«Yoshim 26 da. Kasbim muhandis bo‘lsada, hozirgi kunda uy bekasiman. Erim bilan turmush qurganimizga yetti yil bo‘ldi, ammo hanuzgacha go‘dak yig‘isiga mahtalmiz.
Yaqinda mashhur professor opada davolandim, shifo topishimga imonim komil edi. Shu sabablimi, ikki oy o‘tar-o‘tmas hayz ko‘rishdan to‘xtadim. Ko‘nglim aynib, bot-bot qayt qilgim kelib qiynalsamda, quvonchim olam-jahon edi. Qarangki, bir necha oy o‘tar-o‘tmas to‘lishib, qornim ham do‘ppayib qolgandek edi, nazarimda. Hammamiz bo‘lg‘usi farzandni umid bilan kuta boshladik. Erim tug‘ilajak “o‘g‘il”ga, men esa “qizaloq”qa ism izlab ovora edik. Qaynonamning “ilk farzand tug‘ilganiga qadar sir tutilsa, yaxshi bo‘lishi” haqidagi o‘gitiga amal qilib, o‘zimni ginekologga ham ko‘rsatmay yurdim. “Homilador”ligimga deyarli to‘rt oydan oshganda, ayollar maslahatxonasiga yo‘l oldik. Meni ko‘rikdan o‘tkazgan ginekolog opa boshini chayqab, ultratovush tekshiruviga yubordi. Ne ajabki, ikkala do‘xtir ham mening umuman homilador emasligimni aytishdi. Dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘lib ketdi. Uyim musibatxonaga aylandi. Ko‘nglimning bir chetida yaproq misol qaltirabgina turgan umid ham yana oy ko‘rganimdan so‘ng mutloq uzildi. Yo rab, bu ne ko‘rgilik?!»
N.
Darhaqiqat, «soxta homiladorlik» degan tibbiy atama bilan nomlanuvchi holat hayotda uchrab turadi. Xususan, tabiatan nevrozga moyil, ta’sirchan ayollarda bu hol ko‘p uchraydi. Farzand ko‘rishni astoydil istovchi bunday ayollarda hayz to‘xtashi bilan birga “toksikoz” alomatlari – ko‘ngil aynishi, qayt qilish ham ro‘y beradi. Shuningdek, qorin do‘ppayishi, semirish ham kuzatilishi mumkin. Bunday ayollarda gonodotrop gormonlar ishlab chiqarilishi oshib, sariq tana paydo bo‘ladi. Shu bois homiladorlikni aniqlovchi testlar ham ijobiy (tasdiq) natija berishi mumkin. Bu kabi holat Tog‘ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” qissasida ham o‘zining qoyilmaqom ifodasini topgan:
“Onamiz to‘lishib-to‘lishib qoldi. Yonoqlarida sepkil toshib-sepkil toshib qoldi. – Oymomaning bo‘yida bo‘pti, ko‘z tegmasin. – Yaratganning o‘zi nolasini eshitibdi, kech bo‘lsayam beribdi. – Farzandning erta-kechi bo‘ladimi. – Ishqilib, eson-omon qutulib olsin. Onamizni ko‘rmishlar ana shunday dedilar! Aslida… unday emas! Ayol zoti chinakam farzand dog‘ida kuysa… Farzandni qalban orzu qilsa… Xuddi bo‘yida bo‘lmishday to‘lishadi! Ayol ruhiyati shunday, ayol tani shunday, ayol qalbi shunday! Tabiat ayolni farzand uchun yaratadi. Farzand – ayol baxti bo‘ladi, shon-sharafi bo‘ladi, yuz-xotiri bo‘ladi! Ona – ayol zoti uchun oliydan-oliy martaba bo‘ladi!”
Er va xotin har jihatdan mutlaqo sog‘lom bo‘lsada, farzand ko‘ra olmasliklari tez-tez uchraydigan holatlar sirasiga kiradi. Quyida shunday holatlardan birini misol tariqasida keltirib, tibbiy nuqtai nazardan imkon qadar izohlashga harakat qilamiz:
«Biolog o‘qituvchiman, yoshim qirqqa yaqinlashib qoldi. Ayrimlarga ibrat bo‘lar degan niyatda o‘tmishim haqida so‘zlamoqdaman. Erim ikkovimiz asli vodiylik bo‘lsakda, poytaxt dorulfununida o‘qib yurgan paytlarimiz tanishganmiz. O‘qishni tugatish arafasida turmush qurdik. Hash-pash deguncha tahsilni tugallab, o‘z qishlog‘imiz maktabida ish boshladik.
