Соғлом оила - соғлом келажак

Homiladorlikda hayz kelishi mumkinmi?

Agar ayol kishi homiladorlikning erta davrlarida hayz ko‘rsa, bu holatni normal deb o‘ylashi mumkin. Aslida shundaymi, nima uchun homiladorlik boshlangan bo‘lsa ham ayolda qonli hayz ko‘rishlar kuzatiladi? Bu haqida quyida batafsil yoritamiz.

Homiladorlik boshlanganidan keyin hayz ko‘rish mumkinmi?

Ayol organizmi fiziologiyasiga binoan, hayz ko‘rish va farzand kutish – umuman bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan holatdir. Hayz siklini uch muhim bosqichlarga bo‘lish mumkin: ovulyatsiyagacha bo‘lgan davr (folikula bosqichi), ovulyatsiya bosqichi va ovulyatsiyadan keyingi, hayz qayta boshlangungacha bo‘lgan davr (lyutein fazasi). Hayz siklining birinchi yarmida bachadon ichki devorida endometriy qavati o‘sib boradi. Agar ovulyatsiya vaqtida tuxum hujayra urug‘lanmasa, endometriy qavati ko‘chib tushib, qon ko‘rinishida hayz sikli oxirida chiqib ketadi. Shu kabi sikl har oyda takrorlanadi.

Agarda ovulyatsiya vaqtida tuxum hujayra urug‘lanadigan bo‘lsa, urug‘langan tuxum hujayra bachadon trubkasi bo‘ylab, bachadon bo‘shlig‘iga tushadi va implantatsiya bo‘ladi. Shu vaqtdan boshlab ayol organizmida progesteron gormoni miqdori oshadi. Bu gormon bachadon endometriy qavati ko‘chib tushishiga imkon bermaydi, aksincha homilani himoya qilish uchun saqlanib qoladi. Mana shuning uchun ham homiladorlik boshlanganda hayz ko‘rish kuzatilmaydi. Ko‘pincha ayollar qindan kelgan qonli suyuqlikni hayz suyuqligi deb o‘ylashadi. Lekin qindan qon kelishi faqatgina hayz sikli bilan bog‘liq bo‘lmay, turli xildagi kasalliklar belgisi bo‘lib ham keladi.

Homiladorlikda qon ketishi sabablari

Homiladorlik ilk davrlarida qonli ajralmalar kelishi hayz ko‘rishiga o‘xshaydi. Ayol miyasiga birinchi navbatda “homiladorlik vaqtida hayz ko‘rayapman” degan fikr keladi. Ammo bu holat hayz ko‘rish emas, qon ketish deb ataladi. Bunday holat tez-tez uchrab turadi va uni xavfsiz deb aytib bo‘lmaydi.

Homiladorlikda hayz kelishi

Qonli ajralmalar kelishining sabablari quyidagilar bo‘lishi mumkin:

1.Homiladorlik to‘xtashi xavfi;
2. O‘sishdan to‘xtagan homila;
3.Bachadondan tashqari homiladorlik.

Homiladorlik to‘xtashi ya’ni tushib qolish xavfida qonli ajralmalar to‘q rangda va quyuq bo‘ladi. Odatda qorinning pastki qismida og‘riq bilan keladi. Bunday holat ayol organizmidagi immun tizimi zararlanishlarida kelib chiqadi, ya’ni homilani yot, begona jism deb qabul qiladi. Ayol organizmi “bu yot jism”dan qutulishga harakat qiladi.

To‘xtab qolgan homiladorlik ya’ni homilaning o‘sishdan to‘xtashi ma’lum vaqt belgilarsiz kechishi mumkin. Ammo bu holatni qindan to‘q rangli ajralmalar kelishi, sut bezlarining yumshashi va qorindagi o‘tkir og‘riqlar boshlanishi bilan bilib olsa bo‘ladi. Bunga sabab embrion rivojlanishidagi anomaliyalar, bachadon mushaklari tonusi ortishi va irsiy (genetik) patologiyalar bo‘lishi mumkin.

