Oila a’zolarining birida yaqin qarindoshlarda uchragan kasalliklarning takrorlanishi tibbiyotda ikki xil ko‘rinishga ega. Biri irsiyat bilan bog‘liq kasalliklar bo‘lsa, boshqasi nasliy moyillik va tashqi muhit ta’sirida yuzaga keladigan xastaliklar. Kundalik hayotda “ommalashgan” kasalliklarga moyillik mana shu ikkinchi turga taalluqli.
Onkologiya: xavf darajasi qanday?
Eng yaqin qarindoshlaringiz shubhasiz, ota-ona, aka-singil, buvi-buva va farzandlaringizdir. Bordiyu ulardan birida onkologik kasalliklar kuzatilgan bo‘lsa, oila a’zolaridan birining organizmida mazkur turdagi xastaliklarga moyillik bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, onkologik kasalliklarning xavfli o‘sma ko‘rinishidagisi xavotirlanish uchun yetarli asosdir.
Kasallanmaslik uchun:
- Organizmni foydali vitamin va minerallar bilan oziqlantiruvchi mahsulotlardan ko‘proq iste’mol qiling. Suniy qo‘shimchalardan tayyorlagan yeguliklardan voz kechgan ma’qul.
- Iste’mol qilinadigan yog‘li go‘sht va tuz miqdorini ham kamaytiring.
- Sog‘lom turmush tarziga rioya qilib, vazningizni nazorat qiling.
- Ruhiy zo‘riqish, stress holatlaridan saqlaning. Turli noxush o‘ylardan forig‘ bo‘ling.
Osteoparozga chalinganlar bormi?
Yaqinlaringizdan diqqat bilan surishtirib ko‘ring: kimgadir osteoparoz (suyaklar to‘qimasi siyraklashib, suyaklar haddan tashqari g‘ovaklashib qoladi) tashxisi qo‘yilganmi? Sababi bu kasallik 90 foiz hollarda yaqin qarindoshlarning qay biridadir moyillikni keltirib chiqaradi.
Kasallanmaslik uchun: muntazam jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish, tarkibida D vitamini mavjud bo‘lgan mahsulotlar bilan oziqlanish va sog‘lom turmush tarziga rioya etish lozim.
Qandli diabet xavfi
Agar yaqinlaringiz orasida qandli diabetga chalinganlar bo‘lsa, siz va oilangizning boshqa a’zolarida ham mazkur kasallikka chalinish ehtimoli mavjud. Qarindoshlik darajasi qanchalik yaqin bo‘lsa, kasallikka moyillik xavfi ham shunchalik yuqori bo‘lishi mumkin. Asosan, qandli diabetning 1 va 2-turlariga moyillik holatlari qayd etilib, eng ko‘p uchraydiganlari birinchi, ya’ni erta kasallikka chalinganlik ko‘rinishlaridir.
Kasallanmaslik uchun: tibbiy tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, har kuni 30 daqiqa jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish va organizmda insulin miqdori ortib ketmasligini nazorat qilish orqali qandli diabetdan saqlanish mumkin ekan. Ovqat bilan birga oson hazm bo‘ladigan uglevodli-shirin yeguliklarni me’yoridan ortiqcha va muntazam iste’mol qilish esa kasallikka chalinish xavfini oshiradi.
Infarktdan himoyalanganmisiz?
Infarkt (yurak mushaklarining bir yoki bir nechtasi nobud bo‘lib, yurak faoliyatining izdan chiqishi) hatto nasliy moyillik bo‘lmasa ham yuzaga kelishi mumkin. Biroq yaqin qarindoshlaringiz orasida erkaklarning 55 yoshgacha va ayollarning 65 yoshgacha bo‘lganlari infarktga chalingan bo‘lsa, siz yoki oila a’zolaringizning birida mazkur kasallikka moyillik darajasi birmuncha yuqori sanaladi.
Agar yaqin qarindoshlaringiz orasida erkaklarda 55 yoshdan so‘ng, ayollarda 65 yoshdan keyin infarktga chalinish holatlari kuzatilgan bo‘lsa, tashxis qo‘yilganidan so‘ng o‘sha inson necha yil umr ko‘rganiga ahamiyat bering. Kasallikdan keyingi hayoti qancha uzoqroq bo‘lsa, yaqinlari uchun infarktga chalinish xavfi shuncha kamayib boradi.
Kasallikka chalinmaslik uchun: tana vazningiz va asabingizni nazorat qilishni, ruhiy zo‘riqishlardan saqlanishni o‘rganing. Sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.
Ko‘rish qobiliyati
Nasliy moyillik uzoqni xira ko‘rish kasalligi uchun asosiy omillardan biri. Aniqlanishicha, mazkur kasallikka chalingan insonlar oilasida xastalikning yuzaga kelish xavfi keyingi avlodlar uchun 3 marta ko‘proq bo‘lar ekan. Biroq har doim ham kasallik ota-onadan farzandlarga o‘tavermaydi. Organizmda shunga moyillik yuzaga kelsagina uchrashi mumkin. Bu holat inson umrining istalgan vaqtida yuz berishi mumkin.
Kasallikka chalinmaslik uchun: ko‘z nurini asrash o‘z qo‘lingizda. Vaqti-vaqti bilan ko‘rish qobiliyatini yaxshilash uchun turli damlamalar yordamida kompress qiling, davolovchi mashqlarni bajaring. Shu bilan birga, ko‘rish qobiliyatiga ta’sir etuvchi zararli odatlardan ham voz keching.
