Ayollar ko‘kraklarida simillagan og‘riqni sezishlari bilan “Hayz oldi sindromi boshlandi-yov” deyishga odatlanib qolishgan. Biroq aynan shu harakterdagi og‘riq ko‘krak mastopatiyasi kasalligining ilk belgisi bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, vahima qilishga jiddiy asos yo‘q. Ammo ko‘krakdagi og‘riq, xususan, hayz oldi bezovtaligi ham saraton belgisi bo‘lishi mumkin degan o‘y ayollarning aksariyatini tashvishga solar ekan. Aslida ham shundaymi?
Kasallik shakli
Tibbiy tilda ko‘krak bezi disgormonal giperplaziyasi, tuxumdonlar ishlab chiqaradigan gormonlar muvozanatining buzilishi – mastopatiya deyiladi. Bunda ko‘krak bezida ortiqcha biriktiruvchi to‘qimalar yoki mayda kistadar paydo bo‘lishi kuzatiladi. Odatda, kasallikning ikki ko‘rinishi mavjud bo‘lib, ular quyidagicha farqlanadi:
Diffuz mastopatiya – ko‘krak to‘qimasida fibroz-kistoz yuz berib, dori-vositalari yordamida muolaja qilinadi;
Tugunli mastopatiya – ko‘krak bezlarida asta-sekin tugun paydo bo‘ladi. Tugun dori yordamida so‘rilib ketmasligi bois faqat jarrohlik amaliyoti o‘tkazish bilan davolanadi. Aksincha, kimyoviy vositalarning ta’sirida tugun havfli o‘smaga aylanishi mumkin.
Mastopatiya cabablari
Mastopatiya ko‘krak bezining asl kasalligi emas, uni ko‘proq ikkilamchi hastalik desak ham bo‘ladi. Boisi kasallik keltirib chiqaruvchi omillar ayoldagi surunkali hastaliklar asoratida yuzaga keladi. Bu esa ko‘krak bezi faoliyatiga ta’sir etadi. Asosiy va yetakchi sabablar:
Ayol jinsiy a’zolaridagi surunkali yallig‘lanish – 80% hollarda mastopatiyaning asosiy sababchisi bo‘ladi;
Qalqonsimon bez funksiyasining buzilishi – juda oddiy ko‘ringani bilan gormonal muvozanat buzilishini keltirib chiqaradi. Turmushga chiqmagan qizlardagi mastopatiyaning sababchilaridan biri sanaladi;
Stress – organizmning ichki a’zolari faoliyatiga ta’sir etib, immunitetni izdan chiqaradi va ko‘krak bezlarida turli o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi.
Agar mana shu uch sabab jamlansa, mastopatiya kelib chiqishi foizi yanada ortadi. Shuning uchun hastalikni davolashda uning o‘zini emas, balki keltirib chiqaruvchi omillarini aniqlash muhimdir.
Yuqoridagi sabablar mastopatiyaning diffuz turi uchun muhim. Zotan, kerakli dori vositalari bezovtalik turiga ko‘ra belgilanadi. Afsuski, kasallikning tugunli turida uni yuzaga keltirgan sababi qanday bo‘lishidan qa’tiy nazar, jarrohlik muolajasi o‘tkaziladi.
Jinsiy hayot yo‘q bo‘lsa…
Ko‘krak bezi faoliyati bilan bog‘liq o‘zgarishlarni aksariyat ayollar jinsiy hayot sustligi yoki umuman yo‘qligi bilan izohlashadi. Vaholanki, bu noto‘g‘ri tahmin! Agar mastopatiya kasalligining sababi 10 ta desak, jinsiy hayot masalasini 10-o‘ringa qo‘yishimiz mumkin. Shuni yodda tuting: jinsiy hayot sustligi yoki umuman yo‘qligi ko‘krak bezi hastaliklarining asosiy omili emas! Asl bezovtalikni mutlaqo boshqa ichki a’zolardan ahtarish lozim.
Mastopatiya belgisi
Kasallikning birlamchi belgisini aniqlash uchun hayz oldi holatidagi o‘zgarishlarga diqqat qiling. Bu vaqtda ko‘kraklar shishib, qattiqlashadi. Qo‘l bilan teginganda og‘riq hissi paydo bo‘ladi. Hayz oldi ko‘krak shishi kimdadir 10 kun avval, kimdadir 3 kun oldin boshlanishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan µayz oldi davridagi o‘zgarishlar kasallik kelib chiqishining 70-80 foizli belgisi hisoblanadi. Biroq bularning bariga mastopatiya alomati sifatida qarayvermang. Kasallikni hayz belgisidan farqlash uchun ko‘krak sohasidagi o‘zgarishlarga e’tibor bersangiz bo‘lgani.
