Соғлом оила - соғлом келажак

Kelin-kuyovlarga maslahatlar

Turmush qurishga ahdlashgan juftliklarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi hech kimga sir emas. Tibbiy ko‘rik davomida qizlar ginekologik tekshiruvdan ham o‘tishadi. Bu ular bilan ginekolog mutaxassisning suhbati va kichik tos a’zolarini ultratovush tekshiruvidan o‘tkazishdan iborat.

Ana shu tekshiruvdan xulosa qilib, turmushga chiqayotgan qizning reproduktiv salomatligi aniqlanadi, zarur bo‘lsa, ayrim davolash choralari o‘tkaziladi. Uylanayotgan yigit ham urolog-androlog bilan maslahatlashgan holda ma’lum tekshiruvlardan o‘tishi maqsadga muvofiq. Shunda ushbu juftlikning jinsiy hayoti muammolarsiz kechishi kafolatlanadi.

Biroq jinsiy hayotning boshlanishi ayol organizmida «inqilobiy» o‘zgarishlarni boshlab beradi. Aynan shu davrdan boshlab u turli infeksiya, bakteriyalar bilan to‘qnash kelishi mumkin…

Kelin-kuyovlarga maslahatlar

Defloratsiya – tibbiyotda qizlik pardasi butunligining buzilishi defloratsiya deb ataladi. Defloratsiya er-xotinning birinchi qovushgan vaqti yuz beradi. Biroq shuni yodda tutish kerakki, qizlik pardasi bir necha jinsiy yaqinlikdan so‘ng ham butunligini saqlashi mumkin bu uning tuzilishi (mustahkamligi, cho‘ziluvchanligi va h.k.) bilan bog‘liq. Shuning uchun birinchi koitus defloratsiya bilan tugamasa, vahimaga tushmang. Bu holat qizlarda ko‘p uchraydi, faqat ginekolog-shifokor uni izohlab, zarur tavsiyalarni berishi mumkin.

Mutaxassisga qachon murojaat etish kerak?

Uch kecha davomidagi urinishlar besamar bo‘lsa, ginekolog-shifokor ayolni ko‘rikdan o‘tkazib, zarur bo‘lsa qizlik pardasida kichik kesimlarni amalga oshirishi mumkin. Bu defloratsiya yuz berishini osonlashtiradi. Ba’zan bu paytda qizdagi kuchli hissiy holat ham defloratsiyaga to‘sqinlik qilishi mumkin. Shuning uchun nikoh kechasi haqidagi turli uydirmalar tufayli qattiq qo‘rquvda bo‘lgan qizlarga ba’zan psixologik yordam ham kerak bo‘ladi.

Birinchi koitusdan so‘ng 3-5 kun davomida jinsiy yaqinlikdan saqlanish lozim. Shu kunlar davomida gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etilsa, qizlik pardasining chekkalari bitib, keyingi koituslar og‘riqsiz va boshqa asoratlarsiz kechadi.

Kelin-kuyovlarga maslahatlar

  • Yangi boshlayotgan turmushingiz, jinsiy hayotingizda muammolar bo‘lmasligini istasangiz, bir yostiqqa bosh qo‘yishdan avval dildan suhbatlashing.
  • Turmush o‘rtog‘ingizga o‘z hissiyotlaringiz, tuyg‘ularingizni uyalmay ayting.
  • Nikohning ilk kechasi qanday o‘tsa, keyingi hayotingiz ham xuddi shu mezonlarga quriladi.
  • Ilk kecha qiz uchun sinov kechasiga aylanmasligi kerak, eng avvalo buni yigit yaxshi tushunishi lozim.
  • Munosabatlarni o‘zaro ishonch va sadoqat asoslariga quring, buni yoringizga anglating. Bu vaziyatni yumshatib, ruhiy yengillik yaratadi.

Mavzuga oid maqolalar: Nega ba’zilar uylanishdan qochishadi?