Homiladorlikning 11 haftasi – birinchi trimestr oxirlamoqda, toksikoz “chekinmoqda”, bo‘lg‘usi ona esa bachadoni o‘sib borayotganini sezishni boshlamoqda. Tashqi o‘zgarishlar hali unchalik sezilmasada, biroq ichki tomondan har bir ayol yangi holatga amalda moslashib bo‘lgan. Homiladorlikning dastlabki xavotirli haftalaridagi qo‘rqishlar ortda qolgan, bo‘lg‘usi ona emotsional bardoshli bo‘lganini sezmoqda.
Homiladorlikning 11 haftasi
Homiladorlikning 11 haftasida kichkintoy bilan nimalar yuz beradi va ushbu davrda ona o‘zini qanday his qiladi?
Homiladorlikning 11 haftasidagi sezgilar
Ko‘pchilik ayollar bu haftada azoblovchi toksikozdan xalos bo‘la boshlaydi. Lekin u hali ketmagan bo‘lsa ham xavotirlanishga o‘rin yo‘q. Toksikoz 14 haftaga qadar, balki undan ham uzoqroqqa cho‘zilishi mumkin, biroq uning alomatlari tobora kamayib boradi. Ba’zida toksikoz o‘rniga jig‘ildon qaynashi yuzaga kelishi mumkin, vaziyatni qabziyat mushkullashtirishi ham ehtimoldan holi emas. Bunga gormonlarning faoliyati sabab bo‘ladi. Lekin ko‘p ayollar jig‘ildon qaynashiga ham, qabziyatga ham shikoyat qilishmaydi, ana shuning uchun ular albatta menda ham uchrar ekan deb o‘zini ishontirib qo‘ymaslik kerak. Ko‘pgina homilador ayollar homiladorlikning 11 haftasida qorinning pastki qismi – qovining shundoqqina tepasi birozgina do‘ppayib qolganligini sezishlari mumkin. Agar shimingiz tugmasi taqilmay qolsa, xipcha belli ko‘ylagingiz sizga tor kela boshlasa hayron bo‘lmang. Bachadon hali kichik tos suyagi chegaralaridan chiqib ketmagan bo‘lsada, o‘sib borayotgan qorinni his etsa bo‘ladi. Bu davr ham xatarli davrlardan hisoblanadi, shuning uchun, agar homiladorlikning 11 haftasida qorin tortqilasa yoki og‘risa, belda zirqirash yuz bersa, unda homiladorni kuzatib borayotgan ginekologga maslahat so‘rab murojaat qilgan ma’qul. Qindan kuchli ajralmalar chiqishi boshlanadi. Bundan cho‘chimaslik kerak: bu hol homiladorlikning oxiriga qadar sizni tark etmasligi ham mumkin. Biroz achimqiragan hidli oq ajralmaning chiqishi me’yor hisoblanadi. Emchakdan chiqadigan kam miqdordagi ajralmalar ham me’yor hisoblanadi, ularga tegmang va siqib chiqarishga urinmang – bu og‘iz suti hisoblanadi.
O‘syapsanmi, kichkintoy?
Bola ancha o‘sib qolgan, homiladorlikning 11 haftasida homilaning hajmi – 6 sm atrofida, vazni 8 dan 10 grammgacha keladi. Bolaning kattaligi yirik olxo‘ri donasidek bor. U juda tez rivojlanadi:
Boshini ko‘tara oladi;
Narsalarni ushlay olish ko‘nikmasi paydo bo‘lgan;
Bolaning ovqat hazm qilish trakti rivojlanadi;
Jinsiy a’zolari shakllana boshlamoqda;
Bolakayda tashqi ta’sirlarga sezuvchanlik paydo bo‘lgan;
Bolakayning harakatlari yanada ravshanlashgan.
