Соғлом оила - соғлом келажак

Homiladorlikning 25-haftasi

Homiladorlikning 25 haftasidan keyin bola tushib qolishi xatari ancha kamayadi deb hisoblanadi. Shu tufayli bu muddatni bo‘lg‘usi onalar uchun psixologik jihatdan ahamiyatli deb hisoblasa bo‘ladi. Hatto barvaqt tug‘ish ham bolaning yashab qolishiga imkon beradi. Ayol tezkor sur’atda vazn yig‘adi, u 6–7 kg ga og‘irlashgan, tug‘ruqqacha sizga ko‘pi bilan yana 5 kg vazn yig‘ishga “ruxsat beriladi”. Bolachalar esa bu muddatga kelib bachadonda to‘g‘ri joylashib olishgan – boshi bilan pastga qarab turibdi. Lekin agar shunday bo‘lmasa ham, aylanib olishga hali ulgurishadi.
Homiladorlikning 25 haftasida nimalar yuz beradi
Homiladorlik o‘zining avj pallasiga chiqqan: garchand ba’zida o‘zingizni yaxshi his etmasangizda, hoynahoy oyoq kiyim kiyishni o‘zingiz eplab turibsiz, unchalik tez charchayotganingiz ham yo‘q. Har haftada siz 350 grammgacha vazn yig‘asiz, shu chegaradan chiqmaslikka harakat qiling, vazningizni nazoratga oling. Tuzni ko‘p miqdorda iste’mol qiladigan ayollarda turli shishlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu esa yoqimsiz va xunuk bo‘lish bilan birga, xavfli hamdir. Shu tariqa kechki gestoz boshlanishi mumkin. Homiladorlikning 25 haftasida qorin yanada kattalashgan bo‘ladi. Endi ko‘rik vaqtida shifokor qorinning aylanasini o‘lchaydi, homilaning yurak urishini eshitadi hamda uning bachadondagi holatini aniqlab bera oladi.
Homiladorlikning 25 haftasida homilaning ahvoli
Kichkintoy endi 30 sm gacha o‘sgan, homiladorlikning 25 haftasida bolaning vazni esa taxminan 700 grammni tashkil etadi. Bundan buyog‘iga bolakay bo‘yiga o‘sish o‘rniga ko‘proq vazn yig‘ib boradi. Bolani hiqichoq tutayotganini ham sezsangiz bo‘ladi. U ko‘pincha homila atrofidagi suvlarni yutadi, oshqozon bunday suvlarga to‘ladi hamda diafragmani qichishtiradi. Bolakay hiqichoq tutayotganidan xavotirlanmaslik kerak, ammo buni ham shifokorga aytgan ma’qul.
Homiladorlikning 25 haftasidagi homila rivojlanishi
Odatda mazkur muddatda kichkintoyning o‘pkalari shakllanib bo‘lib endi unda jadallik bilan surfaktant shakllana boshlaydi. Aynan shu modda kichkintoy tug‘ilgandan keyin uning o‘pkalari yozilishini ta’minlab beradi. Siz bolakayning qimirlashini kechasiyu kunduzi his qilasiz, uyqu va hordiq chiqarish vaqti sizniki bilan o‘zaro tafovut qilishi mumkin. Payqash qiyin emas: agar siz mashinada ravon yo‘lda ketayotgan bo‘lsangiz yoki qayiqda suzsangiz – bolakay tinchlanadi. Buning sababi oddiy: bola tebranadi, bunday tebranish unga dunyoga kelganidan keyin ham yoqadi.
Ko‘p dam oling, uxlang va kayfiyatni chog‘ tuting
Ko‘p yumushlar bilan o‘zingizga jabr qilmang. Bu muddatda ko‘pgina ayollar hamma narsaga ulguraman deb xatoga yo‘l qo‘yishadi. Hatto o‘zingizni yaxshi his qilayotgan bo‘lsangiz ham zimmangizga zaruratdan ortiqcha yumushni yuklamang. Sizga hozir ko‘proq hordiq chiqarish, uxlash, kayfiyatni chog‘ tutish lozim bo‘ladi. Yaqinlaringizning har bir ko‘magini minnatdorchilik bilan qabul qiling va yordam so‘rashdan uyalmang. Uzoq muddatli loyihalarni xozir boshlamang – dekret ta’tili yaqinlashmoqda, bu vaqtda siz uydagi ishlar va yoqimli yumushlar bilan shug‘ullangan holda faqat oila atrofida bo‘lishni istab qolasiz.
