Homiladorlikning 16 haftasi – hammasi o‘z me’yorida ketmoqda, ikkinchi trimestr toksikoz va kayfiyat “sakrashi”ning barham topganligi bilan sizni hali ham xursand qilayotir. Kichkintoy tez o‘smoqda, qorin dumaloqlashib bormoqda, bo‘lg‘usi ona esa ushbu betashvish kunlardan rohat oladi.
Ikkinchi bolasiga homilador onalar homilaning ilk g‘imirlashini eshitishlari ehtimoldan xoli emas. Bo‘lg‘usi onaning ishtahasi juda ham yaxshi, hojatga tez-tez borayotgani yo‘q – juda ajoyib holat. Teringiz cho‘zilishi sababli tilim-tilim atrofik chandiqlar paydo bo‘lishi ehtimolini va ortiqcha vazn yeg‘ilishini profilaktika qilishga ayni fursatdir.
Homiladorlikning 16 haftasida nimalar yuz beradi
O‘z maromida kechayotgan homiladorlik bu vaqtda biror-bir og‘riq yoki darmonsizlik bilan ko‘ngilni xira qilmasligi kerak. Biror yumushdan keyin yengil madorsizlik va charchash sezilishi mumkin, biroq qorinning pastki qismida og‘riqli sezgilar, o‘zini yomon his qilish bo‘lg‘usi onani bezovta qilmasligi lozim. Agar siz shunga o‘xshash holatlarni sezadigan bo‘lsangiz, shifokorga murojaat qilish zarur. Ko‘krak kattalashadi, uning og‘riq sezuvchanligi esa kamayib boradi. Agar oldin bu sizning uyqungizga hatto xalaqit bergan bo‘lsa, endi bu holatlar ortda qoladi. Bu vaqtda ba’zi ayollarda uzoq kutilgan hodisa – bolaning qimirlashi yuz beradi. Homiladorlikning 16 haftasida homilaning ilk qimirlashi sezilishi mumkin: ko‘pincha ayol bu aynan qimirlash ekanligini tushunmaydi ham. Bolakayning bu turtishlari yengil g‘imir-g‘imirni eslatishi mumkin, xuddi kapalaklar nozik qanotchalari bilan ichingizda pirillab o‘tganga o‘xshaydi.
Homiladorlikning 16 haftasida homilaning ahvoli
Homiladorlikning 16 haftasida homilaning vazni 100–120 grammni, uzunligi dumg‘azadan bosh uchigacha – 11 sm ni tashkil etadi. Kichkintoy endi bo‘ynini tik ushlay oladi, boshchasini yon atrofga o‘girishni ham o‘rgangan. Jimitning yurakchasi astoydil ishlamoqda, jigari esa hazm qilish funksiyasini ham bajarishga kirishib ketgan. Buyrak va qovuq faol ishlab turibdi. Go‘dagingiz har 45 daqiqada siyib turadi. Bu davrda shifokor kichkintoyning qon aylanish tizimida nimalar yuz berayotganini sizga aytib berishi mumkin. Jimitning qon tarkibi to‘liq shakllangan: ushbu muddatda qon guruhini ham, uning rezus-faktorini ham aniqlasa bo‘ladi. Qonda hali ham fetal gemoglobin ishlab chiqariladi. Kichkintoy tug‘ilgandan keyin yarim yil o‘tgach oddiy gemoglobin fetal gemoglobinning o‘rnini bosadi.
Ruhni tetik tutamiz
Gormonal holat o‘z maromini topgan: ayol xotirjam va betashvish. Aksariyat onalar kuch-quvvatga to‘lishib, o‘y-fikrlari farahbaxsh bo‘lib borayotganini his etadilar, juda ko‘p yumushlarni bajarib tashlagilari keladi! Kichkintoyning hayoti uchun xavfsirashlar ortda qolgan: ikkinchi trimestrda bola tushib qolishi holati kamdan-kam uchraydi. Agar ona irimchi bo‘lmasa, kichkintoy uchun chaqaloqlar kiyim-kechagini xarid qilaversa bo‘ladi. Garchand siz hali bolaning jinsini aniq bilmasangiz ham, neytral tusdagi kiyimlarni olaversangiz bo‘ladi.
Nonushta – puxta, kechki dasturxon – yengil bo‘lsin
Bu vaqtga kelib ayol ko‘pincha 2–2,5 kg atrofida vazn yig‘adi. Lekin vaznning keskin tarzda ortishi hali kuzatilmaydi. Kuniga 4–5 mahal lekin oz-ozdan ovqatlanishga harakat qiling. Nonushtani hech qachon kanda qilmang, u to‘yimli va foydali bo‘lishi kerak. Kechki ovqatning yengil bo‘lishi esa zarar qilmaydi. Ovqatda tuz iste’molini iloji boricha cheklang.
Amniotsentezning nozik jihatlari
Mazkur muddatda shifokor alfa-fetoprotein, kon’yugirlanmagan estriol va OXG darajasini baholab beradigan qon tahlilini tayinlashi mumkin. Ushbu moddalarni tadqiq etish homilada xromosomali nuqsonlar bor-yo‘qligini aniqlashga yordam beradi. Lekin mazkur tahlil salbiy chiqqan taqdirda ham, yakunlovchi tashxisni qo‘yishga hali erta. Bu holda amniotsentez muolajasi tayinlanishi mumkin. Amniotsentez – homila atrofidagi suyuqlikdan namuna (proba) olishdir, bunda suvlarning tahlili homila rivojlanishidagi kamida 40 ta ehtimoliy nuqsonlarni aniqlashga imkon beradi. Ushbu muolaja xavfsiz emas, shuning uchun ona undan voz kechishga to‘liq haqlidir.
Homiladorlikning 16 haftasidagi sezgilar
Homiladorlikning 16 haftasida ayolning qorni ko‘rinadigan darajada tashqariga do‘ppayib chiqqan bo‘ladi. Ikkinchi homiladorlikda qorin yanada ko‘rinarli bo‘lib qoladi, chunki mushak va paylar cho‘zilgan bo‘ladi. Qorindagi kindikdan qov supachasigacha tortilgan chiziqchaning ancha qorayib qolishi ehtimoldan xoli emas. Pigmentatsiya peshanada, yuzda, qansharda, ko‘zlar atrofida paydo bo‘lishi mumkin. Terida melanin pigmenti to‘planadi, lekin u umuman xavfli emas. Tug‘ruqdan keyin bu o‘zgarishlar yo‘q bo‘lib ketadi. Ko‘krak yiriklashgan bo‘ladi, kiymingiz tor bo‘lib qolmasligi va o‘zingizga qulay turishi ustidan kuzatib boring. Tish va milklaringizning holatiga e’tibor bering, biror muammo tug‘iladigan bo‘lsa stomatolog huzuriga boring, zero, hozir buning ayni vaqtidir. Manba: Homiladorlik.uz