Homiladorlik 11 haftasining xususiyatlari
Kayfiyatning tez o‘zgarib turishi holatlari sizni tark etmagan bo‘lsa ehtimol. Bundan, albatta, cho‘chish kerak emas. Gormonlar o‘z ishini ko‘rsatadi, shuning uchun hissiyotdagi tez-tez bo‘ladigan o‘zgarishlar bu muddatda g‘ayritabiiy hisoblanmaydi. Hamma narsani gormonlardan ko‘ravermaslikka harakat qiling, o‘z hissiyotlaringizni boshqara biling, sabrli va oqila bo‘ling. Toliqib qolishdan o‘zingizni saqlang, katta yuklamalar homilador ayol organizmi uchun stress hisoblanadi. O‘zingizni bo‘sh qo‘yishni o‘rganing, bu ko‘nikma sizga homiladorlik davrida ham, tug‘ruq vaqtida ham asqotadi.
Tartibli taomnoma
To‘liq, muvozanatlashgan taomnoma – ushbu qoidaga 11 haftada ham rioya qilamiz. O‘z taomnomangizga bo‘tqa, tvorog, meva va sabzavotlarni, mol go‘shti, ko‘kat, yong‘oqlar, o‘simlik moylarini albatta kiriting. Bo‘kib yeyish kerak emas, aks holda jig‘ildon qaynashi va qabziyatdan qutulolmay qolasiz. Bo‘laklarga bo‘lib ovqatlanamiz: har 3–4 soat oralig‘ida kichik-kichik porsiyalar yeyish kerak. Yog‘li, achchiq, qovurilgan, dudlangan ovqatlardan o‘zni tiygan ma’qul. Ichishga oddiy suv, endigina siqib chiqarilgan sharbatlar va mors yaxshi.
Skrining va boshqa tekshirishlar
Bu muddatda sizni skriningdan o‘tishga yuborishlari mumkin. Skrining uch karra UZI hamda qonning biokimyoviy tahlilidan iborat. Bu homilaning rivojlanishida mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan nuqsonlarni, aniqrog‘i, ushbu nuqsonlarning rivojlanib ketishi xavfini aniqlay oladigan tahlil. Bu muolaja kichkintoyning rivojlanishi va onaning salomatligiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Agar tekshirish davomida shifokor tomonidan biror-bir xavotirli omillar aniqlanadigan bo‘lsa, bo‘lg‘usi onani maslahat olish uchun genetikka yuborishadi. Lekin skrining ma’lumotlari zinhor hukm emas, balki yanada batafsil tekshirishlar o‘tkazish uchun vaj-sabab xolos. Birinchi skrining 11–12 haftada o‘tkaziladi, bu homiladorlikning aniq muddatini belgilash uchun ham eng maqbul vaqt hisoblanadi. Homiladorlikning 11 haftasida UZI o‘tkazishdan maqsad – homiladorlik jarayoniga baho berish, ko‘p homilalikni aniqlash va homilaning ensa maydonini (nuchal translucency) o‘lchashdan iborat.
Tashqi ko‘rinishimga nima qilibdi?
Va nihoyat, ayol tashqi ko‘rinishida nimalar o‘zgarib borishini aytib o‘tsak. Siz tirnoqlaringizning sinuvchanligini, sochlaringiz to‘kilayotganini sezishingiz mumkin. Bunga qarshi kurashish amalda befoyda, tug‘ruqdan keyin bularning hammasi o‘z me’yoriga qaytadi. Teskari holat ham bo‘lishi ehtimoldan holi emas: ayol sochlarining quyuqlashganini, ular tez o‘sayotganini sezishi mumkin. Soch bo‘yashdan tiyilib turishni maslahat beramiz: organizmdagi gormonal o‘zgarishlar natijaga ta’sir ko‘rsatib u kutilmagan bo‘lib chiqishi mumkin. Teringiz cho‘zilishi sababli tilim-tilim atrofik chandiqlar paydo bo‘lish ehtimolining oldini oluvchi moylardan (masalan, zaytun moyidan) foydalanishning ayni vaqtidir, aks holda bu pallani o‘tkazib yuborganingizdan afsus chekib qolishingiz mumkin. Manba: Homiladorlik.uz