Bachadondan tashqari homiladorlikda urug‘langan tuxum hujayraning qaysi sohada joylashganiga qarab qorinda kuchli og‘riqlar paydo bo‘ladi. Og‘riq tana holatini o‘zgartirganda yoki jismoniy harakat qilganda kuchayadi. Bunda vaqti-vaqti bilan ko‘p hajmda bo‘lmagan qon ketishlar kuzatiladi. Kuchli va davomli qon ketish ijobiy holatdan darak beradi – chunki organizm o‘zi urug‘langan tuxumni ajratib chiqarayotgan bo‘ladi.

ЎҚИНГ:   Diqqat! Homilador ayolga aytiladigan asossiz maslahatlar

Bachadondan tashqari homiladorlik va o‘sishdan to‘xtagan homilada zudlik bilan jarroxlik amaliyoti o‘tkazilishi kerak.

Yuqoridagi sanab o‘tilgan har qanday holatlar ayol organizmi uchun xavfli hisoblanadi. Homiladorlik vaqtida ayolning umumiy ahvoli yomonlashsa darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Ayol kuchli og‘riqdan tashqari, tana harorati oshgani, bosh og‘rig‘i va bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va qusish, holsizlik, pulsning ortishi ham kuzatilishi mumkin.

Homiladorlikda hayz ko‘rish qaysi holatlarda xavfsiz?

Homiladorlikning erta bosqichlarida qindan ajralgan har qanday qonli ajralmalar patologiya hisoblanadi. Biroq, ayrim holatlarda bu xavfsizdir. Ba’zida homiladorlikning ilk davrida hayz ko‘rish mumkin, bu ayol va tug‘ilajak farzand hayotiga xavf solmaydi. Ular quyidagilar:

  • Urug‘langan tuxum hujayraning bachadonga implantatsiyasi;
  • Bachadon tuzilishining o‘ziga xosligi;
  • Hayz ko‘rishdan oldin urug‘lanish;
  • Gormonal o‘zgarishlar;
  • Ovulyatsiyada ikki tuxumdondan tuxum hujayraning chiqishi va ulardan birining urug‘lanishi;
  • Kichik chanoq a’zolariga qon kelishining kuchayishi;
  • Endometrioz va endometriy, miometriyning yaxshi sifatli o‘smalari;

Ba’zida urug‘langan tuxum hujayraning bachadonga implantatsiyasida kam hajmdagi qon kelishlar kuzatilib turadi. Bunda qon quyuq bo‘ladi va odatda ayol uni hayz suyuqligi deb qabul qiladi. Ushbu holat bachadon devoridagi qon tomirlar embrionning implantatsiya jarayonida shikastlanishi natijasida kelib chiqadi. Lekin odatga ko‘ra bunday paytda qon kelmasligi kerak, shuning uchun ko‘pchilik ayollar buni sezishmaydi ham.

Bachadonning ikki shoxli bo‘lishida urug‘langan tuxum hujayra bachadonning bir shoxiga implantatsiya bo‘lsa, ikkinchi shoxida hayz kelishi davom etaveradi. Bu aynan hamiladorlik boshlangandan keyin hayz ko‘rishning tipik ko‘rinishidir. Albatta bu holat normal emas, lekin ikki shoxli bachadonga ega bo‘lgan ayollar soni juda kam.

Tibbiyot hodimlari hayz ko‘rish vaqtida ham homilador bo‘lish mumkinligini inkor etishmaydi. Bu haqiqat va ovulyatsiyaning kech bosqichlarida kuzatiladi. Bu holatda hayz sikli rejaga ko‘ra ketaveradi, shunchaki urug‘langan tuxum hujayra implantatsiya bo‘lishi uchun ikki hafta vaqt ketadi. Natijada gormonal o‘zgarishlar ro‘y berishga ulgurmay qoladi va hayz ko‘rish vaqtinchalik davom etadi.

Homiladorlikda hayz ko'rish mumkinmi

Shu sababli ayol homiladorlik boshlanish vaqtini adashtirib qo‘yadi. Masalan himoyalanmagan jinsiy aloqa o‘tgan hayz siklida bo‘ldi, hayz sikli rejali ravishda keldi, shundan keyin jinsiy aloqa bo‘lmadi, ammo ayol kishi homilador bo‘lganini seza boshlaydi. U homiladorlik kuzatilgandan keyin hayz ko‘rayapman deb o‘ylaydi. Aslida homiladorlik tuxum hujayra urug‘langan paytdan boshlanmaydi, homiladorlik urug‘langan tuxum hujayraning bachadonga implantatsiyasidan boshlanadi. Mana shu holatning mantiqiy javobi – kechki ovulyatsiya, ya’ni jinsiy aloqadan keyin tuxum hujayra urug‘landi, lekin bachadonga implantatsiya bo‘lmadi.

