Ikkinchi farzandimni tuqqanimdan keyin oyoq-qo‘llarim shishib ketib, harakatlanishga qiynalib qoldim. Bir tanishim siydik haydovchi dori vositalarini tavsiya qildi. Ammo sinab ko‘rishga ikkilanayapman…
Muyassar NAZIROVA, akusher-ginekolog:
Tug‘ruqdan so‘ng ba’zi ayollarda qo‘l va oyoq shishi kuzatiladi. Ammo bunday shishlar har doim ham buyrak bilan bog‘liq bo‘lavermaydi. Masalan, yurak faoliyati bilan bog‘liq o‘zgarishlar sodir bo‘lsa ham kechga borib oyoqlar shisha boshlaydi. Buyrak bilan bog‘liq muammolarda esa ertalab ko‘z atrofida shish kuzatiladi. Siydik haydovchi dori yoki damlamalarni qabul qilishdan avval tanangizdagi shishlar nimadan ekanligini aniqlash zarur. Buning uchun shifokor ko‘rigidan o‘tish zarar qilmaydi.
Tavsiya: siydik haydovchi damlamalarni muntazam va tartibsiz ichish organizmdagi mineral tuzlarning yuvilib ketishiga olib kelishi mumkin. Qolaversa, lohaslik va yurak zo‘riqishi ham kuzatiladi. Yaxshisi, shifokor bilan maslahatlashib, so‘ng peshob haydovchi preparat yoki damlamalarni iching.