Oziqlanish: ko‘proq suv iching, kamroq tuz yeng
Birorta yangicha qoidalar mavjud emas: to‘laqonli, muvozanatlashgan, mayda-maydalab ovqatlaning. Katta porsiyalarda ovqatlanadigan bo‘lsangiz, jig‘ildon qaynashidan qutula olmaysiz. Suyuqlik ichish rejimini cheklamagan ma’qul (lekin gazlangan va idishlarga qadoqlangan sharbatlardan allaqachon voz kechganingizni unutmang). Tuz yeyishni esa keskin kamaytiramiz, aks holda shishlar ko‘payib ketishi mumkin. Darvoqe, kishiga ovqatning yangi ta’miga ko‘nikish uchun bir-ikki haftaning o‘zi yetadi. Salomatlik uchun foydali bo‘lgan qoidani o‘zingizga shior qilib oling – tuzni kamroq ishlataman yoki umuman tuz ishlatmayman deng.
Tahlillaringiz natijasini bilib yuring. Iltimos
Odatdagidek, qabul oldidan siz qon va siydikning umumiy tahlilini topshirasiz. Agar shifokor qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazishni kerak deb hisoblasa, shuni buyuradi. Ehtimol, doktor homiladorlikning 25 haftasida UZI tayinlar: uni o‘tkazishdan maqsad – homila atrofidagi suvlar miqdoriga va bola umurtqasining rivojlanishiga baho berish, jinsni aniqlashdan iborat. Agar sizda ko‘p homilalik homiladorlik bo‘lsa, doktor UZIda egizaklar homiladorlikning 25 haftasida qanday rivojlanayotganini ko‘radi. Sizni qiynayotgan barcha savollaringizni doktorga albatta ayting, hech narsani yashirmang. Darvoqe, ko‘p ayollar o‘zlarining tahlil natijalari bilan qiziqmay xato qiladilar. Afsus, agar siz hozir o‘z holatingizni nazorat qilishga va ozgina bo‘lsada, ba’zi atamalar ma’nosini tushunishga ko‘nikma hosil qilsangiz, namunali, savodli va zukko onaga aylanasiz.
Homiladorlikning 25 haftasidagi sezgilar
Sizning tashqi ko‘rinishingizda ortiqcha (to‘g‘rirog‘i, hozircha ortiqcha ham deb bo‘lmaydi) vazn yig‘ishdan o‘zga alohida o‘zgarishlar yuz bermaydi. Yuzdagi pigment dog‘lar barvaqt paydo bo‘lish ehtimoli bor, lekin ular paydo bo‘lmasligi ham mumkin. Homiladorlik bir maromda kechadi, hech qanday yoqimsiz sezgilar bo‘lmaydi, onaning kayfiyati asosan a’lo darajada bo‘ladi. Mazkur muddatda barvaqt tug‘ib qo‘yish xatari deyarli mavjud emas. Shu bois asabiylashmang va ko‘proq dam oling! Hozir sochlaringiz qanchalik go‘zallashganiga e’tibor qarating. Homiladorlik gormonlari tufayli sochlaringiz go‘zallik va pishiqlikka ega bo‘ldi. Lekin ularni bo‘yashni esa biz sizga maslahat bermaymiz. Hatto bo‘yog‘ingiz ammiaksiz bo‘lsa ham natija ideal bo‘lishiga kafolat yo‘q. Har holda gormonal o‘zgarishlar o‘z ishini ko‘rsatadi – pirovardida qanday rang qalqib chiqishini hech kim aniq ayta olmaydi.
Manba: Homiladorlik.uz

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.