Соғлом оила - соғлом келажак

Homiladorlik va allergiya

–  “Bolaligimdan gullarning changiga allergiyam bor. Muntazam ravishda davolanishimga toʻgʻri keladi. Yaqinda turmushga chiqdim. Homilador boʻlsam, kasalligim avj olib ketmasmikan, deb xavotirdaman. Bu kasalimning homilaga taʼsiri boʻlmaydimi?”

G, 23 yosh.

Allergiyaga moyil ayollarning homilador boʻlishga xavfsirashi tabiiy, albatta. Axir ular doim kasallikka qarshi antigistamin turdagi dorilarni qabul qilishlari lozim. Homiladorlik davomida esa imkon qadar kamroq dori ichish tavsiya etiladi. Ushbu mavzudagi savollarga oliy toifali shifokor, akusher-ginekolog Zumrad SOBIROVA javob beradi.

homiladorlik va allergiya

Allergiyaga moyil ayollar farzand koʻrish mumkinmi?

Albatta, mumkin! Ammo bu havas qiladigan holat boʻlmasligi aniq. Lekin ruhingizni choʻktirmang! Olimlarning aniqlashicha, homiladorlik chogʻida ayol organizmi kortizol gormonini koʻp miqdorda ishlab chiqaradi. Ushbu gormon allergiyaga qarshi kurashish uchun kerakli vosita sanaladi. Shuning uchun ham homiladorlik vaqtida allergiya ayolni bezovta qilmasligi yoki yengil oʻtishi mumkin. Aksariyat hollarda, hatto, bronxial astma ham chekinishi kuzatiladi. Tugʻruqdan keyin kortizol gormoni meʼyor holatiga qaytadi va allergiya qayta bosh koʻtarishi mumkin. Agar ilk homiladorlikda allergiya bezovta qilmagan boʻlsa, keyingi homiladorliklarda ham bu holat takrorlanishi ehtimoli yuqori.

Allergiya avj olmaydimi?

Homiladorlikda allergiyaning kechishi 3 xil koʻrinishda boʻlishi mumkin:

  • hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi;
  • allergik xastalik yaxshilanadi;
  • allergiya ogʻirroq kechadi.

Statistik maʼlumotlarga qaraganda, allergik rinit (allergiya oqibatida burun oqishi, bitishi) har ikkinchi homilador ayolni homila 12 haftalik boʻlganidan boshlab bezovta qilar ekan. Bronxial astma esa 2% homiladorlarda uchraydi. Agar astma homiladorlikka qadar kuzatilmagan boʻlsa, u bundan keyin ham paydo boʻlmaydi. Agar astma avvaldan mavjud boʻlsa, u homiladorlikning 24 haftasidan 36 haftasigacha bezovta qilish xavfi bor. Tugʻruqdan avvalgi 4 hafta davomida astma ayolni umuman bezovta qilmasligi esa quvonarli hol, albatta. Avvallari bronxial astma homiladorlik uchun toʻsqinlik deb baholangan boʻlsa, hozirda bu qarash parchalangan. Muhimi, muntazam shifokor koʻrigidan oʻtib turishdir.

ЎҚИНГ:   Homiladorlikda allergiya xavflimi?

Homiladorlikda allergiyaga qarshi dori ichsa boʻladimi?

Allergiyaga qarshi har qanday dori qabul qilishdan avval allergolog hamda ginekolog bilan maslahatlashish lozim. Bunda doridan olinadigan foyda homilaga zarar keltirishdan ustunroq ekanligi inobatga olinishi zarur. Chunki har qanday antigistamin dori homilaga taʼsir qilishi mumkin.

Allergiya nasl surmaydimi?

Agar boʻlajak ona allergiyaga moyil boʻlsa, uning farzandi ham allergik boʻlib dunyoga kelishining ehtimoli bor. Biroq allergik bolalar sogʻlom onalardan ham tugʻilishini unutmaslik lozim. Bolaning immun tizimi ona qornida rivojlana boshlaydi, shu sababli ayol homiladorlik davrida isteʼmol qilayotgan mahsulotlariga ham ahamiyat berishi lozim. Masalan, sitrus mevalariga boshqorongʻu boʻlgan ayol meʼyorga amal qilmasa, uning farzandi diatez holatida tugʻilishi hech gap emas.

Ehtiyot choralari

Sogʻlom ayol ham homiladorlik davrida oʻz salomatligiga ikki karra masʼul boʻladi. Allergiya kabi surunkali xastalikka chalingan ayollar bundan mustasno emas. Mudom allergiya qoʻzgʻatuvchilaridan yiroq boʻlishga harakat qiling. Agar sizda oziq-ovqatdan allergiya boʻlsa-yu, ularga boshqorongʻu boʻlib qolsangiz, isteʼmol qilishda meʼyorni biling. Yaxshisi, ularni umuman yemaslikka harakat qiling. Avvalo oʻzingiz va farzandingiz salomatligi haqida oʻylang!

 

Ekspert: Zumrad SOBIROVA, akusher-ginekolog.
Manba: “Sugʻdiyona” gazetasi.

Телеграмдаги расмий каналимизга аъзо бўлинг!

Аъзо бўлиш

Бош саҳифа » Shifokor maslahati » Homiladorlik va allergiya

loading...

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.