Ammo yillar o‘tsada, tirnoqqa zor yashadik. Bormagan joy, ko‘rsatmagan do‘xtirimiz qolmadi hisob. Shifokorlar: “Ikkingiz ham soppa-sog‘siz, siqilmasdan kutish lozim”, deyishardi. Folbinu, soxta “karomatgo‘y”larga tashib bor-budimizni tamomlasakda, aslo naf ko‘rmadik. Nuqul atrofdagilar qo‘lini nuqib bizni ko‘rsatishayotgandek tuyulardi. Goho o‘g‘il to‘ylardan kechroq qaytgan erimning bolishlari ko‘z yoshdan nam bo‘lib qolganini sezardim. Qaynilarim bag‘ri ham birin-ketin farzandlar bilan to‘la boshladi.
Endi qaynonam tugul, mendan ancha kichik ovsinlarim va qaynsingillarim ham dag‘al muomala qilib, gap bilan uzib oladigan bo‘lishdi. Barcha sizga tashlansa ham eringiz mehr ko‘rsatib, tasalli bersa bas, oilangizga hech kim rahna sololmas ekan. Shu tarzda to‘qqiz yilga yaqin umr kechirsakda, er-xotin bir-birimizdan bezish o‘rniga, tobora yaqinlashib borar edik…
Shunday kunlarning birida boshimizga katta musibat tushdi. Uch farzandning otasi bo‘lgan o‘rtancha akam, kelinoyim va kichik jiyancham avtohalokat tufayli bevaqt hayotdan ko‘z yumishdi… Azada ota-onam, jigarlar faryodi bir tomonu, “ayajonim” deya onasini qidirgan jiyanim Shohistaning bo‘zlashi bir tomon bo‘ldi. Chidayolmay endigina ikkiga kirgan jiyanchamni mahkam bag‘rimga bosganimda, dilimdagi nido tilimga ko‘chganini sezmay qoldim:
“Ey, falak, bu dunyoda bag‘ri butun ham bormi?!!”
Akamning besh yoshli to‘ng‘ich o‘g‘li Asliddin birozdan so‘ng tengdoshlari bilan o‘ynab ketdi…
Bo‘ynimdan mahkam quchgancha uyquga ketgan Shohista jiyancham bosinqirab chiqdi. Tongga yaqin biroz ko‘zim ilingan ekan, akam tushimga kirib: “Shohista qizimni senga topshirdim”, deya ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bu haqda hech kimga og‘iz ochmadim. Uyimga qaytgandan keyin ham bu tushni yana ko‘rdim. Navbatdagi tushlarimning birida akam g‘azab bilan: “Senga nima degandim, axir?!” deya qo‘l siltab, ters burilib ketdi. Ortidan ho‘ngrab yig‘lab qoldim. Ko‘zimni ochsam, o‘ngimda ham titrab yig‘layotgan ekanman, tepamda erim hangu—mang. Hammasini erimga yig‘lay-yig‘lay so‘zlab berdim. Ertasiga uyimizga bordim. Ostonadayoq Shohista yugurib chiqib, bo‘ynimga osildi, bir “ammajonim”, bir “ayajonim”, deya chuldirab hammani yig‘latdi.
Onam ichkariga imlab: “Shohista senikida tura-tursin, hech kimga ilakishmay, ichikib qolyapti”, dedi. Xullas, u oilamizga, erimga tezda o‘rganib ham qoldi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, uni istab-istamay yana onamnikiga yetaklab ketarkanman, ortimizdan erim ma’yus tikilib qoldi. Uyga borganimda, onam ko‘ziga yosh olib, akam tinmay tushiga kirayotganligini, qizini menga berishlarini qayta-qayta so‘rayotganligini aytib berdi. Men ko‘rgan tushni onajonim ham ko‘rgan ekanlar.
Xullas, odamlarning gap-so‘ziga e’tibor ham bermay, Shohistani farzand qilib oldik. Baxtiyor yashay boshladik. Qarangki, qizimizning qadami qutlug‘ kelib, oradan yarim yil o‘tar-o‘tmas, homilador ekanligimni sezib qoldim. Hozir uch farzand – ikki qiz va o‘g‘limni kamolga yetkazmoqdaman.
Boshimdan o‘tganlarni qancha qismatdosh yosh oilalarga so‘zlab berishimga to‘g‘ri keldi. Qarangki, biz kabi farzand saqlab olib, o‘zlari ham uvali-juvali bo‘lganlar talaygina ekan. Menimcha, tibbiy tekshiruvda sog‘lom deb topilgan befarzand juftlar shu yo‘lni ixtiyor etsalar, yaxshi bo‘lardi».
S.
Sababi noaniq yoki nisbiy bepushtlik har yuz farzandtalab oilaning to‘rt-beshtasida uchraydi. “Tushunarsiz bepushtlik” tashxisi bilan poytaxt shifoxonalariga yuborilgan er-xotinlarda befarzandlik sabablari aniqlanadi. Umuman olganda, ayollarni laparoskopik usulda tekshirish, erkaklarning shahvat suyuqligini to‘la analiz qilish, har ikki tomonda gormonal, bakteriologik tadqiqotlar o‘tkazish masalaga oydinlik kiritishi mumkin.
