Соғлом оила - соғлом келажак

Mendagi Gepatit B ayolim va tug‘ilajak farzandimga ham yuqishi mumkinmi?

Savol:

Bolaligimda 13 yoshimda virusli gepatit B bilan og‘riganman. Hozir yoshim 24 da. Bilishimcha bu kasallik qonda bir umr qolar ekan. Virusni o‘zimi, virusga qarshi antitelami, men unchalik farqiga bormayman.

Savolim ushbu virus mening turmush o‘rtog‘imga yuqishi mumkinmi va homiladorlik yoki tug‘ruq vaqtida bu virus farzandimga o‘tishi ehtimoli qancha? Farzandim ham shu kasallik bilan og‘riydimi?

Gepatit B, Gepatit B

Javob:

Yoshligingizda gepatitning qaysi turi bilan og‘riganingizni bilish juda muhim. Gepatit B bilan og‘riganingizga ishonchingiz komilmi?

Negaki virusli gepatit parenteral, ya’ni qon orqali (gemotransfuziya, jinsiy aloqa) yuqadi. Agar Siz oddiy sariq kasalligi (gepatit A) bilan og‘rigan bo‘lsangiz (u asosan “iflos qo‘llar” orqali yuqadi) xavotirga o‘rin yo‘q. Gepatit A oson tuzaladi va surunkali turga o‘tmaydi.

Gepatit B dan esa tuzalishning ilojisi yo‘q. Bu virus butun hayotingiz davomida siz bilan qoladi va siz atrofdagilarni aytib o‘tilgan yo‘llar orqali zararlashingiz mumkin. Siz immunoferment (IFA) usulida gepatit B antigeni (HbSAg) ga qon tahlili topshirishingiz kerak bo‘ladi. Agar u musbat chiqsa, demak turmush o‘rtog‘ingizni ham jinsiy yo‘l yoki maishiy buyumlar orqali zararlashingiz mumkin. Shu sababli turmush o‘rtog‘ingiz ham qon tahlili topshirishi shart. Agar Gepatit B virusi antigeni chiqmasa emlatib olgani ma’qul.

Farzandingizni mavjud virus bilan zararlanishi esa homiladorlikning ikkinchi yarmida qonda gepatit B virusi miqdori (konsentratsiyasi) ning keskin ortib ketishi kuzatilsa yoki tug‘ruq paytida (vertikal) zararlanishi mumkin. Shu sababli yangi tug‘ilgan chaqaloqlar tezlik bilan maxsus immunoglobulin bilan emlanadi. Bunday himoyaning effektivligi 95% ni tashkil etadi. Homiladorlik paytida esa ayniqsa ikkinchi yarmida davriy ravishda qonni HbSAg ga tekshirtirib turishingiz so‘raladi. Bu paytda virusga qarshi preparatlarni olish mumkin bo‘lmaganligi sababli jigar to‘qimasini yaxshilovchi (gepatoprotektorlar) va organizmni umumiy quvvati (immunitet) ni oshiruvchi preparatlarni ichib turish tavsiya etiladi.

Manba: Gepamed.uz