Sog'lom oila - sog'lom kelajak

Kriptorxizm kasalligi

Kriptorxizm kasalligining mohiyatini to‘g‘ri anglash uchun moyaklarning embrional rivojlanish jarayonidan boxabar bo‘lish joiz. Moyaklar dastlab homila qorin bo‘shlig‘ining yuqori qismida o‘z shakllanishini boshlaydi. Ona vujudidagi homila rivojlanishining uchinchi oyi nihoyasida moyaklar pastga tusha boshlaydi va chov kanalining ichki teshigi yaqinida joylashadi. Keyinchalik to‘rtinchi oy boshlarida homila gavdasining notekis o‘sishi tufayli, moyaklar yana yuqoriga, buyrak pastki qismining ost tomoniga yaqin ko‘tariladi.

Jinsiy zaiflik sabablar

Homiladorlikning ikkinchi yarmida, aniqrog‘i, yettinchi oyning ikkinchi yarmiga kelib, moyaklar yana pastga tushadi va chov kanalining ichki teshigiga yaqinlashadi.

Homiladorlikning sakkizinchi oyiga kelib, moyaklar chov kanaliga kiradi, to‘qqizinchi oyning ikkinchi yarmida esa yorg‘oq tubiga tushib joylashadi. O‘g‘il bola tug‘ilganida moyaklarining ikkalovi ham yorg‘oq ichida bo‘lishi, go‘dakning chala tug‘ilmaganligidan, ya’ni to‘kis sog‘lomligidan dalolat beruvchi belgilardan biridir.

Kriptorxizm kasalligi yuqorida ta’kidlangan fiziologik tushuv yo‘llarida, ya’ni buyrak pastki qismidan yorg‘oqqacha bo‘lgan masofaning qayeridadir moyaklar ushlanib qolishi bilan ifodalanadi. Aniqrog‘i, kriptorxizm dardida moyaklar yorg‘oqdagi o‘z joyiga tushmasdan, qorin bo‘shlig‘i yoxud chov kanali ichida torayish, jarohat, chandiq kabi turli mexanik to‘siqlardan o‘tolmay ushlanib qoladi.

Kriptorxizm juda ko‘p uchraydigan dard hisoblanib, qariyb 20 foiz go‘daklarda va 2,2 foiz balog‘at arafasidagi o‘g‘il bolalarda uchraydi. Ikkala moyakning ham yorg‘oq ichida bo‘lmasligini o‘z vaqtida davolamaslik yuz foiz hollarda befarzandlikka olib keladi. Ma’lumingizkim, moyaklar yaxshi rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoit hamda salqinroq harorat faqat yorg‘oqdagina mavjud.

Zero, yorg‘oqning doimiy harorati tanadagidan 1-1,50 S, qorin bo‘shlig‘idagidan 2-30 S, chov kanalidan 1,4-40 S ga pastroq bo‘lganligi moyaklar rivoji uchun o‘ta qulaydir. Yuqoridagi fiziologik tushuv yo‘llarining issiqligi moyaklar rivojiga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatishi bois, bu dard xatarlidir. Bola tug‘ilgach, 6 oy muddat ichida moyaklar yorg‘oq ichiga tushmasa, zudlik bilan shifokor endokrinolog yoki andrologga murojaat etish zarur. Odatda, kasallik 3 yoshgacha bo‘lgan davrda dorivorlar bilan davolanadi. Agar bu uslub ham samara bermasa, 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan muddatda jarrohlik uslubi qo‘llanilib, moyaklar yorg‘oq ichiga tushirilishi darkor.

O‘QING:  Bepushtlik davosiz dard emas!

Afsuski, loqaydlik tufayli o‘smirlik davridan o‘tgandan so‘ng davolashga kirishilsa, ko‘pincha jarrohlik usulidan ham yetarlicha naf bo‘lmaydi. Aksari ota-onalar, hattoki ayrim shifokorlar ham bolalarning sog‘ligi haqida qayg‘urib, ularning barcha a’zolarini ko‘zdan kechirsalar-da, yorg‘oq va uning ichidagi moyaklar haqida ko‘pincha unutishadi. Muhtaram ota-onalar, shu satrlar bilan tanishganlari zahot, hech istiholasiz o‘g‘illarining yorg‘og‘ini ko‘zdan kechirib, uning ichiga ikkala moyaklar ham tushgan-tushmaganligini, katta-kichikligini paypaslab tekshirib ko‘rsalar, ehtimol kelgusidagi katta baxtsizlikning oldini olgan bo‘lardilar.

Zero, ushbu a’zo ichida naslingiz davomi, bolalaringiz zurriyotlarining poydevorlari qad rostlashini aslo unutmang!

Kriptorxizmning chin va soxta turlari tafovut otiladi. Soxta kriptorxizmda moyaklar vaqti-vaqti bilan yorg‘oqqa tushishi kuzatiladi. Bu holatni jarrohlik uslubisiz ham samarali davolash mumkin. Agar chin kriptorxizm aniqlansa, uzog‘i bilan 8 yoshga qadar, ya’ni moyaklar va urug‘ tizimchasi qon aylanish tizimi takomilga yetgach, operatsiya qilsa ham bo‘ladi.

Manba: Tib.uz

Andrologiya » Kriptorxizm kasalligi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.