Homiladorlikning 24 haftasida nimalar yuz beradi
Onaning organizmi kichkintoyning barcha ehtiyojlariga moslashib boraveradi. Hozir asosiysi – kichkintoy ona qa’rida qulay tarzda o‘sib-ulg‘ayishi. Shuning uchun onaning o‘zi unchalik xush ko‘rmagan sezgilarni his etishi mumkin, masalan, bel va orqadagi og‘riqlar. Homiladorlikning 24 haftasida qorin kattalashadi, shu bois og‘irlik markazi siljiydi. Homiladorlikkacha sport bilan shug‘ullangan onalar uchun bunday o‘zgarishlar qo‘rqinchli emas. Ular bunday og‘riqlarni umuman sezmasliklari ham mumkin. Homiladorlarga mo‘ljallangan fitnes bilan shug‘ullanuvchi onalar uchun ham bu bosqich yengil kechadi. Bandaj taqadigan palla ham yetib keldi. Bu sizning orqangiz uchun foydali bo‘lishi bilan birga bunday moslama tilim-tilim atrofik chandiqlar paydo bo‘lishinidan ham saqlaydi. Qulay poyabzal oyoqlaringizning dam olishiga yordam beradi, ular shundoq ham og‘ir yukni ko‘tarib yuribdi. Ko‘p ayollar bu muddatda jig‘ildon qaynashidan shikoyat qiladilar. Haqiqatan ham ichki organlarning siljishi sababli jig‘ildon qaynashi vujudga kelishi mumkin. Uning oldini olish uchun ovqatni kam-kamdan yeyishga harakat qiling.
Homiladorlikning 24 haftasida homilaning ahvoli
Kichkintoyning organ va tizimlari o‘z shakllanish jarayonini yakunlamoqda. Ular rivojlanadigan va takomiliga yetadigan palla yetib kelgan. Bolakayning reflekslari va sezgi organi yanada faol rivojlanadi. Kichkintoy ko‘p narsani o‘rgangan: yorug‘likka ta’sirchan, homila atrofidagi suvlarning ta’mini sezadi, onaning kayfiyatini farqlaydi. Soat 16 dan 20 gacha bolakay uxlaydi, uning rejimi onaning rejimiga mos tushishi shart ham emas. Uning badanchasi nihoyatda oriq, umuman yog‘li qatlamdan xoli bo‘lsada, harakatlari anchagina tezkor bo‘ladi. Aynan homiladorlikning 24 haftasidagi g‘imirlashlar bolakay nima qilayotgani haqida onaga belgi berishi mumkin. Tunda kichkintoyning to‘polonchiligi tutishi mumkin, lekin ona bu vaqtda bolajonisini allalasa bo‘ladi. Homiladorlikning 24 haftasida bolajonning vazni 350 grammdan 400 grammgacha, kattaligi esa 25 sm dan 30 sm gacha yetadi. Go‘dak uchun ona qorni tobora torayib boraveradi, shuning uchun homilaning turtinish va harakatlarini siz yaqqolroq seza boshlaysiz. Bularga e’tiborliroq bo‘ling: ba’zida bola sizga ishora beradi: “onajon, bu egallagan qad tutishingiz menga yoqmayapti”, yoki “siz juda baland gapiryapsiz, onajon, qattiq hayajonlanyapsiz ham”.
Hissiyotlaringiz – vahimasiz, muhabbat bilan bo‘lsin
Bu davrda o‘zgarib borayotgan tashqi ko‘rinishidan hayajonga, hatto sarosimaga tushib qoladigan ayollar ham bo‘ladi. Ayniqsa bu narsa ilk marta homilador bo‘lgan, latofatli, xushbichim qad-qomatga o‘rganib qolgan ayollarda uchrab turadi. Bu o‘rinda bitta maslahatimiz bor: o‘zingizning yangi holatingizni yaxshi ko‘ring, vassalom. Shu narsa sizning go‘zal bo‘lishingizga yordam beradi, o‘zingizni tez-tez suratga olib turing, shunda siz qanchalik o‘zgacha va yoqimli bo‘lib ko‘rinayotganligingizni bilasiz. Asosiysi – stress holatida alamingizni ovqatdan olmang, bu bilan siz vazningiz ortishiga qo‘shimcha yordam bergan bo‘lasiz.
Nimalarni yesa bo‘ladi
Homiladorlikning 24 haftasida tanovul qiladigan narsalaringiz oldingi haftalarnikidan keskin farq qilmasligi kerak. Boshoqli o‘simliklar, dimlangan sabzavotlar, sut-qattiq mahsulotlari, parhezli go‘sht, mevali salatlar – bularning hammsini mazkur muddatda ham kanda qilmang. Qovurilgan va dudlangan taomlar esa vazn ortishiga yordam beradi xolos, shu jumladan shirinlik va xamirli ovqatlar ham. Nafsingizning har bir buyurganini bajaraversangiz, tug‘ruqdan keyin qomatingizni tiklash yo‘lida qattiq kurashishingizga to‘g‘ri keladi.
Homiladorlikning 24 haftasida UZI
Alohida ko‘rsatmalarsiz ayollar mazkur muddatda faqat umumiy siydik va qon tahlilini topshiradilar. Homiladorlarda qand kasalligi rivojlanishini istisno etish uchun qon qand miqdoriga tekshirishadi. UZI faqat ko‘rsatmalar bo‘yicha tayinlanadi: agar homiladorlik asoratlar bilan kechayotgan bo‘lsa yoki ona qornida kichkintoyda patologiyalar mavjud bo‘lsa.
Homiladorlikning 24 haftasidagi sezgilar
300–500 g – bu mazkur muddatda homilador ayol bir hafta ichida yig‘adigan taxminiy vazndir. Bundan ortig‘i ortiqchalik qiladi! Agar uyingizda elektron tarozi bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur, bu bilan siz vaziyatni nazoratga olgan bo‘lasiz. Vaznni muttasil yig‘ib borish homiladorlikni asoratli o‘tkazishga olib kelishi mumkin, qolaversa, tug‘ruq uchun ham bu qulayliklar keltirib chiqarmaydi. Yoqimsiz sezgilar qatorida homiladorlikning 24 haftasida juda ko‘p ter bezlarining ajrab chiqishini aytish mumkin. Biroq bu vaqtda tarkibida ko‘p miqdorda sun’iy konservantlar va qo‘shimchalar mavjud bo‘lgan dezodorantlardan foydalanmagan ma’qul. Yaxshisi homiladorlar uchun mo‘ljallangan kosmetik vositalardan foydalaning, ular tarkibida spirt, paraben va silikonlar bo‘lmaydi. Soch, tirnoq va teri holati bu davrda bezovtalanishga asos yaratmaydi. Homilador ayol shundog‘am go‘zal, uni ko‘rgan ko‘z quvonadi, o‘zi ham baxti kulganidan charaqlab turadi. Mana shu holat davom etishini istasangiz, ko‘proq sayr qiling va sovutkich yoniga kamroq yaqinlashing.
Manba: Homiladorlik.uz