Sog'lom oila - sog'lom kelajak

Intim plastika operatsiyasi – turlari, zarur holatlar va narxlari

E’tibor qaratayotgan bo‘lsangiz, loyiha doirasida oilani yanada mustahkamlash uchun turkum maqolalar berib borayapmiz. Sizga sir emas, oilaning mustahkamligi har ikkala juftning nozik munosabatlarda moslashishi bilan ham shartlanadi. Ko‘p hollarda farzandlar tug‘ilishidek ulkan baxtdan so‘ng «ko‘zga ko‘rinmas», aytishga nojoiz tashvishlar boshlanadi. Gap tug‘ruq oqibatida bachadonning pastga tushishi va qinning kengayishi haqida ketayapti. Ko‘pincha bunday hollarda er-xotinning hissiyotlari chegaralanadi. Bunday noqulayliklarni tibbiyot «intim plastika» deb nomlanuvchi jarrohlik usuli bilan osongina bartaraf etadi.

Bu gal sahifamiz eksperti — akusher-ginekolog Jahongir G‘AFUROV intim plastikasi haqidagi nazariya va amaliyotga tayangan bilimlari bilan o‘rtoqlashadi.

Intim plastikasi jinsiy hayot bilan bog‘liq muammolarni hal etuvchi tibbiyot sohasidir. Nomi «plastik jarrohlik» bo‘lsa-da, dunyo olimlarining tadqiqotlari shuni isbotlaydiki, intim plastikasi faqat ko‘rk berish emas, balki qin va bachadondagi hujayralar strukturasining buzilishi bilan kechuvchi jiddiy kasallikni ham bartaraf etishga yordam beradi. Bunday deyishimizga avvallari intim plastikasiga boshqa tug‘maydigan, 40-45 yoshdan oshgan ayollar ehtiyoj sezgan bo‘lsa, hozirda yoshgina juvonlar ham ushbu jarrohlik usulini amalga oshirishga talabgor. Buning uchun birgina tug‘ruq yoki 2-3 karra abort aralashuvining o‘zi yetarli bo‘layotgani yuqoridagi fikrimizni isbotlaydi.

Intim plastika uchun qay hollarda zarurat bor?

  • Qin devori pastgan tushganda;
  • qin hajmi o‘zgarishganda;
  • oraliq yoriqlarida deformatsiyalovchi chandiqlar hosil bo‘lganda (epiziotomiya);
  • ayolni kichik jinsiy lablarining shakl va o‘lchami qoniqtirmasa;
  • tos a’zolari, jumladan, qin devorlarining tushib qolishidan qovuq sfinkterining noto‘liqligi hamda qovuq bo‘ynining ortiqcha harakatchanligi (buning oqibatida ko‘p ayollarda peshob tuta olmaslik holati kuzatiladi).
  • Qochib qutulib bo‘lmas sabablar

Intim plastika operatsiyasi uchun sabablar

Intim plastikasiga muhtojlik tug‘diradigan yuqoridagi holatlar asosan quyidagi sabablardan kelib chiqadi:

  • tug‘uruq vaqtidagi yoriqlar;
  • jinsiy lablarning gipertrofiyasi (kattalashganda);
  • bachadon tanasining osilib qolishi;
  • katta vaznli bola tug‘ish;
  • ko‘p tug‘ruq oqibatida;
  • og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanish;
  • ko‘p sonli abortlar.

Guvohi bo‘lganingizdek, intim plastikasiga ehtiyoj tug‘diruvchi holatlar asosan tug‘ruq oqibatida kelib chiqadi. Biroq ana shunday umumiy holatlarning 0,2-0,3 foizi tug‘ma bo‘lishi ham mumkin. Ammo bu qizlarda turmushga chiqishidan ancha oldin, hali bolalik chog‘idayoq ma’lum belgilar bilan o‘zini bildiradi.

