Соғлом оила - соғлом келажак

Homiladorlikning 19-haftasi

Homiladorlikning 19 haftasiga kelib ko‘pgina ayollar jimitning qimirlashini sezayotgan bo‘lishadi. Ayrimlar har bir harakatni aniq-tiniq eshitadi, ba’zilar ilk “kapalak pirillashi”ni taxmin qiladi. Bo‘lajak onaning vazni asta-sekin oshib boradi, yonboshi yiriklashadi.Bola ham o‘sadi, vazni ortib boradi, u borgan sayin kichkina odamchaga o‘xshab ketadi. Homiladorlik o‘zining ekvatoriga yaqinlashib bormoqda, bu esa quvonch bag‘ishlamay iloj yo‘q.

Homiladorlikning 19 haftasida nimalar yuz beradi

Borgan sari uxlash uchun gavdaning qulay holatini topish qiyinlashib boradi. Qorin bilan yotish qat’iyan man etiladi, aslida bu noqulay ham. Bo‘lg‘usi onaga osmonga qarab chalqanchasiga yotish ham man etiladi: bachadon yurakning pastki kovak venasini ezib qo‘yishi mumkin, bu esa bexavotir emas. Faqat yonboshga qarab, oyoqni ozgina eggan holda yotish imkoni qoladi. Darvoqe, oyoq ostiga yoki ikki oyoq orasiga yostiqcha qo‘yib yotsa ham bo‘ladi. Bachadon o‘sib borayotgani tufayli tos va belda ba’zi og‘riqli sezgilar his etilishi mumkin. Asta-sekin tos suyaklari kengayishni boshlaydi, bu holat og‘riqsiz kechmasligi mumkin. Lekin bo‘lg‘usi onani qorin ostidagi tortqilab keladigan og‘riq tashvishlantirishi kerak, yengil og‘riq esa me’yordagi holat hisoblanadi. Bir holatda uzoq o‘tirmang, suyanchiqli kursilar endi sizning “do‘stingiz”ga aylansin. Oyoqni oyoq ustiga qo‘yib o‘tirmang, baland poshnali poyabzaldan esa tamoman voz keching.

Homiladorlikning 19 haftasida homilaning ahvoli

Kichkintoyning miyasi o‘smoqda va faol tarzda rivojlanib bormoqda. Bu narsa homila harakatlarining tobora uyg‘unlashib borayotganida ko‘rinadi, oldingi betartib harakatlar borgan sari kamaygan. 19 hafta – kichkintoyning bronxial daraxti shakllanib boradigan palla, uning nafas olish tizimi takomillashib boradi. Ta’bir joiz bo‘lsa, homilaning yog‘ bezlari ham ishga qattiq kirishib ketgan: ular homilani homila atrofidagi suyuqlik va patogen mikroorganizmlardan himoyalovchi oq-kulrang moy ishlab chiqaradi. Homiladorlikning 19 haftasida homila ancha tez sur’atda rivojlanadi: bolakayning bo‘yinchasi mustahkamlashgan, u endi 180 gradusga burila oladi. Homiladorlikning 19 haftasida homilaning kattaligi dumg‘azasidan boshining uchigacha 15 sm ni tashkil etadi, vazni esa 200 grammga yetgan.

Bolakay signal bera boshlaydi

Endi sizning hayotingizga o‘z bolangizni taktil sezish va ularga ruhiy bog‘lanib qolish singari ajoyib holatlar kirib keldi. Bolakay ilk qimirlash tarzidagi signallarni bera boshlaydi, shunda siz kichkintoyning haqiqatda mavjudligini yanada ko‘proq sezasiz. Bu davrda onaning ruhiy kayfiyati odatda tashvish keltirmaydi. To‘g‘ri, u biroz charchab qolishi mumkin, yumushlar unga og‘ir keladi, faqat toliqtirib qo‘yadigan yumushlar bilan mashg‘ul bo‘lib qolish ham ta’qiqlanadi. O‘zingizni va bolangizni yaxshi ko‘ring, zarurat tug‘ilganda hordiq chiqaring, hol-ahvolingiz ijozat berganida esa o‘zingizni faol tuting.

Taomnomaning asosi – bo‘tqalar va mol go‘shti

Hozir sizning taomnomangizda qovurilgan va yog‘li ovqatlar bo‘lmasligi kerak. Achchiq, dudlangan ovqat, notabiiy qo‘shimchali taom ham chetga surilib qo‘yilgani ma’qul. Tuzlamalar va shirinliklar ham xozir qat’iy nazorat ostida bo‘lishi kerak. Tarkibida kalsiy va temir moddasi ko‘p miqdorda bo‘lgan mahsulotlar esa, aksincha, kundalik taomnomangizdan mustahkam o‘rin egallashi lozim. Bu degani grechka, suli yormasi, bargak, chernika, tomat sharbati, mol go‘shti endilikda sizning oshqozoningizning doimiy do‘stlariga aylanishi kerak. Kam-kamdan, ammo tez-tez ovqatlaning, tungi vaqtda tamaddi qilib olishni xayolingizga ham keltirmang.

Homiladorlikning 19 haftasida UZI

Qondagi shakar va gemoglobin miqdorini tekshirish, siydikdagi oqsil miqdorini aniqlaydigan tahlilni topshirish vaqti keldi. Agar zarurat bo‘lsa, shifokor homiladorga progesteron darajasini tekshirish uchun qon topshirishni tayinlaydi. Homiladorlikning 19 haftasida ikkinchi marta majburiy UZIdan o‘tishga yo‘llanma berilsa ham ajab emas. Shifokor bolaning yurak urishini tekshiradi, homilaning harakatlanish faolligini baholaydi, nuqsonlarni tashxislaydi. Shuningdek bachadon va bolaning hajmi qayd etiladi, homila atrofidagi suvlarning holatiga baho beriladi.

Homiladorlikning 19 haftasidagi sezgilar

Kamdan-kam ayollar o‘z holatini yashira oladi. Hatto yuzda hech qanday pigment dog‘lari bo‘lmasa, kattalashgan burun va lablaringiz sizni fosh qilib qo‘ymasada, lekin do‘ppayib qolgan qorinni yashirishning deyarli ilojisi yo‘q. Qolaversa, vazningizning ortgani ham sizning alohida holatingizni ochiq ko‘rsatib turadi. Bachadon kattalashgani sababli ayolning qadam tashlashi ham o‘zgaradi. Bu davr poshnalarni bir necha oyga esdan chiqarishning ayni vaqtidir. Teringiz cho‘zilishi sababli tilim-tilim atrofik chandiqlar paydo bo‘lishining oldini oluvchi kremlardan foydalanishda davom etamiz, terilarimiz, soch va tirnoqlarimizni parvarishlaymiz. Tishda muammolar yuzaga kelgudek bo‘lsa, tish shifokoriga boramiz. Yanada kattaroq muddatlarda sizning stomatolog kreslosida uzoq o‘tirishingiz ancha qiyin kechadi. Manba: Homiladorlik.uz

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.