Соғлом оила - соғлом келажак

Klimaks

Klimaks — “klimakteriy” so‘zidan olingan bo‘lib, grekchada “zinapoya” degan ma’noni anglatadi. Bu davrni qarilik va yoshlikni bir-biridan ajratib turuvchi pog‘ona deb hisoblash mumkin. Klimaks (menopauza) davrida ayol o‘z tanasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar sabab ba’zan tushkun, ba’zida quvnoq, goh hammaga zahrini sochsa, goh atrofidagilarga bee’tibor bo‘lib qoladi. KlimaksOdatda 40 yoshdan keyin ayol o‘zini biroz noxush his qila boshlaydi. Besabab asabiylashadi, tez charchaydi, uyqusizlikdan qiynaladi. Hayz kunlari esa bir necha oyga “kechikadi”, ba’zan tez-tez keladi, juda og‘riqli kechadi va uzoq vaqt cho‘ziladi. Bu holatlarning barchasi — klimaks davri yaqinlashayotgani alomatlari.

Klimaks qachon boshlanadi?

Klimaks davrining necha yoshda boshlanishi asosan irsiyatga bog‘liq. Onada bu davr necha yoshda boshlangan bo‘lsa, qizda ham aynan shu yoshda yuz berishi mumkin. Shuningdek, qattiq yoki uzoq vaqt davomida stressga tushgan, ginekologik jarrohlikni boshidan kechirgan (tuxumdonlar olib tashlanishi, kimyoterapiya) yoki balog‘at davrida turli infeksion kasalliklarni boshdan kechirgan hamda chekuvchi ayollarda klimaks davri erta boshlanishi mumkin.

Klimaks o‘rtacha yoshda (40 yoshdan keyin) boshlangan ayollarda oson o‘tib ketadi. Erta boshlangan klimaks davri og‘riqli va uzoq davom etadi. Kech boshlangani esa ayol uchun foydali: tanada estrogenlar miqdori tushib ketmaydi. Bu esa yurak va tomirlarni himoya qiladi. Ammo kech boshlangan klimaks ayolda ko‘krak yoki tuxumdon saratoniga chalinish xavfini orttiradi. Shu sababli ayollar yilda bir marta ayollar shifokori nazoratidan o‘tib, mammografiya tekshiruvini amalga oshirishlari darkor.

Klimaks davriga ayol necha marta homilador bo‘lgani yoki necha yoshda tuqqanining ta’siri yo‘q!

“Kutilmagan” homiladorlik?!

Menopauza jarayonida qonda gormonlar miqdori o‘zgara boshlaydi. 40 yoshdan so‘ng tanada sariq tanacha — progesteron ishlab chiqarish kamayib boradi. 45 yoshlarga yaqin esa tuxumdonlar tomonidan estrogen gormoni ishlab chiqarilishi ham susayadi. Ayolda hayz ko‘rish muntazamligi buziladi, keyin umuman to‘xtaydi. Aynan mana shu davrda ayolning homiladorlik qobiliyati yo‘qolib boradi. Ammo ba’zan gormonal fon faollashib, homilador bo‘lish uchun qulay sharoit ham yuzaga kelishi mumkin. Ba’zan bu 45 dan 50 yoshgacha bo‘lgan ayollarda “kutilmagan” homiladorlikka sabab bo‘ladi.

Klimaks alomatlari

Klimaks davrida ayol organizmida kuzatiladigan alomatlar uch xil bo‘ladi.

Ilk belgilar:

  • qizib ketish;
  • ko‘p terlash;
  • kayfiyat o‘zgarishi;
  • uyqu buzilishi.

O‘rta belgilar:

  • peshob chiqarish muammolari;
  • ichki a’zolarda quruqlashish;
  • jinsiy muammolar.

Kechki muammolar:

  • qon tomirlari kasalliklari;
  • modda almashinuvi buzilish;
  • osteoporoz;
  • markaziy asab tizimining degenerativ xastaliklari (masalan, Alsgeymer kasalligi).

Gormonal fon o‘zgarishi

Bu har uch ayolning biriga ruhiy yoki jismoniy ta’sir o‘tkazadi. Birdan qizib, qizarib ketishidan uyalgan ayol odamlarga qo‘shilishdan tortina boshlaydi, o‘z holatidan asabiylashadi. Kayfiyati goh tushib, goh ko‘tarilib ketadi. Odatiy hayotiga xavotir bilan qaraydi. Ayollarning 50 foizi klimaks davrida boshi qizib ketishi, ortiqcha terlash, yurak urishi tezlashishi, asabiylashish, uyqu buzilishidan shikoyat qilishadi.