O‘QING:  Menopauza - turlari, belgilari, asoratlari, tashxislash va davolash usullari

Bu biz yuqorida ta’kidlagan hujayra strukturasining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham bu jarrohlik usulini plastik emas, balki rekonstruktiv jarrohlik deb nomlash to‘g‘riroq bo‘ladi.

Belgilari

Bachadonning pastga tushishi va qin kengayishi tashqi tomondan ham ma’lum o‘zgarishlarni keltirib chiqarish bilan birga, ba’zi jiddiy noqulayliklar ham tug‘dirib, ayollarni bezovta qiladi:

  • doimiy intim noqulaylik;
  • peshob tuta olmaslik;
  • qorinning quyi qismida pastga tortuvchi og‘riq;
  • bel sohasida turli og‘riqlar bo‘lishi;
  • jinsiy yaqinlik davrida turli og‘riqlar, tovushlar bo‘lishi;
  • ham erkak, ham ayolda jinsiy yaqinlik lazzati (orgazm) tuyg‘usining yo‘qolishi – anorgazmiya;
  • ortiqcha shilliq ajralmalarning ko‘payishi…

Ayolning reproduktiv tizimi normal ishlashi mana bunday uzilmas zanjirdan iborat:

  • jinsiy lazzatlanish;
  • endorfin ajralishi;
  • ayollik gormonining ajralishi;
  • qinning mustahkam bo‘lishi.

Ana shu zanjirda biror uzilish yuzaga keladigan bo‘lsa, bu butun ayol organizmida ma’lum buzilish ro‘y berdi, degani.

Aldanib qolmang!

Juda ko‘p ayollar jinsiy lablarini olib tashlashimizni so‘rab murojaat qilishadi. Tabiat ayolning jinsiy a’zolari tuzilishini shunday mukammal yaratganki, u «ochiq» bo‘lgani uchun ham jinsiy oraliqni jinsiy lablar orqali himoyalagan.

Agar tajribasiz jarroh ana shu himoya «qavati»ni olib tashlasa, har qanday infeksiya, viruslarga «ochiq eshiklar kuni»ni e’lon qilaversa bo‘ladi. Yoki xuddi shunday tabiblar ishlab chiqarayotgan ba’zi tabletka shaklidagi dorilar haqidagi gaplarni ham eshitish mumkin.

Fikrimizcha, u xalq tabobatida mashhur bo‘lgan achchiqtoshdan qilinsa kerak. Sababi aytishlari bo‘yicha, uni jinsiy yaqinlikdan avval ayol qiniga yuborilsa, haqiqatan qinning quruqlashishiga olib keladi. Ammo biroz vaqt o‘tgach, ayolning qinida achishish, turli yara, qichishish holatlari, infeksiyalar kirishi, og‘ir viruslar yuqishi kuzatilishi mumkin. Bu ham o‘sha tabiatan insonni himoyalash uchun berilgan shilliqning «sun’iy» yo‘qotilishi oqibatida yuzaga keladi.

Jarrohlik usuli qanday amalga oshiriladi?

Bu boradagi jarrohlik usuli ko‘pchilik ayollar o‘ylaganidek, oddiygina ortiqcha qismni kesib olib tashlash, degani emas. Bu ayol kichik tos a’zolarini shu ahvolga olib kelgan sabablarni bartaraf etib, so‘ng jinsiy a’zolarning normal holatini tiklashdir.

Jinsiy plastikaga ehtiyojmand ayol shifoxonaga murojaat qilganida avvalo u haqdagi barcha ma’lumotlar (shaxsiy ma’lumotlari, shikoyatlari, jinsiy hayoti, necha marta tug‘ruq va abortni boshdan kechirgani, ularning qanday kechgani, irsiy ma’lumotlari) yig‘iladi. So‘ng qin va bachadon ko‘rigi o‘tkazilib, zarur bo‘lsa, qo‘shimcha tadqiqotlar olib boriladi va operatsiyaga tayyorlanadi.

