Homiladorlikning 11 haftasi: moddalar almashinuvi
Bu muddatda ona organizmi juda kuchli yuklamani his etadi: barcha almashinuv jarayonlari kuchaygan, yurak 2 baravar tezroq ishlaydi, qon aylanishi ham tezlashgan. Lekin xavotirga hojat yo‘q: bunday keskin o‘zgarishlarning ro‘y berishi zarur, shu orqali sizning organizmingiz ulg‘ayib borayotgan kichkintoy uchun “moslashib olgan”. Ikkinchi trimestr kelishi bilan vaziyat o‘z maromiga tushadi, siz birdan yengil tortganingizni his qilib qolasiz. Lekin hozircha ona muttasil kuchli chanqoqni his qilib yurishi mumkin. Bu davrda oddiy ichimlik suvi, tabiiy kompotlar, yangi siqilgan sharbatlarni ichishi lozim. Buyrakka tushadigan yuklama ortadi, shuning uchun tuzlangan taomlar, fastfuddan o‘zingizni tiying. Ko‘p ter chiqsa ham hayron bo‘lmaslik kerak: bu nafaqat normal holat, balki yaxshi hamdir. Kuchli moddalar almashinuvi deb kaloriyalar tezroq yonadi, shuning uchun bu muddatda vazn kamdan-kam oshadi. Aksincha, biroz ozish kuzatilishi ham mumkin.
Homiladorlikning 11 haftasi: nima yeyish va nima ichish kerak
Buni takrorlashdan hech charchamaymiz – to‘g‘ri ovqatlanish ko‘p jihatdan bo‘lg‘usi ona salomatligining garovi hisoblanadi. Jig‘ildon qaynashini istamaysizmi? Vazningiz tezkor sur’atda oshishini xohlamaysizmi? Shishlar sizni qo‘rqitadimi? Charchoq va qorindagi doimiy og‘irlikchi? Bularning barchasi sizni bezovta qilmasligi uchun to‘g‘ri ovqatlanish kerak, vassalom. Xususan:
- Kechasiga ko‘p suyuqlik ichmang: homiladorlikning istalgan vaqtida shishlar paydo bo‘lishi mumkin (shu jumladan o‘n birinchi haftada ham).
- Ovqatlangandan keyin oraliq vaqtlarda tamaddi qilishdan tiyiling. Buni faqat shifokor tavsiyasiga ko‘ra vazn yig‘ishi lozim bo‘lgan ayollar qilsa bo‘ladi.
- Uxlashdan oldin ovqatlanmang. Aks holda qorningizda og‘irlik hissiyoti kechasiyu kunduzi sizni bezovta qilaveradi.
- Kuniga 5–6 marta kam-kamdan ovqatlaning. Kechki ovqat yengil, lekin to‘yimli bo‘lishi kerak. Endi agar juda ham shirin shirmoy non yoki pishiriq yegingiz kelsa, uni kunduzgi soat 12 ga qadar yeyib olishga harakat qiling.
- Yangi uzilgan sabzavot va mevalar – so‘zsiz kerak! Homiladorlik – qatiq qo‘shilgan mazali meva salatlariga ruju qo‘yishning ayni vaqti. Salatga yong‘oq va quruq mevalar ham qo‘shsa bo‘ladi.
- Sosiska va boshqa yarim tayyor mahsulotlarni umuman “unutib” yuboring. Bug‘da pishgan taomlarga e’tiborli bo‘ling. Ishoning, yaqinda qovurilgan kotletning qisir-qisir jildi sizga quruq va seryog‘ bo‘lib tuyuladi, bug‘da pishirilgan mol go‘shtidan kotletlar esa sizning jonu dilingizga aylanadi.
- Sut-qatiq mahsulotlarini umuman kanda qilmang. Tabiiy tvorog, sir va qatiq bilan “do‘stlashib oling”.
- Kofe, gazlangan suv va limonadlardan voz keching, choyingizga kamroq shakar soling, ko‘proq yangi siqib chiqarilgan tabiiy sharbatlarni iste’mol qiling.
Homiladorlikning o‘n birinchi haftasidagi kuchli moddalar almashinuvi jarayoni – normal holat, lekin agar kuchli chanqoq, toliqish hissiyoti sizni me’yordan ortiq qiynaydigan bo‘lsa, albatta shifokorga ko‘rinish bering.Homiladorlik.uz