Homila tushishi va kichik yoshda go‘daklarning vafot etishi zamonaviy tibbiyotning dolzarb masalaridan biri. Ba’zan bu vaziyatlarning aniq sababi topilmagan holatlar ham uchrab turadi.
Homila nega tushadi?
Urug‘lanish jarayoni yoki embrion rivojlanishi (birinchi uch oylik)da nuqsonlar: ayolning kasalligi, dori-darmonlar, erkakning sog‘lig‘i kabilar.
- Endokrin tizim faoliyati buzilishi va gormonal yetishmovchilik: qalqonsimon bez yetishmovchiligi va jinsiy gormonlar ishlab chiqarilishi (progesteron gormoni homilaning yaxshi rivojlanishi va ona bachadonida mustahkamlanishiga yordam beradi) buzilishi.
- Infeksiyalar: jinsiy yo‘l bilan yuquvchi va TORCH-infeksiyalar homilaning nuqsonli tug‘ilishi yoki rivojlanishdan to‘xtashiga sabab bo‘ladi.
- Bachadonda anotomik yoki orttirilgan patologiya bo‘lsa: ikki shohli yoki rivojlanmagan bachadon, bachadon bo‘yni yetishmovchiligi, abort, kista, mioma, yallig‘lanishlar, eroziya va homilaning noto‘g‘ri joylashishi.
- Immun sabablar: ona qonining rezus-omili manfiy bo‘lsa, ona organizmi homilani yot jism sifatida qabul qilib, chiqarib tashlashga harakat qiladi. Ko‘pincha homila o‘g‘il bo‘lganda, organizm bu qarshilikni kuchaytiradi.
- Ruhiy emotsional holat: asabiylashish, qo‘rquv, kuchli hayajon.
- Jarohat oqibatida: ayol va homilaga zarar yetadigan darajada shikastlanish, lat yeyish.
Tabiiy tanlanish
Homila tushish xavfi ginekologik muammo, kasallik va jarohatlanish natijasida yuzaga kelganda, homilani saqlab qolish uchun davo choralarini kechiktirmaslik lozim. Ba’zan homila tushish xavfi kuzatilayotgan ayolning sog‘lig‘idan shikoyati bo‘lmaydi. Bunda ona organizmi hayotiy faol a’zolarida nuqsonlar bilan rivojlanayotgan embrionni tabiiy tushirishga harakat qilayotgan bo‘ladi. Shunday holatlarda kerakli tekshiruvlar o‘tkaziladi. Shifokorlar kengashida homilani saqlash yoki saqlamaslik masalasi ko‘riladi.
Irsiy kasalliklar
Ayol ilk hayz ko‘rgan vaqtdan tuxum hujayra rivojlanishni boshlaydi. Ayol homilador bo‘lguniga qadar boshdan kechirgan kasalliklari, zararli tashqi ta’sirlar tuxum hujayraning sifatini o‘zgartirishi mumkin. Bu hujayra homila paydo bo‘lishi uchun asos vazifasini bajaradi. Asos sog‘lom bo‘lmaganda, sog‘lom farzand kutish aqlga sig‘maydi. Erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohda ham genlar mutatsiyaga uchrab, irsiy kasalliklarga moyillikni oshiradi. Ko‘pgina irsiy kasalliklar ona xromosomalari orqali o‘g‘il farzandga beriladi. Ular orasida bir jinsga bog‘liq bo‘lganlari ham bor. Masalan, gemofiliya kasalligi ko‘pincha o‘g‘il farzandlarning nobud bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Kuchli jins vakillarining kasallikka moyilligini unutmaslik kerak. Tabiatan qizlar o‘g‘il bolalarga nisbatan yashovchan, chidamli bo‘ladi.
[su_quote cite=“Zumrad SOBIROVA, ginekolog”]Homila tushishi, kichik yoshdagi go‘dakning nobud bo‘lishi bir martadan ko‘p kuzatilganda, albatta, ularni tibbiy genetik maslahatxonada tekshirtirish bilangina sabablarini aniqlash mumkin.[/su_quote]
Homila tushishi kuzatilsa…
Aksariyat hollarda tug‘ilmay turib, nobud bo‘lgan bolani gistologik tahlildan o‘tkazish buyuriladi. Balki nasliy kasalliklarga moyillik aniqlanar. Er-xotinning tug‘ilgan bolalari bo‘lsa, ular bilan birgalikda genetikka murojaat qilib, bir qancha tekshiruvlardan o‘tib, tahlil topshirishlari tavsiya etiladi. Shundan so‘ng aniq bir xulosaga kelish mumkin.
Zumrad SOBIROVA, ginekolog.