Oila erkak va ayolning o‘zaro hurmati, ishonchi va hamjihatligi asosida qurilishi rost. Muhabbat, tuyg‘ular ham bo‘lishi kerak, albatta. Yana jinsiy hayot sifati ham muhim. Labingizni burib, qovog‘ingizni uchirishdan avval to‘xtang! Axir siz emasmi, jinsiy munosabatlarda erining sovuqqonligiyu qo‘polligidan shikoyat qilgan? Yoki kunda-kunora yaqinlikni istayotgan juftingizdan charchaganingizni aytib noliyotgan? Xo‘sh, muammo sizdami yoki unda? “Hamma gap temperamentda!” deysizmi?! Aslida uning nimaligini bilasizmi? O‘zingizning temperamentingizdan-chi, xabaringiz bormi? Keling, barcha shubha-gumonlarga bugun nuqta qo‘yib, munosabatlardagi inqirozni tahlil qilamiz. Ehtimol shunda bir-biringizning “til”ingizni tushunarsiz…
Erkak “+” ayol “-”
Jinsiy yaqinlikda istaklarning bo‘linishi haqida so‘z ochdikmi, demak, muammoni ham ro‘yi-rost gapirishimiz lozim. “Erim kunora yaqinlikni istaydi. Menda esa buning aksi. Biz ikki xilmiz!” Yo‘q! Siz ikki xil emassiz, balki bir-biringizni tushunishni, tinglashni istamaysiz, xolos. Temperamentni ham tinch qo‘ying.
Tabiatan temperamenti yuqori bo‘lgan erkaklar bor. Ularning jinsiy yaqinlikka bo‘lgan ehtiyoji bir kunda 3-4 martadan har kunlikkacha bo‘lishi mumkin. Ba’zilarda munosabatga kirishish istagi haftada 1-2 marta sodir bo‘ladi. Bu ham normal holat. Ya’ni erkakning temperamenti shunga mos. Ushbu holatdan muammo yasash, kamiga uni oilani inqirozga yetaklovchi omil darajasiga olib kelish noto‘g‘ri.
“Avval boshqacha edi…”
“To‘ydan keyingi oylar erim boshqacha edi. Hozir esa butunlay o‘zgarib qolgan…” “Asal oyi”da erkak va ayolning bir-biriga yetishish istagi yuqori bo‘lib, erkakda jinsiy qo‘zg‘alish ham kuchli bo‘ladi. Vaqt o‘tgani sayin har ikkisida ham yaqinlik istagi avvalgiga nisbatan kamayib, nozik munosabatlar shartli jarayon maromiga tushadi. Keyinchalik jinsiy hayot ana shu maromda davom etishi mumkin. Xo‘sh, muammo nimada?
To‘ydan so‘ng erkakdagi kuchli xohishni ayol to‘liq tushunmaydi. Chunki bu vaqtda uning o‘zida jinsiy qo‘zg‘alish deyarli bo‘lmaydi. Bu holat jinsiy hayot boshlanganidan so‘ng ikki-uch oy o‘tib, ba’zilarda esa tug‘ruqdan keyin kuzatilishi mumkin. Erkakdagi yaqinlik istagi bilan ayolniki bir vaqtda yuzaga kelmay, ma’lum muddatdan so‘ng to‘qnashishi esa har ikkisida turli fikrlarga sabab bo‘ladi. Bor gap shu.
“Uning menda ko‘ngli yo‘q!”
Bu fikr nafaqat ayollar, balki erkaklarning ham xayolini o‘g‘irlaydi. Ishoning, rost so‘zim. Qachon deysizmi? Jinsiy ehtiyoji qondirilmagach, ya’ni temperamenti “quyilmaganida” “Xotinimning menda ko‘ngli yo‘q”, deb o‘ylab qoladi. Ayol ham o‘z navbatida shunday fikrga boradi, qachonki o‘zi kutgan javobni ololmasa. Demak, qars ikki qo‘ldan chiqishi ayni shu holatning izohidir. Jinsiy talabning qondirilmaganligi gumonlarning o‘rmalashiga olib kelaveradi.
“Baribir har xilmiz…”
Jinsiy yaqinlikdan so‘ng aksariyat erkaklarning xatti-harakati o‘zgarishi mumkin. Yaqinlikka kirishgunga qadar bo‘lgan muloyimlik o‘rnini e’tiborsizlikning egallashi, tabiiyki, ayolga yoqmaydi. U o‘zini tahqirlangandek sezadi. Ammo juftingizdagi kayfiyat o‘zgaruvchanligini shu holicha qoldirib, asabiylashish ham to‘g‘ri emas. Muomalasi yoqmayaptimi, ayting, bildiring, ko‘rsating! Nega istihola qilasiz? O‘z o‘rnida o‘zingiz ham e’tiborliroq bo‘ling. Shunda munosabatlar garmoniyasiga erishish mumkin.
