Соғлом оила - соғлом келажак

Jinsiy faollikni oshirish uchun tavsiyalar

Jinsiy hayotning meyorida bo‘lishi — oilaviy baxtning asosiy ustunlaridan. Mutaxassislarning fikricha, bir martalik jinsiy yaqinlik yigirma daqiqa sport bilan shug‘ullanganlik kabi inson tanasiga foydali hisoblanadi. Undan tashqari, jinsiy yaqinlikning ovqat hazm qilish va yurak-qontomir tizimining sog‘lom ishlashiga foydasi juda katta. Ammo hozirgi vaqtda jinsiy zaiflikdan aziyat chekayotganlar tobora ko‘paymoqda. Bu ko‘pincha befarzandlik, yosh kelin-kuyovlarning ajralishlariga sabab bo‘lmoqda.

Jinsiy faollikni oshirish uchun tavsiyalar

Agar siz “yoshim o‘tib qoldi, jinsiy quvvatimni avvalgidek tiklashning iloji yo‘q”, deb o‘ylasangiz — adashasiz. Hatto butunlay zaiflashgan taqdirdayam, buni yoshlikdagidek qayta tiklasa bo‘ladi. Bunga avvalo ishonch, keyin esa iroda bilan erishish kerak.

Agarda yosh bo‘la turib, jinsiy zaiflikka eltuvchi yo‘lda bo‘lsangiz, muammoni vaqt borida bartaraf etgan yaxshi. Chunki nafaqat siz, balki turmush o‘rtog‘ingizning sog‘ligi ham mazkur munosabatlarga chambarchas bog‘liq. Shularni inobatga olgan holda, ushbu blogpost xalqimizning hozirgi yashash tarzidan kelib chiqib, jinsiy faollikni oshirish uchun nimalar qilish kerakligi haqida.

Sport

Sportning har bir turi inson salomatligi uchun juda foydali hisoblanadi. Jinsiy faollikni oshirish uchun sportning shunday turi bilan shug‘ullanish kerakki, bunda insonning nafas olish organlari yaxshi ishlashi bilan birga, jinsiy a’zolar va bel qismidagi mushaklarning harakatlanib, quvvat olishi ta’minlanishi lozim. Bulardan sportning dzyudo, sambo, milliy va erkin kurash turlari juda foydalidir. Chunki inson kurash tushganda bosim tanasining har bir qismiga teng tushadi, ya’ni jinsiy a’zolar “mashq” qilib, undagi ortiqcha zararli moddalar chiqib ketadi. O‘rnini esa foydali elementlar qoplaydi, jinsiy a’zolarning mushaklari quvvat olib, imkoniyatlari oshadi.

Soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, xuddi har kuni turnikka tortilganda qo‘llar kundan-kunga kuchga to‘lib, tortilishlar soni oshib borgani kabi, jinsiy mushaklar ham shunday quvvat oladi. Har kuni ertalab yugurishni odat qilib, yugurib badanni isitib olgandan so‘ng, tananing bel qismilariga va jinsiy a’zolarga quvvat beradigan mashqlarni qilish ham juda foydali hisoblanadi.

Jinsiy faollikka to‘siq bo‘luvchi odatlar

  • shakarli, tuzli va yog‘li mahsulotlarni meyoridan ortiq iste’mol qilish;
  • achchiq va tuzlama mahsulotlarni meyoridan ortiq iste’mol qilish;
  • sovuq qotish va nam tortish natijasida prostata bezlarini shamolatish;
  • asabiylashish va kuchli stresslarga uchrash;
  • ortiqcha vazn va harakatsizlik;
  • meyoridan ortiq yoki noto‘g‘ri parhezda yurish;
  • spirtli ichimliklar va giyohvandlikka berilish;
  • kofeinga boy mahsulotlarni meyoridan ortiq iste’mol qilish;
  • kimyoviy yo‘llar bilan yetishtirilgan yoki ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarni meyoridan ortiq iste’mol qilish;
  • haddan ziyod ortiqcha va har xil turdagi maxsulotlarni aralashtirib iste’mol qilish.

