Соғлом оила - соғлом келажак

Homiladorlikning 27-haftasi

Siz homiladorlikning uchinchi trimestriga o‘tmoqdasiz, vujudingizdagi yangi hayotning yettinchi oyi boshlandi. Erkin harakatlanish va o‘ynab-kulish tobora qiyinlashib boradi: har holda mazkur haftalarda yukingiz og‘irda. Nafas olish, o‘tirish, uxlash va harakatlanish qiyinlashgan. Lekin agar siz homiladorlar uchun mo‘ljallangan maxsus fitnes bilan shug‘ullangan bo‘lsangiz, o‘z tanangizni nazorat qilish ancha oson kechadi.Homiladorlikning 27 haftasiHomiladorlikka 27–28 hafta bo‘lganda kichkintoy ancha faollashadi: ona qorniga qarab turib bolasining g‘imir-g‘imirini va kaft hamda tovonlari bilan bildiradigan o‘ziga xos “salom”larini kuzatishi mumkin. Bu haftada taomlaringizga hushyor bo‘ling, allergenli oziqlarni iste’mol qilmagan ma’qul.
Homiladorlikning 27 haftasi: homilaning holati
Bu vaqtga kelib siz 9 kg atrofida vazn to‘plagansiz. Bu me’yordagi og‘irlikdir, homiladorlikning oxirigacha yana 3–5 kg yig‘ishingiz mumkin. Aniqrog‘i, shuncha vazn yig‘ishga haqqingiz bor, ammo undan ortig‘i – nafaqat ortiqcha kilogrammlar, balki ona va bola uchun ortiqcha muammodir. Homiladorlikning 27 haftasi: sizning bachadoningiz deyarli qovurg‘alaringizgacha ko‘tarilgan, u o‘pka va ichaklaringizni bosib turadi. Bularning hammasi qabziyat va ko‘ngil aynishini keltirib chiqaradiyu, lekin ishtahaga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Afsuski, bu hol tug‘ruq kunlariga qadar o‘zgarmasligi mumkin. Bunda bitta yo‘l bor – to‘g‘ri ovqatlaning va kam-kamdan yeng. Mazkur davr muhim hisoblanadi, bu muhimlik bolaning joylashuvi masalasiga ham tegishli. Shifokor homiladorlikning 27 haftasida bola boshi bilan pastga qarab yotibdi desa xavotirlanish kerak emas: homilaning holati hozir bir necha marta o‘zgarishi mumkin. Agar bola qorinda noto‘g‘ri joylashib olgan bo‘lsa, sizda uning holatiga “ta’sir ko‘rsatish” uchun hali vaqt bor. Ehtimol, shifokorning maslahatiga ko‘ra maxsus gimnastika bilan shug‘ullanishingizga to‘g‘ri kelar.
Homiladorlikning 27 haftasida homilaning rivojlanishi
Kichkintoy endi deyarli bir kilogramm og‘irlikka ega, uning bo‘yi esa 25 sm dan 30 sm gacha va undan sal kattaroq bo‘lishi mumkin. Bolakay sutkasiga 20 soatdan uxlaydi, har soatda uyg‘onadi. Ushbu muddatda tug‘ilgan bola yashab keta oladi deb hisoblanadi. Tabiiy muhitda uning yashab qolishi imkonsiz, unga qorindagi “uycha”ning shart-sharoitlarini takrorlovchi boshqacha muhit yaratilishi kerak. Biroq odamchaning organ va tizimlari endi faoliyat yurita oladi. Homiladorlikning 27 haftasida bolakay ba’zi virusli kasalliklarni qandaydir darajada o‘zi yenga oladigan davr boshlangan: homilaning rivojlanishi bolaning immun tizimi o‘z ishining aktiv fazasiga kirishayotganini nazarda tutadi. Muayyan ma’noda bolakay endi infeksiyalardan o‘zi himoyalana oladi. Kichkintoyning immuniteti ba’zi zararli moddalar – allergenlarga munosabat bildira oladi. Shuning uchun ona bu vaqtda allergiya chaqiruvchi mahsulotlarni iste’mol qilmasligi lozim.
