Beshinchi oy davom etar ekan, qarabsizki, siz homiladorlikning 18 haftasiga yetib keldingsiz. Ko‘p ayollar kichkintoyning qimirlashini aniq-tiniq sezadilar, bu onaga alohida quvonch bag‘ishlaydi. Homiladorlikning 18 haftasida qorin kattalashadi, uni endi sezmaslikning iloji yo‘q, aslida ayol go‘zalligining bu eng oliy darajasini yashirishga hojat bormi?Mazkur muddatda ko‘pgina homilador ayollar ichkaridan kindikka bosim o‘tkazilishidan shikoyat qiladilar. Bunga tez o‘sayotgan bachadon sababchi. Homiladorlikning 18 haftasida uning hajmi kichik qovundek keladi.
Homiladorlikning 18 haftasida nimalar yuz beradi
Kichkintoyning ilk g‘imirlashlari homiladorlikning roppa-rosa 18–22 haftalariga to‘g‘ri keladi. Xushbichimgina onalar bu g‘imirlashni barvaqtroq sezishlari mumkin, birinchi marta homilador bo‘lmaganlar esa go‘dakning harakatlarini hatto 16 haftadayoq his etishadi. Bola depsinayotganini sezgan zahotingizoq bu g‘imir-g‘imirning davomiyligini kuzatishga harakat qiling. Soatiga 4–8 marotaba bo‘layotgan g‘imirlashlar – me’yor hisoblanadi. Qorin ostidagi barcha og‘riq sezgilaridan shifokor xabardor bo‘lishi kerak. Me’yor bo‘yicha mazkur muddatda hech qanday jiddiy og‘riqlar bo‘lmasligi kerak.
Homiladorlikning 18 haftasida homilaning ahvoli
Agar homiladorlikning 18 haftasida homilaning rivojlanishi normal tarzda kechayotgan bo‘lsa, jimitning qo‘l-oyoqchalari, odatda, to‘liq shakllanib bo‘lgan bo‘ladi, barmoqlari esa suyakchalarga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, jajji barmoq do‘mboqchalarida o‘ziga xos noyob naqshinkor barmoq izlari paydo bo‘ladi. Bolajonning bosh miyasi rivojlanadi. Ko‘zlari hali yopiq, lekin homiladorlikning 18 haftasida homilada yorug‘likka ta’sirchanlik vujudga kelgan bo‘ladi. Bolajon tovushlarni yaxshi ajrata oladi, shuning uchun u sizning muloyim, yoqimli allangizni eshitishga butun vujudi bilan tayyor. Ota esa o‘z merosxo‘riga ertak-cho‘pchaklar o‘qib berishni boshlashi mumkin: sokin, muloyim tovushlaringizga hozir u juda ham ehtiyoj sezadi. Yoqimli sezgilar kichkintoyga allaqachon tanish bo‘lib qolgan. Homiladorlikning 18 haftasida homilaning hajmi uzunasiga 14 sm ni, vazni esa deyarli 200 grammni tashkil etadi. U hali bachadon ichida o‘zini erkin his etadi, joy yetarli, shuning uchun jimit mamnuniyat bilan o‘mbaloq oshadi, u yoq-bu yoqqa o‘giriladi, qo‘l va oyoqchalarini silkitadi.
Homiladorlikning 18 haftasidagi sezgilar
Ilk g‘imirlashlar boshlanganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa ham ona bu yoqimli turtkilashlarsiz yashay olmaydi. Bu holat uning kayfiyatida ham zohir bo‘ladi. Homiladorlikning 18 haftasiga kelib, ayol o‘z holatiga ko‘nikib qolgan, barcha asossiz xavotirlar barham topgan, onalik instinkti ishga tushib ketgan. Atrofingizni fusunkor, go‘zal narsalar bilan bezating, sevimli, romantik filmlarni tomosha qiling. Keskin, tajovuzkor musiqalardan voz keching, sizga hozir yorqin, mayin ohanglar kerak. Hozir bo‘lg‘usi onaga ko‘rgazmalar, muzeylarga borish juda foydali, o‘zingiz fotosuratga olish bilan shug‘ullanib ko‘rishingiz mumkin. Atrofingizda nafosatli muhitni yaratar ekansiz, hozirgi holatingiz naqadar ajoyib ekanligini yanada to‘liq his etasiz.
Suyuq ovqat hamrohingiz bo‘lsin
To‘g‘ri ovqatlanishda davom etamiz. Ertalabdan puxta ovqatlanamiz, o‘rtacha bulochka yoki ikki tishlam shokolad ham yesangiz bo‘ladi. Taomnomaga albatta suyuq ovqat, oddiy sabzavotli salatlar, parhezli go‘shtni kiritamiz. Kechki ovqatni yengilroq qilamiz, bunda mevali tvorog yoki bug‘da pishirilgan shirin baliq yesangiz bo‘ladi. Boshoqli o‘simliklar, sabzavotlar va yong‘oqlar foydali ekanligini unutmang. Agar siz makaron yoki kartoshkani juda yegingiz kelayotgan bo‘lsa, uning ulushi sabzavotli garnirdan oshib ketmasin. Mayonez va ketchuplardan uzoqroq bo‘lavering. Oddiy suv, mevali mors, yangi siqib chiqarilgan sharbatlarni ko‘proq iching.
Homiladorlikning 18 haftasida UZI
Homiladorlikning 18 va 22 haftalari oralig‘ida ayol navbatdagi UZIdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Bunda bola qanday rivojlanayotgani aniqlanadi, yo‘ldosh va kindik ichakchasining holatiga baho beriladi. Ilojini topsangiz, bu safargi UZIga albatta ota ham borsin: birinchidan, oilangizga o‘g‘ilmi yo qiz kelayotganini shu paytda aytishlari mumkin. Ikkinchidan, kattayib qolgan bolajonisini ultratovushli apparat monitorida ko‘rgan otada homiladorlik deb atalmish bu ajoyib davrga nisbatan munosabat o‘zgaradi. U endi dunyoga kelajak bolajonisini o‘z ko‘zlari bilan ko‘radi va shundan keyin kichkintoyni onaga o‘xshab intizorlik bilan kutadi. UZI oldidan hech qanday xavotir va qo‘rquvlar bo‘lmasligi kerak – kichkintoy hammasini his qilib yotadi, shunday ekan, uning ona qornida sokin va bemalol yotishiga qo‘yib bering.
Yorqin kiyimlar kiying!
Bu davrga kelib onaning vazni 4,5–6 kg ga oshishi mumkin. Qorin hali kichkina, lekin ona tanasini sezilarli darajada o‘zgartiradi. Bu manzarani go‘zal va yoqrin, ammo qulay kiyimlar bilan bezang. Siz hozir haddan tashqari go‘zalsiz, butun olam sizga qarab zavqlansin!
Manba: Homiladorlik.uz