Kontratseptiv tabletkalar nafaqat homiladorlikdan saqlaydi. Ularning ayol salomatligiga yana bir qancha ijobiy ta’sirlari bor. Quyida ayrimlarini sanab o‘tmoqchimiz.
Onkologik kasalliklar xavfini kamaytiradi
Oral kontratseptiv vositalardan uzoq vaqt foydalanish natijasida endometriy hamda tuxumdonlar saratoniga 70 foiz chap berish mumkin. Kontratsepiiv tabletkalar ovulyatsiya jarayonini to‘xtadadi. Jinsiy a’zolar kasalliklari kuzatilgan ayollarga aynan shu jarayonning yuz bermasligi saraton kasalligini oldini olishga yordam beradi. Odatda, ovulyatsiya davrida tuxumdonlardagi hujayralar o‘z tartibini o‘zgartiradi. Sog‘lom ayolda har oyda ovulyatsiya kuzatiladi. Lekin ginekologik surunkali kasalliklar mavjud holatdarda tuxumdonlarning tinimsiz ishlashi turli o‘smalarning rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Homiladorlikdan saqlaydigan vositani uzoq vaqt qabul qilib yurish zarar qilmaydimi degan savol yuzaga kelishi tabiiy. Xavotirga hojat yo‘q: shifokorlarning fikriga ko‘ra ularni hatto 20 yil hadiksiramasdan ichsa bo‘laveradi. Faqat homilador bo‘lishni istasangiz, to‘xtatasiz.
Husnbuzarlarni yo‘qotadi
Aksariyat oral kontratseptiv vositalarning tarkibida ayollar jinsiy gormoni – estrogenning sun’iy ko‘rinishi mavjud bo‘ladi. Bu gormon teri salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘z navbatida, estrogen testosteron, ya’ni erkak jinsiy gormoni miqdorini pasaytiradi. Odatda, ayol organizmida erkaklik gormoni ko‘payib ketsa, terining yog‘ ishlab chiqarishi faollashadi. Kontratseptiv tabletkalar qabul qilganda husnbuzarlar kamayishining siri ana shunda. Ikki oyda natija ko‘zga tashlanib qoladi.
Hayz og‘riqlaridan qutqaradi
Homiladorlikdan saqlovchi bu dorilar ta’sirida ovulyatsiya ro‘y bermaydi. Shu sababdan bachadon devori va bo‘shlig‘ida odatdagidan kamroq o‘zgarishlar bo‘ladi. Hayz qoni miqdori kamayadi, davomiyligi qisqarishi mumkin. Bundan tashqari, og‘riqlar susayadi. Ba’zi hollarda bu og‘riqlarni butunlay unutish mumkin. Davolanish kurslari orasida ma’lum vaqt tanaffus qilinsagina hayz belgilari avvalgi holatiga qaytish ehtimoli bor.
Hayz oldi sindromi yengillashadi
Hayz davrining ikkinchi yarmiga kelib organizmdagi gormon darajasi o‘zgaradi. Bu o‘z navbatida hayz oldi sindromi (HOS)ga sabab bo‘ladi. Homiladorlikdan saqlovchi vositalar gormonal fonni barqarorlashtirgani uchun HOS ancha yengillashadi. Biroq ba’zi alomatlar (ko‘kraz bezlarining dag‘allashuvi, shishlar va b.) qoladi. Bemorda qay bir alomat kuzatilganiga qarab shifokor-ginekolog ma’lum bir dori turini tavsiya etadi.
Hayz oldi sindromi haqida ushbu maqola orqali batafsil ma’lumot oling: Hayz oldi sindromi nima?
Endometrozni davolashga yordam beradi
Endometrioz – ginekologik kasallik bo‘lib, bunda bachadon ichki qobig‘i terisi (endometriya) hujayralari kichik tosning boshqa sohalarida ham o‘sa boshlaydi. Bu kasallik tinimsiz qattiq og‘riq bilan kuzatiladi. Vaqtida davolanmaslikning bepushtlikka olib kelishi mumkin. Oral kontratseptiv vositalar bachadon tashqarisida jarohat yuzaga kelish ehtimolini kamaytiradi. Endometriyaning o‘sishiga sabab bo‘luvchi gormonlar darajasini pasaytiradi.
Hayz davrini barqarorlashtiradi
Kontratseptiv tabletkalar qabul qilayotgan ayollarda hamma narsa reja asosida amalga oshiriladi, chunki hayz davri barqarorlashadi. Kutilmaganda noqulay vaziyatga tushib qolmasaligingizga kafolat bor. Ular hayz davri qachon boshlanishini oldindan bilish imkonini beradi. Bir oylik kurs tugaganidan so‘ng 2-3 kun o‘tib oy kunlari boshlanadi.
Tuxumdonlardagi o‘sma (kista)ni davolash
Tuxumdonlar kistasi endokrin tizim kasalliklaridan biri hisoblanadi. Tanada soch tolalari ko‘payishi uning dastlabki alomatlaridan sanaladi. Oral kontratseptiv vositalar kasallikni to‘liq davolay olmasa-da, og‘riqlarni anchagina kamaytiradi.
Manba: «Darakchi» gazetasi.