Nihoyat akusherlik homiladorligining birinchi haftasi tugadi. Shundan keyin ayol organizmida qanday o‘zgarishlar yuz beradi? “Ovulyatsiya”da qanday sir-asror bor? Homilali bo‘lishlik ehtimolini qanday oshirsa bo‘ladi?
Homiladorlikning 2 haftasi – bu bo‘yida bo‘lishdan oldingi hafta hisoblanadi. Aynan siklning 12–14 kuni tugashi bilan ko‘pchilik ayollarda ovulyatsiya boshlanadi. Shu tariqa, agar vaziyatga akusher-ginekologlar nazari bilan qaraladigan bo‘lsa, ikki haftalik muddat – hali homiladorlik degani emas. Homiladorlikning 2 haftasida homila hali vujudga kelmagan bo‘ladi. Haqiqatda esa urug‘langan tuxumhujayra homiladorlikning 3–4 haftalarida bachadon shilliq pardasiga payvandlanib oladi va ana o‘shanda uni UZIda ko‘rish mumkin. Aniqrog‘i, bu hayz ko‘rish siklining ikkinchi haftasiga to‘g‘ri keladi, tuxumhujayra ana shu vaqtda urug‘lanishi kerak. Bo‘lg‘usi onaning organizmi oldindagi o‘zgarishlarga endi-endi tayyorgarlik ko‘ra boshlamoqda.
Ayol
Hayz tugagandan keyin ayolning organizmi homilali bo‘lish uchun faol tayyorgarlikni boshlaydi. Bolig‘ bo‘lib yetilgan tuxumhujayra urug‘lanish jarayoniga shay. Akusherlik homiladorligining ikkinchi haftasida yoki uning tugashiga yaqin ovulyatsiya davri – yaqin kunlarda homilador bo‘lishni istovchi ko‘pgina ayollar orziqib kutadigan palla kirib keladi. Bu homilali bo‘lish uchun eng qulay fursatdir. O‘z oilasini kengaytirmoqchi bo‘lganlar aynan shu kunlarda faol “hamkorlikda ishlashlari” kerak. Lekin nozik bir jihat bor: ovulyatsiyaning aniq muddatini belgilash juda mushkul. Aynan shuning uchun ham shifokorlar homiladorlik muddatini belgilashda hisoblashning shu turiga amal qiladilar.
Homiladorlikning 2 haftasidagi alomatlar
Homiladorlikning 2 haftasida ayol hech qanday alomatlarni sezmaydi, sababi bu vaqtda homila aslida vujudga kelgan bo‘lmaydi. Bu amaldagi ovulyatsiya davri hisoblanadi va faqat qulay shart-sharoitlargina “haqiqiy” homilador bo‘lishni keltirib chiqarishi mumkin. Ana shu tufayli 2 haftada homiladorlikning belgi-alomatlari amaliyotda qayd etilmaydi.
Homilador bo‘lishlik ehtimolini oshirish mumkinmi?
Ma’lumki, jinsiy aloqa paytida spermatozoidlar kimyoviy tarkibi bo‘yicha o‘zi uchun tamoman noodatiy bo‘lgan muhitga tushadilar. Ulardan hech bo‘lmasa bittasi “biz uchun kerakli bo‘lgan joy”ga aniq nishon bilan tushishi uchun ginekologlar homilador bo‘lish ehtimolini oshiradigan quyidagi pozitsiyalarni tavsiya etishadi:
- “missionerlik” pozitsiyasi
- tizza-tirsak holati (bunda erkak ayolning orqasida bo‘ladi).
O‘z navbatida, urug‘ tashlangandan keyin ayol 20–30 daqiqa o‘rnidan turib ketmasdan “yotoqchi” holatini egallashi kerak. Bunda uning dumg‘aza qismiga yostiqcha yoki bolish qo‘yib qo‘yish mumkin.