Homiladorlikning 27 haftasi – qimirlashlar
Bolakay yana biroz o‘sgan, tabiiyki, qo‘llari, oyoqchalari, boshi bilan yangi harakatlar qila boshlagan. Ko‘pgina onalar homiladorlikning 27 haftasida qorin ustki qismining silkinishidanoq UZIning yordamisiz ham bola qanday qilib turtkilanayotgani va tepinayotganini ko‘rishlari mumkin: qimirlashlar endi yanada aniq tus olgan, ba’zida hatto keskinligi ham ortgan. Kichkintoy hozir yorug‘lik va ertalablari onasi qabul qiladigan kontrast dushga ta’sirchan, oyoqlarini tipirlatish va bir yonboshdan boshqasiga o‘girilib olishni o‘rganmoqda.
Balki dekretga vaqtliroq chiqarsiz?
Uzoq kutilgan dekret ta’tiliga oz qoldi, demak, o‘zingiz uchun ko‘proq vaqt ajratish mumkin bo‘ladi. Agar dekretga barvaqtroq chiqishning imkoni mavjud bo‘lsa, chiqing. Sizga yengilroq bo‘ladi, kundalik muammolar yukidan xalos bo‘lasiz. Bu, ayniqsa, ishiga jamoat transportida yetib boradigan onalarga tegishli. Lohasliklar bo‘lib turishi ehtimoliga qaramay, mazkur muddatda onalar homiladorlikning yakuniy qismi ijobiy bo‘lishiga hafsala qilgan holda kelajakka umid bilan boqishlari kerak.
Foydali mahsulotlar ko‘ngil aynashi va jig‘ildon qaynashiga yo‘l qo‘ymaydi
Faqat foydali mahsulotlarni iste’mol qiling va kichik qismlarga bo‘lib ovqatlaning. Irodangizni qo‘lga oling va shu maslahatimizga rioya qilishga harakat qiling. Shunda jig‘ildon qaynashi qo‘rqinchli bo‘lmaydi, ko‘ngil aynashining azoblovchi sezgilari ham bezovta qilmaydi. Sho‘r taomlardan tiyilish kerakligi haqida sizga allaqachon maslahat bergan edik, mabodo bu ishni qilmagan bo‘lsangiz, hozir qat’iy tavsiyalarimizni bajarishga kirishing. O‘zingiz bilan sumkangizda olma, pechene va ichimlik suvi olib yuring. Bu sizni yaqin atrofdagi fastfudga kirib ovqatlanishdan to‘sadi.
27 haftalik homiladorlik: tahlillar kamroq, UZI rejadan tashqari bo‘lishi mumkin
Agar sizni UZIga yuborishgan bo‘lsa, demak bu rejadan tashqari. Demak, ultratovush tekshiruvi yo‘li bilan aniqlanadigan ba’zi masalalar bor. Siydik tahlilini an’anaviy tarzda topshirasiz, avval gemoglobin kamligi aniqlangan taqdirda esa umumiy qon tahlilini ham topshirasiz.
Soch turmagingizni yaxshilang, makiyajdan ham voz kechmang
Shu davr oralig‘ida to‘plagan vazningiz tashqi ko‘rinishingizda aks etmay iloj yo‘q. Balki bunday o‘zgarishlar sizni ko‘hlikkina qilib qo‘ygan bo‘lsa ham ajab emas. Eski kiyimlaringizni kiyishga harakat qilmang: bu holat siz va bolangiz uchun noqulaylik tug‘dirishi mumkin, hech qanday siqilishlarni his etmasligingiz uchun kiyim erkin va keng bichimda bo‘lishi lozim. Yengil makiyaj, chiroyli soch turmaklari – go‘zal va betakror bo‘lib ko‘rinish uchun homiladorlik ham bir sabab.
Manba: Homiladorlik.uz

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.