Homiladorlik davrida mashina boshqarish ma’lum miqdorda kuch talab etadi. Ya’ni ayol rulda besaranjom holda o‘tiradi, butun diqqat – e’tibori yo‘lda bo‘ladi. Shuning uchun, u tez toliqadi. Ayniqsa, ayol charchagan va stress holatida bo‘lsa, bola tushish xavfi yuzaga kelishi mumkin. Agar homilador ayol to ko‘zi yorigunicha mashina boshqarishni afzal ko‘rsa, u quyidagi maslahatlarga amal qilishi shart:
- o‘rindiqni o‘zingizga qulay qilib jihozlang, u yumshoq va mashina haydashga xalaqit bermaydigan bo‘lsin;
- xavfsizlik kamari qorningizni siqib turmasin, uni bo‘shroq qilib, bel pasti yoki ko‘krak ustidan o‘tkazing;
- uzoqroq joyga borayotgan bo‘lsangiz, o‘zingiz bilan biror yegulik va zarur dori-darmonlarni ham oling;
- mashina boshqarayotganda charchoq sezsangiz, yo‘l chekkasida to‘xtab, bir pas dam oling, keyin esa asta-sekinlik bilan yana yo‘l yursangiz bo‘ladi;
- rul boshqarayotganingizda o‘zingizni noxush sezsangiz, qorningizda og‘riq tursa yoki ko‘nglingiz aynisa, darhol mashinani to‘xtatib, bir oz dam oling. Agar nohush holat o‘tib ketavermasa, shifokoringiz bilan bog‘laning.
Iloji bo‘lsa homiladorlikning 28-haftasidan so‘ng ayol mashina boshqarmagani ma’qul.
Ekspert: Mavluda TOSHBOYEVA, akusher-ginekolog.
Manba: «Sihat-salomatlik» jurnali.