Homiladorlikning 2 haftasida nimalar yuz beradi
Tuxumhujayraning “sayohati”
Homiladorlikning ikkinchi haftasida ayol organizmida ko‘plab o‘zgarishlar yuz beradi, ulardan asosiysi tuxumhujayraning tobga kelishidir. Tasavvur qilib ko‘ring: tuxumhujayra – bu sizning kichkintoyingiz tomonidan meros qilib olinadigan genetik materialning yarmi xolos. Boshqacha aytganda, bu bolaning tashqi ko‘rinishi, xarakter belgilari, shuningdek aqliy qobiliyati uchun bevosita siz tomondan yo‘naltirilgan ulush hisoblanadi. Homiladorlikning butun boshli 2 haftalik davri mobaynida bo‘lg‘usi onaning tuxumhujayrasi uncha katta bo‘lmagan pufakchada – xira bosgan suyuqlikdagi tuxumdonda bo‘ladi. Ana shu go‘yo uncha ahamiyatli deb hisoblanmagan pufakcha follikula deb ataladi. Keyinchalik homilaning rivojlanishi va shakllanishida uning roli bebahodir. Follikulada suyuqlik to‘plana davom etadi, u hajm jihatdan muttasil o‘sib boraveradi va vaqt o‘tgan sayin beo‘xshov bo‘rtiq, notekis do‘nglik sifatida tuxumdon ustida kattalashib boraveradi. Follikulaning sirtqi po‘stlog‘i maksimal darajada yupqalashib borgan sayin pufakchaning devorlari shishni ko‘tarolmasdan yoriladi. Suyuqlik pishib yetilgan tuxumhujayrani ham o‘zi bilan surib ketgan holda bevosita qorin bo‘shlig‘iga kelib tushadi. Aynan shu palla ovulyatsiya deb nomlanadi.
Homiladorlikning 2 haftasida sezgilar
Go‘dak haqida orzu qiluvchi har qanday ayol o‘zida allaqanday sezgilar paydo bo‘lishini sabrsizlik bilan kutadi. Shu xayol bilan u tun ottiradi va kunni kech qiladi, homiladorlik nishonalarini beruvchi har qanday his-tuyg‘uning asirasiga aylanadi u. Lekin akusherlik homiladorligining ikkinchi haftasi – bu hali homilador bo‘ldi degani ham emas. Bu faqat homiladorlik sari qo‘yiladigan qadamlardan biri xolos. Binobarin, homiladorlikning 2 haftasida bo‘lg‘usi onaning hayotida hech qanday aniq-tiniq his-tuyg‘ular bo‘lmaydi.
Ovulyatsiyaning sir-asrori
Bu holat ko‘pincha akusherlik homiladorligining ikkinchi haftasi oxirlarida yuz beradi, lekin agar ayolning hayz ko‘rish sikli 30–31 kundan oshib ketsa, ovulyatsiya biroz kechroq, akusherlik muddatining uchinchi haftasi boshlarida ham yuz berishi mumkin. Birdaniga bir emas, bir nechta, ikkita va undan ortiq tuxumhujayralar pishib yetiladigan hollar uchraydi. Bu holda bo‘lg‘usi onaning ko‘p farzand uchun homilador bo‘lganligi to‘g‘risida tez orada bilib olish imkoniyati bor. Ayrimlarning bunday baxtdan boshi osmonga yetadi, lekin ba’zilar uchun ko‘p sonli homilalilik juda katta sinovga aylanishi mumkin. Ayniqsa, agar ayolning organizmi zaiflashgan, holsizlangan bo‘lsa yoki sog‘lig‘ida biror muammolar mavjud bo‘lsa – bu jarayon jiddiy tibbiy nazoratga olinishi kerak. Bo‘lg‘usi onaning organizmida follikula yorilib, ovulyatsiya boshlanishi bilanoq tuxumhujayra bachadonga qarab harakatlana boshlaydi. Qorin bo‘shlig‘ida bachadon naychasining uchlaridan biri joylashgan, u sal-pal ingichka go‘zal gulbarglar bilan bezalgan chechakni eslatuvchi tuklar bilan qoplangan bo‘ladi. Xuddi mana shular tuxumhujayraning to‘g‘ri yo‘nalishdan “adashmasligi”ga yordam beradi. Shundan keyin hujayra suyuqlik zarur yo‘nalish bo‘yicha oqib o‘tishga yordam beruvchi milliardlab mayda kiprikchalar bilan qoplangan bachadon naychasiga kelib tushadi. Aynan bachadon naychasida ko‘pincha tuxumhujayraning urug‘lanishi yuz beradi. Agar mana shu holat sodir bo‘lgan bo‘lsa, shu paytdan boshlab homiladorlik “haqiqatda” boshlanganligi haqida gapirsa bo‘ladi.
Manba: Homiladorlik.uz