Garmoniya: kimning qo‘lida?
Yuqorida er-xotin o‘rtasidagi garmoniya haqida ko‘p gapirdik. Garmoniya nima va u qanday yuzaga keladi, degan savol o‘ylantirishi tabiiy. Munosabatlarda garmoniyaga erishish uchun er va xotin bir-birini sevishi, talpinishi va tushunishi lozim. Erkak faqat o‘z xohishlarini ustun qo‘yib, juftini unutib qo‘yishi ham noto‘g‘ri. Ayol ham hissiyotlariga erk berib, turmush o‘rtog‘ining ko‘nglini qoldirishga haqli emas.
Qachonki, ERKAK ayolning e’tiborini qozonish uchun unga xushomad qilsa, yaqinlikka asta tayyorlasa, jinsiy maylni hosil qilib, so‘ng munosabatlarga kirishsa;
AYOL juftining ra’yini qaytarmay, xohishlarini tushunishga, uni tinglashga va unga ko‘nikishga harakat qilsa, o‘zaro garmoniyaga erishish mumkin. Ana shunday munosabatlar oila mustahkamligini ta’minlaydi.
Solishtirmang!
Hamma odam har xil. Hech kim bir-birini takrorlamaydi, hech kim bir-biriga o‘xshamaydi. “Dugonamning eri juda e’tiborli. Ko‘ngliga qaraydi. Nega mening erim shunday emas?” Turmush o‘rtog‘ingizni hali unisi, hali bunisi bilan solishtirib, javobi yo‘q savollaringiz ko‘paysa ko‘payadiki, tugamaydi. Xo‘sh, sizga bundan nima naf?
Ruhiyatini o‘rganing!
Erkaklar psixologiyasiga ko‘ra, ularni avval jinsiy xohish, so‘ng tuyg‘ular (platonik sevgi) qiziqtiradi. Ayollarda esa buning aksi. Avvaliga his-tuyg‘ular, keyin esa jinsiy hayotga intilish paydo bo‘ladi. Bir-birining oddiy fiziologiyasi, ruhiyatini tushunmaslik esa yuqorida tilga olingan muammolarni keltirib chiqaradi. Demak, juftingizning ruhiyatini o‘rganing.
Aktrisa bo‘ling!
Erkak uchun nozik munosabatlar birinchi o‘rinda tursa, siz uchun xushomadlar muhim, shundaymi? Ammo istaganingizni shunchaki ololmaysiz. Ayyorroq bo‘ling! “Aktrisalikni eplolmayman”, demang. Har bir ayol tug‘ma aktrisa. Faqat ayrimlar iqtidorlaridan keraklicha foydalana olishmaydi. “Boshim og‘riyapti”, “Menga yoqmayapti”, “Xohlamayapman” kabi bahonali qartalarni ochib tashlashdan avval, salgina ehtiyotingizni qiling. Quvlik bilan shunday tushuntiringki, six ham, kuymasin kabob ham.
Maqtasangiz maqtabsizda….
Rostdan ham sizdan nima ketdi?! Erkak qanchalik alp kelbatli bo‘lmasin, birgina shirin so‘zingizning gadosi bo‘lishini unutmang. Hadeb “Uning temperamenti, mening temperamentim” deyavermay, “Sizdan yaxshisi yo‘q” deng-da, eplasangiz o‘sha temperamentini joyiga keltirib qo‘ying.
Erkaklarga ham ikki og‘iz…
Siz ayolingizning ko‘zgusisiz! U muomalangiz, e’tiboringizning aksidir. Avvalo tilingizga ehtiyot bo‘ling! Ilgari qanday munosabatda bo‘lgan bo‘lsangiz, hozir ham shu holatni saqlab qoling. Biror ishidan ko‘nglingiz to‘lmayaptimi, yo‘lga soling. Yaxshi gap, chiroyli muomala bilan. Jinsiy hayotingiz rang-barang bo‘lishini istaysizmi, uni ham o‘rgating. Juftingiz – oqila, u sizni, albatta, tushunadi, o‘rganadi, ko‘nikadi.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Anorgazmiya – jinsiy aloqada orgazmni his qilmaslik
Mutaxassis: Dilmurod ERGASHЕV, seksapotolog.
Manba: Darakchi.uz