Allergik holatlar
Agar ota-onangizdan birida allergik moyillik mavjud bo‘lsa, kasallikning sizda ham takrorlanishi ehtimoldan xoli emas. Shunga ko‘ra, ota-onaning biri allergik hisoblansa, farzandlarida kasallikka moyillik 40-50 foizni tashkil etadi. Ikkalasi ham allergiklar guruhiga mansub bo‘lishsa, 70-80 foizni ko‘rsatadi. Shuni ham aytish kerakki, allergik holatlarga moyillik qarindoshlarda kuzatilgan tartibda emas, organizmdagi o‘zgarishlarga ko‘ra boshqacha ko‘rinishda ham bo‘lishi mumkin.
Kasallikka chalinmaslik uchun: eng muhimi, allergik holatlarni chaqiruvchi mahsulotlardan uzoqroq yuring. Masalan, aerozol, yangi bo‘yoqlar, tamaki tutuni, taomnomadagi qizil, achchiq, o‘ta shirin va sho‘r yeguliklar shular jumlasidandir.
«Onam to‘lachadan kelgan bo‘lsa, men ham semiramanmi?»
Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, ota-onasi yoki yaqin qarindoshlarining aksariyatida semizlik kuzatilgan bo‘lsa, oilaning boshqa a’zolarida ham shunga moyillik bo‘lishi mumkin. Kimlardadir bu yoshligidan sezilsa, kimdadir asta-sekin yuzaga keladi.
Oldini olish uchun: tana vazningizni nazoratda tutsangiz, istalmagan to‘lalikni meros qilib olmaysiz. Asosiysi, ozaman deb, organizmingizni zo‘riqtirib, quvvatsizlantirmang.
Soch to‘kilishi
Oilangiz erkaklarida sochning erta to‘kilishi muammosi bo‘lsa, bu holat boshqalarda ham uchrashi mumkin. Odatda bu jarayon erkaklar naslidan tarqalib, tepakallikni keltirib chiqaradi.
Oldini olish uchun: sochlarni to‘g‘ri parvarishlang. Zarur hollarda vitaminlardan qabul qiling. Hamma ishlatgan taroqlardan foydalanmang.
Depressiya ham o‘tishi mumkinmi?
Albatta, agar bunga moyillik bo‘lsa. Aytaylik, turmushdagi muammolar, asabiylik, tushkun kayfiyat, hayotidan qoniqmaslik bora-bora depressiyani keltirib chiqarib, ruhiy muvozanatni o‘zgartiradi. Bu holat asosan ayollarda ko‘p kuzatilib, tug‘ruqdan keyingi davrlarga to‘g‘ri kelar ekan. Kasallik sababining oddiy kundalik tarzidan kelib chiqishi esa yanayam hayratlanarli.
Kasallikka chalinmaslik uchun: hayotingizni boricha qabul qilib, muammolarni axtarmang. Asablaringizni nazorat qilib, tinchlaning. Zarur hollarda nevropatologga uchrab, tinchlantiruvchi muolajalar ham olish mumkin.
Oshqozon gastriti, me’da yarasi…
Bu kasalliklar ham oila a’zolaringizning birida takrorlanishi mumkin. Ammo organizmda xastalikka moyillik bo‘lmasa, xavotirga o‘rin yo‘q. Biroq har qanday vaziyatda ham iste’mol qilinayotgan mahsulotlarga e’tiborli bo‘ling. Oddiydek ko‘ringan holat ham kasallikka moyillikni uyg‘otishi hech gap emas.
Kasallikka chalinmaslik uchun: avvalo to‘g‘ri ovqatlaning. Och qoringa turli sharbatlardan ichmang. O‘z vaqtida, to‘g‘ri ovqatlanishni odat qiling. Oson hazm bo‘ladigan taomu yeguliklardan tez-tez, oz-ozdan tanovul qiling.
Ayollar salomatligiga doir kasalliklar
Onangizning kasallik tarixi bilan tanish bo‘lsangiz, tuxumdonlar, siydik yo‘llaridagi shamollash, yallig‘lanish jarayonlari, sistit, bachadon naylari faoliyati bilan bog‘liq o‘zgarishlardan voqifsiz. Agar bu kasalliklar haqida bilsangiz, o‘zingizda ularga moyillik yuzaga kelishi mumkinligini ham inobatga oling. Sababi onadan qizlarga aynan mana shu turdagi kasalliklarning o‘tish ehtimoli yuqori sanaladi.
Kasallikka chalinmaslik uchun: jinsiy a’zolar faoliyati bilan bog‘liq xastaliklarga ahamiyatli bo‘ling. Yallig‘lanish holatlarini o‘z vaqtida davolang. Kasallikka moyillikni keltirib chiqaruvchi salbiy ta’sirlardan himoyalaning.
Xullas, salomatligingiz o‘z qo‘lingizda! Demakki, ota-onam yoki xola-ammam qaysi kasallik bilan og‘rigan, deya bosh qotirmay, sog‘lom turmush tarziga amal qiling. Nafaqat o‘zingiz, balki oilangizning barcha a’zolarini bunga jalb eting. Zero, to‘g‘ri tanlangan turmush tarzida har qanday kasallik ham chekinadi. Unutmang, nasliy moyillikka ega bo‘lish uchun organizmda jiddiy o‘zgarish va tashqi muhitning salbiy ta’siri bo‘lishi kerak. Bularsiz oilangiz tarixidagi kasalliklar salomatligingizga soya sololmaydi.
Sanobar Allaberganova, Shifokor-genetik. “Sugdiyona.uz“