishi lozim.
- Nuqsonli spermatozoidlarning 20-30 foizdan oshishi nogiron zurriyot paydo bo‘lish xavfini kuchaytirishi bilan xatarlidir.
Spermogrammaning quyidagi ko‘rsatkichlari klinik ahamiyatga ega:
Azoospermiya – shahvatda spermatogonez hujayralari mavjud bo‘lsa-da, ammo bolig‘, ya’ni farzand bunyod etishga layoqatli spermatozoidlarning umuman yo‘qligi.
Aspermiya – shahvat suyuqligi tarkibida ham spermatogenez hujayralarining, ham spermatozoidlarning butunlay nomavjudligi kuzatiladi. Ushbu holatni aspermatizm, ya’ni uzoq jinsiy aloqa qilinsa-da, umuman shahvat suyuqligi chiqmaydigan darddan farqlay bilish lozim.
Oligozoospermiya – shahvat suyuqligining 1 mlda spermatozoidlar sonining 60 mlndan kamligi bilan ifodalanadi.
Polizoospermiya – 1 ml shahvat suyuqligida 250 milliondan ziyod spermatozoidlar bo‘lishi natijasida ularning harakatlanishiga zarar yetadi, ya’ni g‘ij-g‘ij hujayralar uchun shira miqdori yetarli bo‘lmaydi.
Nekrozoospermiya – urug‘dagi spermatozoidlarning 80-90 foizdan ziyod o‘lik bo‘lishi.
Astenozoospermiya – faol harakatlanuvchi spermatozoidlarning 70 foizdan kamligi.
Akinozoospermiya – faol harakatlanuvchilarning 1-10 foizga qadar tushib qolishi.
Teratozoospermiya – shahvatda nuqsonli spermatozoidlarning 30 foizdan oshib ketishi.
Piospermiya – eyakulyatda yiring paydo bo‘lishi.
Gemospermiya – eyakulyatda qon paydo bo‘lishi.
Spermaagglyutinatsiya – spermatozoid hujayralarining bir-biriga yopishib qolishi.
Lipoid tanachalari yoxud letsitin donachalari prostata bezi mahsuli hisoblanib, mayda yaltiroq donachalar ko‘rinishida bo‘ladi. Bu donachalar shahvat tarkibida ko‘p bo‘lishi hisobiga eyakulyat yarqirab turadi. Agar bu donachalar shahvat tarkibida kamayib ketsa, prostata bezida yallig‘lanish jarayoni ro‘y berganligiga ishonch hosil etish mumkin.
Shahvat tahlili borasida omma bilishi mumkin bo‘lgan ilm mana shu bilan kifoyalanadi. Tahlillardagi boshqa ko‘rsatkichlar mutaxassis-shifokor bilishi lozim bo‘lgan bilimlar sirasiga kiradi.
Manba: Tib.uz
Ushbu