ЎҚИНГ:   Homilador ayol uchun kislorodli kokteyl qanchalik foydali?

Ayol kishi bilishi lozim bo‘lgan narsa, homiladorlikdagi gormonal o‘zgarishlar va XG (xorionik gonadotropin) miqdorining oshishi tuxum hujayraning bachadonga implantatsiyasidan keyin yuzaga keladi.

Gormonal buzilishlar ayol organizmida yetarlicha progesteron gormoni ajralib chiqmasa yoki androgen gormonlari ortib ketganda kuzatiladi. Bunday hollarda ayol qinidan jigarrang tusdagi ajralmalar ajrala boshlaydi, bu esa organizm uchun xavfli emas. Muammoni gormonal preparatlar qabul qilish bilan bartaraf etish mumkin. Ayol kishi ancha vaqtgacha homilador bo‘lganini bilmaydi. Buning xavfli jihati shundaki, ayol o‘zining odatiy hayot tarzini davom ettiraveradi: homilaga zararli dori preparatlarni qabul qilaveradi, stress olishda davom etadi, zo‘riqish va zararli odatlardan cheklanmaydi.

Ba’zida ikki tuxumdon bir vaqtda ishlab tuxum hujayralarni ishlab chiqaradi. Ulardan biri urug‘lanadi, ikkinchisi esa hayz ko‘rinishida organizmdan chiqib ketadi.

Odatiy hayz ko‘rish homiladorlikning erta bosqichlarida uzog‘i bilan bir oy ichida kuzatiladi. Homiladorlikning ikkinchi oyidan boshlab qonli ajralmalar kelishi jiddiy patologiyadan darak beradi.

Homiladorlik vaqtida kichik chanoq organlariga qon kelishi kuchayadi. Shuning uchun ayol qinidan kam miqdordagi qonli ajralmalar kelishi mumkin. Asosan jinsiy aloqa va ginekolog ko‘ruvidan keyin qon kelishlari kuzatiladi. Bu holat bachadon shilliq qavati shikastlanishi bilan tushuntiriladi va bu homila hayoti uchun xavf tug‘dirmaydi.

Homiladorlik vaqtida endometrioz, mioma, kista, fibroma yoki polip kabi patologiyalar sababli qonli ajralmalar kelib, ayol uni hayz suyuqligi deb o‘ylaydi.

Odatiy hayz suyuqligini qonli ajralmalardan qanday farqlasa bo‘ladi?

Fiziologik jihatdan olib qaralganda, bachadon ichki qavati homiladorlik implantatsiyasi davrida ko‘chishi, embrion uchun xavfli hisoblanadi. Shuning uchun mutahasis shifokorlar har qanday qonli ajralmalarni “qon ketish” deb atashadi.

Ko‘pchilik qon ketishlar ayol va homila organizmi uchun xavf tug‘dirmasligi mumkin, lekin ayol o‘zida kechayotgan holatlarga e’tiborli bo‘lishi zarur. Agar homiladorlikning erta bosqichlarida hayz sikli kuzatilsa va bunga sabab gormonal o‘zgarish bo‘lsa, bu ayol uchun xavfli emas.

Asosan xavfli deb quyuq, to‘q yoki suvli ajralmalar bilan kelayotgan qonli suyuqliklarga aytiladi. Ayniqsa bu holat og‘riq bilan kelsa jiddiy muammodan darak beradi. Aynan shu belgilar homila tushishiga, bachadondan tashqari homiladorlikka va yallig‘lanish jarayonlariga sabab bo‘ladi.

