Соғлом оила - соғлом келажак

Homiladorlikning 8-haftasi

Homiladorlikning 8 akusherlik haftasi oltinchi embrional haftaga to‘g‘ri keladi. Agar odatiy oylar bo‘yicha hisoblanadigan bo‘lsa, bu ikkinchi oyning tugashidir. Bu vaqtda aksariyat ayollar homilador ekanliklarini bilgan bo‘ladilar. Bilmaganlar ham buni payqay boshlaydilar, sababi ushbu vaqtda belgi-alomatlar kuchayayotgan bo‘ladi. Shunday qilib, bu vaqtda ayol va embrionda qanday o‘zgarishlar yuz berayotgan bo‘ladi?

Homiladorlikning 8 haftasidagi sezgilar
Avvallari paydo bo‘lgan homiladorlikning belgi-alomatlari bu vaqtga kelib yanada yaqol sezila boshlaydi. Gormonlar darajasi oshib boradi – sirtdan qaraganda, bu holat kayfiyatning tez-tez o‘zgarishi, yig‘loqilik, seruyqulikda namoyon bo‘ladi. Bachadon ham hajman kattalashishni boshlaydi. Garchand ayol bularni hali sezmasada, lekin uning ichki organlariga noqulaylik tug‘ila boshlaydi. Siyish tez-tez qistaydi, qabziyat paydo bo‘lishi ham mumkin. Homiladorlikning 8 haftasida ajralmalar ham ko‘payishi mumkin, lekin, agar ular qichima bilan kechmasa, unda xavotirga o‘rin yo‘q. Ba’zilarda jigar rang ajralmalar kelishi mumkin. Belda og‘riq bo‘lmasa va o‘zini yomon his qilmasa – bu ham xavotirli emas. Biroq bu haqda shifokorni xabardor qilib qo‘ygan har holda yaxshi. Bu vaqtda toksikoz aksariyat homilador ayollarning asosiy muammosiga aylanadi. Doimiy so‘lak oqishi, ovqatdan bezish, qayt qilish bemalol ovqatlanishga yo‘l qo‘ymaydi. Bir tomondan, ko‘pchilik ayollar buni boshdan kechirishadi, lekin boshqa tomondan, agar qayt qilish kuniga 5 martadan ortiq yuz beradigan bo‘lsa, shifokorga murojaat qilish kerak.
Homiladorlikning 8 haftasida homilaning rivojlanishi
Mazkur haftada kichkintoy yangi “maqom”ga ega bo‘ladi. Endi u murtak emas, balki homila deb ataladi. Yo‘ldosh rivojlanadi, bachadon-yo‘ldosh qon aylanishi yaxshilanadi. Ushbu haftadan boshlab homila ozuqani kindik orqali ola boshlaydi. Homilaning hajmi jimitdak (bor-yo‘g‘i 1.5–2 sm) bo‘lishiga qaramay, u odam ko‘rinishiga ega. UZIda uning qo‘lchalari, oyoqchalari, boshi aniq ko‘rinadi. Yuz bichimlari shakllana boshlaydi. Ichki organlar takomillashib boradi. Yurak to‘rt kamerali bo‘la boshlaydi, o‘pkada bronxlar ildizlar kabi tarmoq otadi, buyraklar vujudga keladi. Jinsiy a’zolar paydo bo‘la boshlaydi: o‘g‘il bolalarda – tuxumlar, qizlarda esa – tuxumhujayralar ishlab chiqariladigan tuxumdonlar vujudga keladi. Biroq bolaning o‘g‘il yoki qiz ekanligini sirtdan ajratib bo‘lmaydi. Jo‘shqin sur’atlarda asab tizimi takomillashadi. Kichkintoy faol ravishda harakat qila boshlaydi: qo‘l-oyoqlarini siqib-ochadi, u yoq-bu yoqqa ag‘dariladi. Bularning hammasi UZIda yaqqol ko‘rinib turadi. Lekin homiladorlikning 8 haftasida homila hali juda kichik bo‘ladi, shuning uchun uning bu harakatlarini ona sezmaydi. Ayol g‘imir-g‘imirlarni sezishiga hali bir necha oy bor. Mazkur haftada barcha organlar shakllanib bo‘lgan, keyingi haftalarda endi hech qanday yangi a’zolar paydo bo‘lmaydi. Shunchaki mavjud a’zolar takomillashib boradi, homilaning o‘zi esa – o‘sadi va vazn yig‘adi.
Shifokor ko‘rigi
Agar ayol hali hisobga turmagan bo‘lsa, hozir buni qilishning ayni vaqtidir. Shifokor ko‘rikdan o‘tkazadi, taraqqiy etayotgan bachadon homiladorligini tasdiqlash uchun tibbiy tahlilga (analizga) yo‘llanma yozib beradi, kerakli vitaminlarni tanlaydi va UZIdan o‘tishni tayinlaydi. Ginekologdan tashqari terapevt, stomatolog va venerolog ko‘rigidan o‘tish zarur. Shuni qayd etish lozimki, agar homiladorlikning 8 haftasida qorindagi bo‘rtiq hammaga ko‘rinib turgandek tuyulsa ham, o‘z holatingiz haqida doktorni xabardor qilib qo‘ying. Hamma homiladorliklar har xil bo‘ladi va barcha ayollarda qorin ham turlichadir: sizga so‘zsiz tushunarli bo‘lgan narsa boshqalar uchun umuman tushunarsiz bo‘lishi mumkin! Agar bo‘lg‘usi onaning surunkali kasalliklari bo‘lsa yoki u muayyan dorilarni muntazam ichib yurishga majbur bo‘lsa, bu haqda davolovchi shifokorga aytgan ma’qul. Zarur hollarda shifokor qo‘shimcha tahlil va tekshiruvlarni tayinlaydi hamda dorilarni qabul qilish tartibiga tuzatish kiritadi.
Tahlillar
Qonning biokimyoviy tahlili – ayol ichki organlarining holatini baholashga, qanday mikroelementlar yetishmayotganini aniqlashga imkon beradi. Siydik tahlili:
Qandga umumiy tahlil – buyraklar holatini baholashga,
Nechiporenko bo‘yicha – yashirin yallig‘lanishlarni aniqlashga,
Qandga – qondagi glyukoza darajasini belgilashga imkon beradi.
Tavsiyalar
Agar ayolni biror narsa ortiqcha bezovta qilmasa, u odatiy hayot tarzini kechiraverishi mumkin. Sport bilan shug‘ullansa bo‘ladi, lekin yuklamalar shiddatini pasaytirish kerak. Jinsiy aloqa ham taqiqlanmaydi. Agar bola tushib qolishi xavfi mavjud bo‘lsa, bularning barchasini vaqtincha to‘xtatib turishga to‘g‘ri keladi. Ko‘plab ayollarda bu davrda toliqish kuchayadi, asabiylik yuzaga keladi. Bunday yoqimsiz alomatlarning oldini olish uchun toza havoda sayr qilish tavsiya etiladi. Ovqatlanishga alohida e’tibor berish kerak. Sabzavot, mevalar, oqsil va sut-qatiqli mahsulotlar kundalik taomnomadan albatta joy olishi lozim. Pishiriqlar, konfetlar, kofe, shuningdek allergiyani qo‘zg‘atuvchi turli xil mahsulotlarni taomnomadan chiqarib tashlash kerak.
Manba: Homiladorlik.uz

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.