Homiladorlikning 37 haftasi – to‘liq tayyorgarlikning yana bir haftasi! Agar bu sizning birinchi homiladorligingiz bo‘lsa, u holda siz qirqinchi haftagacha borib, keyin rejadagidek tug‘sangiz kerak. Agar bolalaringiz bo‘lsa yoki qorningizda egizaklarni olib yurgan bo‘lsangiz, unda 37 haftadayoq tug‘ishingiz mumkin. Homiladorlikning 37 haftasi Lekin bu muddatidan oldin tug‘ishga kirmaydi. Ushbu davrdan boshlab sizning homiladorligingiz tibbiy me’yorlarga ko‘ra homilaning yetilgan davri hisoblanadi.
Homiladorlikning 37 haftasida homilaning vazni
Homiladorlikning 37 – 38 haftalarida bolakay tug‘ilishga tayyor bo‘ladi. Homiladorlikning 37 haftasida tug‘ish – akusherlik amaliyotida kam uchraydigan holat emas. Bolakay hatto tezroq tug‘ilishga harakat ham qiladi – uning organizmidagi barcha tizimlar ishga tushib ketishga tayyor, o‘pkalarning yetilishiga xizmat qiluvchi kortizon gormoni rivojlanmoqda, ichakda bir oz mekoniy (birinchi axlat) to‘plangan, kichkintoyning qorni va boshchasi aylana bo‘yicha deyarli bir xil. Bolakayning bo‘yi bu davrda 48–50 sm, homilaning vazni – 2,8–2,9 kg ni tashkil etadi, bu biz ko‘zimiz bilan ko‘rib o‘rganib qolgan yangi tug‘ilgan chaqaloqqa aynan o‘xshaydi. Organizm rivojlanish jarayonini davom etmoqda, barcha nervlar muhofaza qobig‘i bilan qoplanmoqda, bu jarayon bola tug‘ilganidan keyin ham hayotning birinchi yili mobaynida davom etadi. Quloq va burunning tog‘aylari qattiqlashmoqda, boshda sochlar o‘sgan. Bu muddatda sochlar 0,5–4 sm gacha o‘sib yetadi. Lanugo (tanadagi tukchalar) g‘oyib bo‘lishi kerak, sirsimon moy (vernix caseosa) kichkintoyning butun tanasi bo‘ylab tarqalishi yoki faqat burushiq joylarda qolishi mumkin.
Homiladorlikning 37 haftasi – sezgilar
37 haftada yaqinlashgan tug‘ruqning alomatlari paydo bo‘lishi mumkin: shilimshiq tiqin (taram-taram yo‘lli sarg‘ish ajralmalar) chiqishi, qorinning pastlashuvi (bolakay chiqish tomon yo‘l olgan), biroz axlatning suyulishi. Bachadoningizning kattaligi maksimal darajaga yetgan: og‘irligi taxminan bir kilogrammni, hajmi esa 4–5 litrni tashkil etadi. Bachadonning yuqori qismi hozir qov simfizidan 37 sm va kindikdan 16–17 sm yuqorida turibdi. Qovuqqa tushayotgan bosim ham oshib bormoqda, oyoq va chot oraliqlarida sanchiqli og‘riq paydo bo‘lishi mumkin, bel sinib tushayotgandek tuyuladi, qorin kuniga bir necha marotaba qattiqlashib qoladi. Tez orada o‘z vazifasini o‘tab bo‘ladigan yo‘ldosh “qarimoqda”. Kichkintoy yaqinda tug‘iladi va uning ketidan u ham ona qornidan tushib keladi. Akusher-doyalar yo‘ldosh chiqib kelganini va tug‘ruq muvaffaqiyatli tugaganini qayd etadilar – ona organizmida ortiqcha hech narsa qolmadi.
Homiladorlikning 37 haftasi: ajralmalar
Tug‘ishini kutib yurgan ayollar mazkur muddatda o‘zlarida sarg‘ish yoki hatto jigar rang ajralmalar (ba’zida taram-taram yo‘lli qon aralashmasi bilan birga) chiqayotganini qayd etishlari mumkin. Ajralmalar tarkibi cho‘ziluvchan qorishmadan iborat bo‘ladi. Homiladorlikning 37 haftasiga pushti-sarg‘ish rangli ajralmalar va qoramtir rangli shilimshiqlar chishi xosdir, bularning hammasi bachadon bo‘yinchasiga kirish joyni to‘sib turuvchi shilliq tiqin chiqishining birinchi alomatlari hisoblanadi.
Homiladorlikning 37 haftasi: qorin toshdek qotadi
Agar siz homiladorlikning 37 haftasida tez-tez qorin toshdek qotayotganini yoki muttasil og‘riqlar bo‘layotganini qayd etsangiz, buni shifokorga aytganingiz ma’qul. Mazkur muddatda bachadon gipertonus holatida bo‘lishi mumkin va kutilgan vaqtdan ilgariroq tug‘ruq yuz berishiga sabab bo‘lishi ehtimoli bor. Qorinning pastga tushishi ham tug‘ruq yaqinlashganidan darak berishi mumkin. O‘zingizga nisbatan quloq tuting – e’tiborli bo‘ling, homiladorlikning 37 haftasida sezgilar tamoman boshqacha bo‘lishi mumkin.
Doktor, siz nima deysiz?
Mazkur muddatda shifokor homila atrofidagi suvlar bir oz oqayotgan yoki oqmayotganini bilish uchun qinni tekshirib ko‘radi, bachadon bo‘yinchasi qanchalik yumshoq va yupqa bo‘lganligini aniqlaydi. Uning ochilish darajasi ham tekshiriladi. U ochilishni boshlagan ham bo‘lishi mumkin. Tug‘ish jarayonida bachadon bo‘yinchasi shu qadar silliqlanadiki, uning devorchalari ingichkalashib qoladi, bu esa chaqaloqning tug‘ruq kanallaridan o‘tishiga imkon beradi. Tajribali akusherlar bachadonning ochilish darajasini “barmoqlar soni bo‘yicha” aniqlaydilar. 4 barmoqqa ochilgani – 4 santimetrga ochilganlikni bildiradi. Lekin tug‘ruq boshlanmagunga qadar bachadon bo‘yinchasi 1 barmoqdan ko‘piga ochilmaydi. Shifokor ko‘rigining yana bir muhim jihati: doktor homiladorlikning 37 haftasida homila qay holatda yotganini aniqlaydi va tosingizning kengligiga baho beradi.
Homiladorlikning 37 haftasida tug‘ish
Tug‘ruq vaqtining qat’iy tarzda yaqinlashaverishi onada hayajon va yengil xavotirni qo‘zg‘aydi. “Hammasi qanday kecharkin? Nimalarni his etar ekanman-a? Hammasi joyida bo‘larmikin? Nimalar bo‘lsa ham, hammasi bir zumda va og‘riqlarsiz o‘tsinda ishqilib. Hech narsani his qilishni xohlamayapman” – bu oxirgi haftalarni o‘tkazayotgan bo‘lg‘usi onaning hayolidan o‘tadigan tabiiy hayajon va o‘y-fikrlardir. Vahimaga tushish va ruhan ezilaverish kerak emas. O‘zingizni muhim bir ishni bajarishga qattiq chog‘lang. Bu shunchaki oddiy ish emas, u hayotingizdagi muhim va sharafli ishdir. Eng quvonchli fikrni miyangizga quyib oling: yaqin orada siz uzoq kutilgan bolajoningiz bilan uchrashasiz – hech narsadan qo‘rqmang, Xudo xohlasa, hammasi yaxshi o‘tadi!
Manba: Homiladorlik.uz