Соғлом оила - соғлом келажак

Homiladorlikda allergiya xavflimi?

Butun jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bong uradi: XX asr yurak-qon tomir kasalliklari asri edi, XXI yuz yillik esa allergiya davri. Chunki shu kunlarda jahon aholisining 20 foizdan ortiqrog‘i bu kasallikdan azob chekmoqda. Organizm uchun ulkan o‘zgarishlar davri bo‘lgan homiladorlikda esa ilgari allergiya haqida umuman eshitmagan ayollar ham unga mubtalo bo‘lishlari mumkin. Davolash juda ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi kerak.

 Allergiya qayerdan paydo bo‘ladi?

Avvalo, homilador ayol o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishi lozim. Bu davrda ortiqcha dori-darmon iste’mol qilmaslik, kosmetik va maishiy kimyo vositalaridan iloji boricha foydalanmaslik, sun’iy emas, faqat tabiiy matolardan liboslar kiyish, toza havoda yurish va to‘g‘ri ovqatlanish muhim. Zero, allergiya – organizmning kuchli himoya reaksiyasi bo‘lib, bunda immun tizimi tashqi ta’sirlar u yoqda qolib insonning o‘z to‘qimalarini zararlay boshlaydi. Shu sababli tanamizni zararli tashqi ta’sirlardan himoyalasak, immun tizimi ham izdan chiqmay, o‘z vazifasini to‘g‘ri va aniq bajara oladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 18 – 24 yosh oralig‘idagi homiladorlar allergiyadan eng ko‘p aziyat chekishar ekan.

Homiladorlikda allergiyaning ikki darajasi kuzatiladi:

1. Yengil darajasi. Bunda allergik rinit (burundan tinmay suv kelishi), allergik konyuktivit (ko‘z qichish, yoshlanishi), lokallashgan toshmalar (tananing ayrim yerlariga toshma toshishi) kuzatiladi.

2. Og‘ir darajasi. Butun tanaga toshma toshishi, Kvinke shishi (shilliq qavatlarning allergik reaksiya oqibatida shishib, nafas yo‘lini to‘sib qo‘yishi), anafilaktik shok (arterial bosimning keskin tushib ketishi oqibatida yuzaga keladigan karaxtlik holati).

Allergiyaning homilaga ta’siri

Allergenlar bevosita homilaga ta’sir qilmaydi, chunki ularning yo‘lini platsenta to‘sib turadi. Shunga qaramay, onaning umumiy ahvolidagi o‘zgarishlar, allergiya simptomlari oqibatida yuzaga kelgan noqulayliklar, qabul qilinadigan dori-darmonlar (allergiyada qabul qilinadigan dori vositalari bachadon-platsenta qon aylanish tizimini susaytirib, homilaga kislorod yetishmasligini yuzaga keltirishi) bolaga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Allergiyani davolash

Asosiy maqsad homilaga ta’sir o‘tkazmay turib onadagi allergiya simptomlarini yo‘qotishdan iborat. Buni mutaxassis yordamisiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Shu sababli homilador ayol o‘zida allergiya belgilarini sezgani hamono shifokorga murojaat qilishi kerak. O‘zboshimchalik bilan davolanib bo‘lmaydi, chunki allergiyada qo‘llaniladigan ko‘pchilik antigistamin preparatlar homiladorlarga mumkin emas.
Homiladorlikdagi allergiyani davolash

Allergiyaning oldini olish

Buning uchun homilador ayol allergiya chaqirishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlaridan tiyilishi, chang, turli o‘tkir hidlardan uzoqroq bo‘lishi, o‘zboshimchalik bilan turli dori vositalarini qabul qilmasligi lozim. Quyida oziq-ovqat mahsulotlari allergiya chaqirish darajasiga qarab tasniflangan.

Yuqori darajada: sigir suti, baliq, dengiz mahsulotlari, baliq ikrasi, tuxum, sitrus mevalari, yong‘oq, ananas, qovun, xurmo, qora smorodina, shokolad, qahva, kakao, xantal, pomidorlar.

O‘rta darajada: qizil smorodina, kartoshka, no‘xat, kurka go‘shti, quyon go‘shti, shaftoli, o‘rik, garmdori, jo‘xori, grechka, guruch, karam.

Quyi darajada: kabachki, patisson, sholg‘om, qovoq, olma, banan, oq smorodina, olxo‘ri, tarvuz, ot go‘shti, qo‘y go‘shti, bodring.

Albatta, bu ma’lumotlar o‘ta nisbiy. Sog‘lom ayol homiladorlikda bu mahsulotlardan har kuni ma’lum miqdorda iste’mol qilib tursa bo‘ladi. Ammo me’yorni unutmaslik, bordiyu allergiya belgilari sezilsa, darhol o‘sha mahsulot iste’molini cheklash lozim.

Eslatma

Chekish, alkogol ichimliklar ichish ham allergiyaga moyillikni kuchaytiradi, homilador ayol buni e’tibordan qochirmasligi kerak. Shuningdek, bu davrda uy hayvonlari boqishni ham tavsiya etmaymiz. Chunki ularning junida o‘tkir allergenlar yashaydi. Xonalarni tez-tez shamollatib turing, har kuni changlarni ho‘l latta bilan artib chiqing, haftada kamida bir marta gilamlarni changyutgich bilan tozalang, yostiqlarning changini qoqib oftobga yoyib qo‘ying. Xullas, atrofingizda allergiya chaqarishi mumkin bo‘lgan barcha narsalarni yo‘qoting.

Unutmang, homilador ayol allergiyaga moyilmi-yo‘qmi – qat’iy nazar, sog‘lom turmush tarziga rioya etishi, stresslardan qochishi, kamroq kasal bo‘lishi, o‘zini avaylashi va o‘z bilganicha dori vositalarini qabul qilmasligi kerak.

Jurnalist: Shahnoza To‘raxo‘jayeva.
Manba: “Sug’diyona” gazetasi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.