Nasliy moyillik
Ayollardagi BRCA I va BRCA II genlarida mutatsiya jarayoni yuz bersa ko‘krak bezi kasalliklari kelib chiqishi mumkin. Masalan, ko‘krak bezi saratoni aniqlangan bo‘lsa, onaning qizlarida ham kasallik takrorlanish ehtimoli bor. Yuqorida tilga olingan gen avloddan-avlodga o‘tadi, demakki bu kasallik bir oila a’zolarining ayollarida qachondir namoyon bo‘lishi mumkin. Shu kabi mastopatiyaning ham nasliy bog‘liqligi bor.
Tashhis
Kasallik faqat bir ko‘krakda bo‘ladi deb o‘ylamang. Ko‘krak juft a’zo ekanligini hisobga olganda, bir-biriga uzviy bog‘liq. Shu bois mastopatiya har ikkala ko‘krakda ham uchrashi mumkin. Bezovtalik darajasini aniqlash uchun shifokor dastlab umumiy surishtiruv o‘tkazib, so‘ng ultratovush hamda mammografiya tekshiruviga ko‘rsatma beradi. 35-40 yoshdan oshgan bemorlar mammografiya tekshiruviga yo‘naltirilsa, 35 yoshga qadar bo‘lganlar va turmushga chiqmagan qizlarda UTT tekshiruvi o‘tkaziladi. Hozirda tekshiruv usullari qatoriga yana bir yangisi qo‘shilgan bo‘lib, multispiral kompyuter tomografiya deyiladi. Agar ko‘krakdagi tugun ko‘krak bezi orqasida yoki to‘sh suyagiga yaqin joylashgan bo‘lsa, uni mammografiya yordamida aniqlab bo‘lmaydi. Multispiral tomografiyasi esa aniqlanishi murakkab bo‘lgan o‘zgarishlarni ham ko‘rsatadi.
Mastopatiya qaytalansa…
Ko‘krak bezi bilan bog‘liq o‘zgarishlar oson davolanadigan holat emas. Ba’zida kasallik ayolning hayoti davomida u bilan yonma-yon yurishi ham mumkin. Agar jinsiy a’zolarda surunkali yallig‘lanish qaytalanaversa, albatta, mastopatiya ham uzoq davom etishi va takrorlanishi ehtimoldan holi emas. Qachonki, surunkali kasalliklar va ichki a’zolardagi o‘zgarishlar davolansa, kasallik batamom tuzaladi va qaytalanish havfi kamayadi.
Homilador bo‘l, tuzalasan!?
Haqiqatan ham farzand ko‘rish va bola emizish yordamida mastopatiya davolanadi. Ammo bemorning yoshini hisobga olsak, ba’zilar farzand ko‘rishga ehtiyoj sezmasligi mumkin. Agar ayol yana farzand ko‘rishni rejalashtirayotgan bo‘lsa-yu, unda mastopatiya aniqlansa, farzand ko‘rish tavsiya etiladi.
Nega shunday?
Chunki homiladorlik yuzaga kelgan daqiqadan boshlab, ko‘krak bezlari laktatsiyaga tayyorlana boshlaydi. Ko‘krak bezlarining shishi, kengayishi yuz berib, gormonlar ta’sirida ko‘krak bezi holati ijobiy tarafga o‘zgaradi. Ko‘krak bezidagi fibroz-kistoz o‘zgarishlar asta-sekinlik bilan so‘riladi. Tug‘ruqdan so‘ng esa 1-1,5 yil davomida emizish ko‘krakdagi fibroz to‘qimalarining batamom so‘rilib ketishini ta’minlaydi.
Diqqat!
E’tibor qiling: hayz oldi davrida ko‘kraklaringiz shishmaydimi, qattiqlashib, teri sohasida qizarish yoki yallig‘lanish yo‘qmi? Balki og‘riq hissi kuchayib borayotgandir? Agar shunday bo‘lsa, vaqtni ketkazmay shifokor huzuriga yo‘l oling. Shu bilan birga bir oyda bir marta ko‘zgu qarshisida turib, ko‘krak holatini mustaqil tekshiruvdan o‘tkazing. Qo‘l bilan paypaslanganda, sut bezlarida tugun yo‘qligi, qo‘ltiq ostida qattiqlik sezilmayotgani, ko‘krak so‘rg‘ichi qiyshiq yoki ichkariga tortilmaganiga, albatta, ahamiyat bering.
Bu xato!
Gohida og‘riyotgan ko‘krakka qizdirilgan karam bog‘lash, yog‘ surtish yoki massaj qilish kerakligi haqida eshitib qolamiz. Ayniqsa, “Zuluk qo‘ysa, tuzalib ketadi” degan yolg‘on chaqiruvlar hozir ancha ommalashgan. Tugun hosil bo‘lgani tufayli og‘riyotgan ko‘krakka o‘zboshimchalik bilan muolajalar belgilash tugunni yanada faollashtirib, havfli o‘smaga aylantirib yuborishi mumkin! Yaxshisi, tabiblaru soxta shifokorlarga ishonmay, mammolog mutaxassisi µuzuriga oshiqing.
Mutaxassis: Dilobar Mirrahimova, jarroh-mammolog.
Jurnalist: Dildora Yusufbekova.
Manba: “Sug‘diyona” gazetasi.