Shifokorlar bu tashxisni qo‘yishda bejiz ehtiyotkorlik qilishmaydi. Chunki chuqur tekshiruvlar o‘tkazilganda bunday oilalarning tonzillit (tomoq murtagi yallig‘lanishi), stomatit (og‘iz bo‘shlig‘i yallig‘lanishi) va boshqa turli virusli kasalliklarga moyilligi aniqlangan. Surishtiruvlarda qarindoshlari orasida bepushtlik, qandli diabet, o‘sma kasalliklari va homila tushib qolishi tez-tez uchrab turishi ma’lum bo‘lgan. Ular orasida “nisbiy bepushtlik”ka chalinganlar soni aslida ancha kam. Bundaylarning bir qismida immuntanqislik yoxud sekretsiya bezlari kasalliklariga moyillik mavjudligining o‘zi ham reproduktiv faoliyatga zimdan salbiy ta’sir etishi mumkin. Aniqlanishicha, befarzandlarning 64 foizi surunkali stress, ya’ni asablari tarang holatda yurisharkan. Ularda hadiksirash, asabiylashuv, yig‘loqilik, odamovi bo‘lib qolish kabi holatlar namoyon bo‘ladi. Surunkali stress nafaqat ruhiy-emotsional holatga, balki ichki sekretsiya bezlari faoliyatiga ham salbiy ta’sir etib, pusht uchun zarur gormonlar ishlab chiqish jarayoniga putur yetkazadi.
Shuning uchun mohiyati mavhum bepushtlik gumon qilingan oilalarga gohida yuqoridagi voqea kabi yo‘l tutish tavsiya qilinadi. Darhaqiqat, ayrim oilalar farzand asrab olgach, o‘zlari ham uvali-juvali bo‘lib ketishadi. Bu holat tibbiy nuqtai nazardan quyidagicha izohlanadi. Doimo iztiroblar komida yashayotgan er-xotin oilada bola paydo bo‘lgandan so‘ng siqiq kayfiyatu atrofdagi gap-so‘zlardan qutuladilar. Natijada, asta-sekinlik bilan ruhiy holat o‘z maromiga kelib, ichki sekretor bezlar va jinsiy a’zolar faoliyati yaxshilana boradi. Bu esa ularning reproduktiv salomatligi tiklanib, chinakam ota-onalik baxtiga erishishlariga olib keladi.
Ushbu o‘rinda mavzuga yaqin bo‘lgan bir maktubdan ko‘chirma keltirsak:
“Erim bilan yaxshi ko‘rishib turmush qurganmiz. Deyarli to‘rt yil farzandli bo‘lmaganimizdan so‘ng qaynonam o‘tirsam o‘poq, tursam so‘poq deya boshladi. Ammo erim meni yeru ko‘kka ishonmas, ajralishni xayoliga ham keltirmasdi. O‘zimni igna ustida yurgandek omonat his qilardim. Necha bor uyimga qaytib ketsam, erim yolvorib olib kelardi. Shifokorlar ikkovimizni ham sog‘lom deyishardi. Qaynim uylangach, erimdan xafa bo‘lgan onasi bizni «joy almashtirish kor qilishi mumkin” deya alohida uyga ko‘chirib yubordi. Biz ko‘pqavatli uyning beton devorlari ichida o‘zimizni ancha erkin his qila boshladik. Qarangki, ko‘chib kelganimizga uch oy o‘tmasdan homilador bo‘lganligimni sezib qoldim. Hozirgi kunda, uch farzandim bor. Demak, farzandsiz odamlarga keksalarning “joy o‘zgartirish” haqidagi o‘gitlari ham qo‘l kelar ekanda?!»
Darhaqiqat, chuqurroq mushohada qilingudek bo‘lsa, bu voqeadagi “joy o‘zgartirish”ning nafini quyidagicha izohlash mumkin: yosh oila atrofdagilarning gap-so‘zlariyu, aralashuvlaridan xalos bo‘lgach, ruhiy holati izga tushgan. Natijada, jinsiy a’zolar maromida faoliyat ko‘rsatib, ayol homilador bo‘lgan. Ko‘pchilik oilalarning tabib, mullalardan davo topishlari ham ruhiy ta’sirotga bog‘liq. Umuman olganda, farzand ko‘ra olmayotgan er-xotinlar atrofdagilar tomonidan siquvga olinmasa, aksincha, dalda berilsa, bas, hammasi o‘z iziga tushadi.
Ushbu maqolalarni ham o‘qing:
Manba: Tib.uz