Соғлом оила - соғлом келажак

Salpingooforit qanday kasallik?

Bachadon nayining yallig‘lanishi tibbiyotda salpingit deb ataladi, ooforit – tuxumdonlarning yallig‘lanishi. Har ikki kasallikning bir paytda kechishi esa salpingooforit nomi bilan yuritiladi.

salpingooforit

Bepushtlikka olib kelishi mumkin!

Mikroblarning organizmga tushish yo‘liga ko‘ra kasallik birlamchi va ikkilamchi turlarga bo‘linadi.

Birlamchi salpingooforit

Birlamchi salpingooforitda mikroblar pastki jinsiy yo‘llardan, jinsiy aloqa vaqtida, bachadon ichiga turli xil asboblar kirishi bilan bog‘liq muolajalar (bachadonni qirish, bachadon naylarini ochish amaliyoti), bachadon ichi vositasi (spiral) qo‘yish vaktida tushadi.

Ikkilamchi salpingooforit

Ikkilamchisi esa yaqin a’zolardagi yallig‘lanish (appenditsit, to‘g‘ri ichak yallig‘lanishi) yoki qon, limfa orqali mikroblar tushishi natijasida yuzaga keladi.

Xlamidiyli infeksiya tufayli yuzaga kelgan salpingooforit sekin-asta va yashirin kechib, ko‘p hollarda bachadon nayining berkilishiga va bepushtlikka olib keladi.

ooforit, salpingit

O‘tkirmi yoki surunkali?

Mikrob tushishi natijasida dastlab bachadon nayining shilliq qavati yuzaki yallig‘lanadi. Bunda nay ichi qizarib, shishadi. Kichik tomirlarda qon aylanishi buziladi. To‘qimalardagi jarohat natijasida nay ichidagi burmalari o‘zaro yopishib qoladi. Natijada seroz yoki yiringli suyuqlik bilan to‘lgan bo‘shliqlar hosil bo‘ladi. Shuningdek, nayning qorin bo‘shlig‘iga ochilgan tomonida yallig‘lanish suyuqligi qorin bo‘shlig‘iga oqishi va buning natijasida nayning shu qismida o‘tkazuvchanlik buzilishi mumkin. Yopilgan ikki qism o‘rtasida yiring yoki boshka suyuqlik to‘plangan qopcha hosil buladi. Jarayonga tuxumdon ham qo‘shilib, salpingooforit rivojlanadi.

O‘tkir salpingooforit

O‘tkir salpingooforit yaqqol ifodalangan belgilar bilan bir qatorda yashirin ham kechishi mumkin. Bemorlar ko‘pincha qorin pastidagi og‘riqlar, og‘riqlarning bel va to‘g‘ri ichakka tarqalishidan shikoyat qilishadi. Ularni ko‘ngil aynishi, titrash, umumiy holsizlik, og‘iz qurishi, siyishning buzilishi, ichaklarning dam bo‘lishi kabi holatlar bezovta qiladi. Bemorning pulsi tezlashadi, qonda leykotsitlar miqdori oshadi. Paypaslab ko‘rilganda qorinning pastki qismlari og‘riqli, hatto qorin old devorining taranglashishini sezish mumkin. Bunday kasallik bilan og‘rigan ayollarning hayz faoliyati doim ham buzilavermaydi. Ginekologik ko‘rik vaqtida bachadon ortiqlarining kattalashganini va og‘riqli ekanligi ko‘riladi. Ba’zan og‘riq sababli bemor bachadon ortiqlarini paypaslagani qo‘ymaydi. So‘nggi yillarda kasallik diagnostikasi va davolash uchun laparoskopiya ham muhim rol tutmoqda.

ЎҚИНГ:   Anorgazmiya - jinsiy aloqada orgazmni his qilmaslik

Surunkali salpingooforit

O‘tkir salpingooforit o‘z vaqtida davolanmasligi natijasida kasallik surunkali shaklga o‘tadi. Surunkali salpingooforitda bachadon nayi shilliq va mushak qavati o‘zining xususiyatlarini yo‘qotadi. Natijada biriktiruvchi to‘qima rivojlanib, nay va tuxumdon atrofi chandiqlari rivojlanadi. Bu esa nayning o‘tkazuvchanligi buzilishiga olib keladi. Kasallikni surunkali shaklda rivojlanishiga ko‘pincha xlamidiyli infeksiya sabab bo‘ladi. Shuningdek, gerpes virusi (uchuqqa sabab buluvchi virus) ham kasallik kechishini og‘irlashtiradi.

Kasallikning klinik ko‘rinishi turlicha bo‘lib, bemorlar ko‘pincha qorin pastidagi to‘mtoq og‘riqlardan, og‘riqning qinga, belga, chov burmasiga tarqalishiga, hayz kunlari va sovqotganda kuchayishidan shikoyat qilishadi. Og‘riq tos nervi bo‘ylab tarkalib, uning xarakteri nay yallig‘lanish darajasiga ko‘pincha mos kelmaydi. Surunkali kasallik ayolning jinsiy hayotiga, hayziga ta’sir qilib, bepushtlik, bachadondan tashqari homiladorlikka sabab bo‘ladi. Kasallikning uzluksiz uzoq davom etishi yoki tez-tez qaytalanishi ayolning ruhiy holatiga yomon ta’sir etib, uning hayot sifatini sezilarli darajada yomonlashtiradi.

Davolash usuli

Davolash usulini tanlash kasallikning bosqichiga bog‘liqdir.

Surunkali salpingooforitning remissiya (susayish) bosqichida og‘riq qoldirish maqsadida fizioterapevtik muolajalar o‘tkaziladi. Bunda ayolga ultratovushni puls rejimida yuborish, balchiqli vannalar, mishyakli, natriy xloridli suv, induktoterapiya, igna bilan davolash yaxshi samara beradi. Kasallik bachadon miomasi, endometrioz yoki mastopatiya bilan birga kechganida radonli yoki yod-bromli suvlar, yod, yod va ruxni elektroforez yordamida yuborish foydali. Tuxumdon faoliyati sustlashishi bilan kelganida esa balchiqli vannalar, vibratsion uqalash, impulsli rejimdagi ultratovush, past chastotali impulsli tok, shuningdek, mis bilan elektroforez qilish lozim.

Antibakterial vositalar kasallikning qo‘zish davrida va o‘tkir salpingooforitda qo‘llaniladi.

Kichik tosda rivojlangan chandiqli jarayon va surunkali og‘riqda, konservativ davo samara bermagan anatomik o‘zgarishlar bilan kechuvchi surunkali salpingooforitda, yallig‘lanish jarayoni tez-tez qo‘zg‘ashida, nay yopiqligi isbotlangan bepushtlikda, surunkali yallig‘lanish bilan kechuvchi tuxumdon kistasi yoki boshka o‘sma hosilalarida jarrohlik usulida davolash lozim. Operatsiyadan keyingi davrda bemorga hayz va reproduktiv faoliyatini tiklash borasida muolajalar (farmakoterapiya, fizioterapiya, sanator-kurort davo, davolash jismoniy tarbiyasi) o‘tkazish maqsadga muvofiq.

O‘xshash maqola: Tuxumdon yallig‘lanishi qanday kasallik?

Телеграмдаги расмий каналимизга аъзо бўлинг!

Аъзо бўлиш

Бош саҳифа » Ensiklopediya » Salpingooforit qanday kasallik?

loading...