Qizish va terlash sababi gormonal muvozanat o‘zgarishi tufayli qon tomirlar tonusi va tana harorati boshqarilishining buzilishi bilan bog‘liq. Qizib ketish bir sutkada 30 martagacha takrorlanadi va aksariyat tungi paytda sodir bo‘lib, uyqu buzilishiga olib keladi. Uyquning surunkali buzilishi natijasida uyqusizlik kasalligi, asabiylashish esa xavotirga aylanib, ayol bora-bora holsizlana boshlaydi. Terlashlar sonini kamaytirish uchun issiq suyuqliklar (ayniqsa, qahva) ichishni kamaytirish va ortiqcha asabiylashishdan saqlanish lozim. Ortiqcha xavotir va asabiylashishdan qutulish uchun esa sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish muhim.

Bu davrda jinsiy yaqinlik ham muammo tug‘diradi. Peshob yo‘li va ichki a’zoning shilliq pardasi o‘z cho‘ziluvchanligini yo‘qotadi hamda osongina jarohatlanadi. Natijada ayol jinsiy yaqinlik paytida og‘riq his qiladi. Shuningdek, unda jinsiy mayl ham susayib boradi.

Ayol organizmidagi gormonlar nafaqat homilador bo‘lish uchun kerakli, shu bilan birga, ularning modda almashinuvida ham katta o‘rni bor. Agar ayol jismonan sog‘lom hamda yangi holatlarga oson ko‘nikma hosil qilish xususiyatiga ega bo‘lsa, gormonal o‘zgarishlar davri bir necha oyda og‘riqsiz o‘tib ketadi. Ammo har besh ayoldan biri bu davrda turli bezovtaliklardan qiynalishi mumkin va u sababli shifokorga murojaat qilishi darkor.

Tashqi ko‘rinish muammolari

Bu davrda ayolning tashqi ko‘rinishida ham bir qancha o‘zgarishlar sodir bo‘la boshlaydi. Estrogen gormoni yetishmasligi sabab teri yupqalashadi, quruqlashadi. Natijada unda yangi ajinlar paydo bo‘ladi. Teri rangi o‘zgarib, mayinligini yo‘qotadi, sochlar kamayib boradi. Ayol esa bundan yana-da tushkunlikka tushib, unda depressiya holati kuzatilishi mumkin. Bu holatlarning oldini olish uchun muammo chuqurlashib ketishini kutmang va ayollar shifokori bilan maslahatlashing.

Kalsiy yetishmaydimi?

Bu davrda har uch ayoldan birida kalsiy almashinuvi buzilishi kuzatiladi. Suyaklar kalsiyni “yo‘qota” boshlaydi va mo‘rtligi oshishi oqibatida osteoporoz kasalligi kelib chiqadi. Bu esa kelajakda ayol qomatining shakli o‘zgarishiga olib keladi, suyak sinishi xavfini orttiradi. Ayol klimaks davrida kerakli muolajalarni olmasligi natijasida umurtqa pog‘onada zichlashish paydo bo‘ladi va uning bo‘yi 10 yil mobaynida 4 sm.ga “cho‘kadi”.

Bunday o‘zgarishlar 5-10 yildan so‘ng o‘z asoratini namoyon qilishi mumkin. Estrogenlar aterosklerozga qarshi ta’sirga ega. Klimaks davrida estrogenlar miqdorining kamayishi ateroskleroz rivojlanishiga turtki bo‘ladi. 40 yoshga to‘lmagan ayollar erkaklarga nisbatan miokard-infarktiga 10 marta kam chalinadi, 60 yoshdan keyin esa bu ko‘rsatkich tenglashadi.

Bu davrda osteoporozga ham be’tibor bo‘lmang!

Klimaks holati maxsus davolashni talab etadi. Jumladan, bunda suyak zichligini ham aniqlab, osteoporoz va uning asoratlarini davolash lozim. Chunki osteoporoz alomatsiz kechadi va shuning uchun ham bu kasallikka maxsus tekshiruvlarsiz tashxis qo‘yib bo‘lmaydi. Osteoporoz dunyoda eng ko‘p tarqalgan kasalliklardan biri sifatida yurak-qon tomir, saraton, qandli diabet xastaliklaridan keyingi 4-o‘rinda turadi. Agar vaqtida uning oldi olib, davolanmasa, og‘ir asoratlarga olib keladi. Masalan, umurtqa, qo‘l va oyoqlar sinishi oqibatida nogironlik yuzaga kelishi va hatto o‘limga olib kelishi mumkin.

Zamonaviy tibbiyot va to‘g‘ri olib borilgan muolajalar yordamida ayol bu davrni bosib o‘tishni yengillashtirishi mumkin. Shuni yana bir bor ta’kidlash lozimki, bu davrda to‘g‘ri ovqatlanish, dam olish va sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanib, faol turmush tarzi olib borish muhim.

Dinara AZIZOVA, Ginekolog-endokrinolog . “Sug‘diyona” gazetasi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.