O‘QING:  Tug‘ruq! Tabiiy jarayon

Ayol tashqi jinsiy a’zolari bo‘yicha shikoyat bilan kelgan bo‘lsa, hech qachon uni shunchaki «pardozlash» uchun operatsiya qilish kerak emas. Bu muammmoning yarmini hal etish demakdir. Chunki bachadon uchun qin «poydevor» vazifasini o‘taydi.

Agar bachadonning pastga tushishi oqibatida qin ham kengayib, devorlari pastga tushib qolgan bo‘lsa, bachadonni ko‘tarmay, qinning bir qismini shunchaki olib tashlash vaqtincha foyda beradi. Vaqt o‘tishi bilan «to‘g‘rilanmagan» bachadon yana qinni bosib, avvalgi holatiga qaytadi.

Intim plastikasi jarrohligi agar faqat jinsiy lablarni normallashtirish bilan bog‘liq bo‘lsa, 15-20 daqiqa davom etadi. Va bunday bemorlarga statsionardan 3-kun uyga ketishiga ruxsat beriladi.

Foto: imp-clinic.com

Agar qin plastikasi belgilangan bo‘lsa, operatsiya bemor xohishiga ko‘ra, mahalliy yoki umumiy narkoz ostida 30 daqiqa davomida amalga oshiriladi. Ular 5 kundan so‘ng uyiga ketishi mumkin. Intim plastikasi qilinganda, jinsiy a’zolar terisi ostidan kosmetik so‘rilib ketuvchi choklar tikilgani uchun ham bunday nozik joydan ip oldirish azobi ham xavf solmaydi.

Intim plastika operatsiyasidan so‘ng qanday terapiya buyuriladi?

Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilganidan so‘ng ayol antibakterial, yallig‘lanishga qarshi, so‘riluvchi dori-darmonlar bilan davolanadi. Choklar bitganidan so‘ng bemorga har xil mashqlar, fitnes mashg‘ulotlari, massaj buyurilishi mumkin.

Nimalar mumkin emas?

Jarrohlik aralashuvidan so‘ng ayolga 20-25 kun davomida o‘tirish, 30-35 kun davomida jinsiy yaqinlikka yo‘l qo‘yish mumkin emas. Yo‘qsa qinning tikilgan joydan «so‘tilishi» kuzatilishi mumkin.

Intim plastikasi aralashuvidan so‘ng ayolning tug‘ish qobiliyati cheklanadimi?

Yo‘q. Ayollar intim plastikasidan so‘ng ham farzandli bo‘lishi mumkin. Ammo u farzandini o‘zi dunyoga keltirishi bir qator asoratlar bilan kechadi. Avvalo agar u tug‘ishni niyat qilsa, o‘zi tug‘ib, so‘ng qayta intim plastikasi qildirishiga yoki kesarcha kesish yo‘li bilan qin butunligi va hajmini saqlab qolishiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham bu jarrohlik aralashuvini boshqa farzandli bo‘lishni istamaydigan ayollarga tavsiya qilamiz. Maslahatlashgan holda ularda birato‘la ixtiyoriy jarrohlik sterilizatsiyasi (bachadon naychalarining yopilishi) ham amalga oshirilishi mumkin.

Intim plastik operatsiya narxlari

Toshkent shahri klinikalarida intim plastik operatsiyasi narxlari xizmat turiga, operatsiya ko’lamiga qarab o’zgarib turadi. O’rtacha narx ikki million so’mdan o’n million so’mgacha.

Tegishli maqolalar:

Ekspert: Jahongir G‘AFUROV, akusher-ginekolog.
Jurnalist: DILAFRO‘Z suhbatlashdi.
«Sug’diyona» gazetasi.
Darakchi.uz

Ushbu mavzu yuzasidan savollaringiz bormi? Unda savollaringizni quyida "Fikr bildirish" qismi orqali yozib qoldiring. Dolzarb va muhim savollarga shifokor ekspertlarimiz javob berishadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.