Agar ayol o‘z organizmida nima bo‘layotganini tushunmasa, uni quyidagi holatlar ogohlantirishi mumkin:

  • Hayzda qon kelish muddatining uzayishi;
  • Kam miqdordagi yoki judayam ko‘p miqdordagi suyuqlik kelishi;
  • Hayz oldi belgilari, sut bezlarining kattalashishi hayz sikli tugagandan keyin ortga qaytmasligi;
  • Siklning o‘rtasida qon kelishi.
ЎҚИНГ:   Homiladorlikning 36-haftasi

Agar bu belgilar kuchli og‘riq va o‘zini yomon his qilish bilan kelsa, shifokorga murojaat etishni inkor qilmaslik kerak. Homiladorlik alomatlari sezilishi bilan test o‘tkazash kerak yoki qonning XG gormoniga tekshirtirish kerak. Homiladorlikni aniq aytib beradigan tekshiruv UTT (UZI) dir.

Homiladorlikda hayz ko‘rish nimasi bilan xavfli?

  • Homiladorlik paytida kuzatilayotgan qon kelishlarni ayol kishi jiddiy qabul qilishi va to‘g‘ri baholashi zarur. Qoidaga ko‘ra, qonli ajralmalar kelishining uzoq davom etishi va uning miqdori ko‘payishi homilaning tushish xavfini oshiradi. Ayniqsa bunday salbiy holatga siquvchi og‘riqlar ham qo‘shilsa, zudlik bilan shifokor tavsiyalari kerak bo‘ladi.
  • Kam miqdordagi, ammo tez-tez takrorlanib turuvchi qonli ajralmalar kelishi, ayol va homila hayoti uchun xavfli bo‘lmasa ham, ginekolog tavsiyalarini olish zarar qilmaydi. Ba’zi holatlarda hayz ko‘rish homiladorlikda kuzatilib, ayol homilani sog‘lom holda dunyoga keltirishi ham uchrab turadi.
  • Homiladolikning erta bosqichlarida hayz ko‘rib turish yuqorida aytib o‘tganimizdek uchrab turadi. Shunday bo‘lsa ham ayol o‘z organizmini baholashi va ajralmalar xarakterini aniqlab olishi kerak. Ahvolning yomonlashganini sezishi bilanoq shifokorga murojaat qilish, yomon oqibatlardan saqlaydi. Kuchli og‘riq va to‘q qizil rangdagi ajralmalar – zudlik bilan shifoxonaga borishga “signal” bo‘la oladi. Homila tushish xavfi bo‘lganda ayolga gormonal preparatlar buyuriladi va kasallikni davolab homilani saqlab qolishga maksimal darajada harakat qilinadi.

Agar homiladorlik testi va qonning XG ga tekshiruvi homiladorlikni tasdiqlasa, har qanday qonli ajralmalar kasallik natijasida deb qaralib tibbiy muolajalar olishga asos bo‘ladi.

Homiladorlikda qon kelsa

Homiladorlik davrida hayz ko‘rish haqida nimalarni bilish muhim!

Bo‘lajak ona homiladorlik vaqtida quyidagi muhim holatlar haqida bilishi muhimdir:

  • Homiladorlikning ilk bosqichlarida qonli ajralmalar kelishi norma hisoblansada, bu hayz suyuqligidan farqlanadi. Agar ushbu qonli ajralmalar homiladorlikning 12-haftalarida ham kelishda davom etaversa shifokorga murojaat etish zarur;
  • Homiladorlikda qon ketish, odatda hayz ko‘rish deb qaraladi, ammo bu holat ayol va homila hayoti uchun xavfli hisoblanadi;
  • Uzoq muddat davom etuvchi va ko‘p miqdordagi qon kelishlar, og‘riq bilan birga kelsa, tabiiy ravishda homiladorlik to‘xtayotganidan dalolat beradi;
  • Homiladorlikda davomli qon kelish va homiladorlikning normal kechishi, ayol o‘zini yaxshi his qilishi, gormonal holatni o‘zgarishi bilan tushuntiriladi.

Homilador ayollar o‘z shifokorlari bilan doimo aloqada bo‘lib turishlari, kerakli tekshiruvlardan o‘tib turishlari va o‘z organizmiga “quloq solib” turishlari zarur. Optimistik kayfiyat bo‘lajak farzand uchun ham ayol uchun ham foydalidir.

Телеграмдаги расмий каналимизга аъзо бўлинг!

Аъзо бўлиш

Бош саҳифа » Homiladorlik » Homiladorlikda hayz kelishi mumkinmi?

loading...

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.