Yuqorida sanab o‘tgan odatlar sabab jinsiy zaiflikdan aziyat chekib yurganlar juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bulardan voz kechmasdan turib tibbiyot va tabobat yo‘llari bilan jinsiy faollikni oshirish uchun har qancha harakat qilinmasin, kelib chiqish sababi bartaraf qilinmas ekan, urinishlar samarasiz ketaveradi.

Ko‘pchilik jinsiy faol bo‘lish uchun ko‘p yeyish kerak deb o‘ylaydi. Aslida, foydali mahsulotlarni to‘g‘ri va meyorida iste’mol qilishning o‘zi kifoya. Ko‘pchilik go‘sht mahsulotlarini meyoridan ortiq iste’mol qilib, o‘simlik dunyosidan olingan foydali maxsulotlarni unutib qo‘yib adashadi. Jinsiy faol bo‘lish uchun jonliqlardan tayorlangan taomlardan ko‘ra, ko‘proq o‘simlik dunyosidan olingan mahsulotlarni iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, go‘sht va sut mahsulotlari ovqatlanish ratsionimizning 1/3 qismini tashkil etmog‘i lozim.

Ovqatdan keyin kofe, shirinliklar va achchiq choyni iste’mol qilish — yegan mahsulotlarimizdagi foydali vitaminlarning tanamizga so‘rilmasligi, natijada jinsiy quvvatning zaiflashishiga ham olib kelishi mumkin. Aksincha, tartibli ovqatlanish bilan jinsiy faollikni sezilarli darajada oshishi kuzatishlar davomida aniqlangan.

Ertalab uyg‘onganda, inson tanasi vitamin va uglevodlarga “tashna” bo‘ladi. Nonushtaga guruchli ovqat iste’mol qilish, ayniqsa, guruchni qaynatib yeyish juda foydalidir.

Jinsiy faollik uchun foydali mahsulotlar

Jinsiy faollik uchun foydali mahsulotlar

  • oshqovoq urug‘i;
  • asal;
  • yong‘oq;
  • arab xurmosi;
  • sedena;
  • pista;
  • zanjabil;
  • suli bo‘tqasi (Ovsyanoye kasha);
  • zig‘ir;
  • kunjut.

Ushbu mahsulotlarni imkon qadar ko‘proq va asosiysi, har kuni iste’mol qilib turish lozim.

Yuqoridagi maslahatlar bajarilganda, jinsiy faollik oshish bilan birga, prostata bezi shamollashlari ham sekin-astalik bilan yo‘qolib boradi. Shuningdek erkak urug‘ining sifati oshib, sog‘lom farzandning dunyoga kelishiga sabab bo‘ladi. Farzandsizlik dardida yurgan yosh yigitlarni esa bu muammodan xalos qilishi mumkin.

Xulosa

Jinsiy faollik uchun sport va to‘g‘ri ovqatlanish bir maromda olib borish lozim. Inson yaxshi ovqatlanib turib kamharakat bo‘lsa, ortiqcha vazn, quvvatsiz mushaklar va boshqa kasalliklar bilan birga, jinsiy zaiflik ham rivojlanadi. Aksincha, yaxshi ovqatlanmasdan turib, sport bilan shug‘ullanish ham inson salomatligi va jinsiy hayoti uchun zararlidir. Ikkalasini bir meyorida, taningiz imkoniyatiga moslashtirib bajarish — eng to‘g‘ri yo‘l. Meyorni esa, har kim o‘zi uchun belgilab olgani ma’qul.

Garchi ushbu maqola yigitlar uchun bitilgandek ko‘rinsada, yuqoridagi maslahatlardan ayollar ham bemalol foydalanishlari mumkin.

Muallif: Rashid Usmonov

Manba: Usmonov.uz

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.