Соғлом оила - соғлом келажак

Hayz nima? Yosh qiz va onalarga maslahatlar

Hayz sikli-ritmik va siklik qaytalanuvchi gormanal o‘zgarishlar bolib organizmni homlaorlikka tayorlashdir.Hayz — oy ko‘rishning boshlanishi qizlarning balog‘atga yetganidan nishona. Bu qizlar va ayollarda har 21—30 (ko‘pincha 28) kunda sodir bo‘ladigan, 3—6 kun davom etadigan biologik jarayon. Hayz payti asosan tuxumdon va bachadonda o‘zgarish ro‘y beradi, bachadondan ma’lum miqdorda qon ketadi.

hayz nima

Qizlarning birinchi hayz ko‘rishi

Bu asosan qiz bolalarda ikkilamchi jinsiy belgilar (ko‘krak-sut bezi to‘lishib, qov usti va qo‘ltiqda jun o‘sishi va b.) yetilganidan keyin boshlanadi. Qizlarning qachon hayz ko‘ra boshlashi va muddati ularning sog‘lig‘i va turmush tarziga, shuningdek turar joyi va iqlimga bog‘liq. Qizlarning hayz ko‘rishi kechiksa, ya’ni ular (15—16 yoshgacha ham hayz ko‘rmasalar), albatta, ayollar maslahatxonasidagi mutaxassis vrachlarga uchrashish tavsiya etiladi. Oylik qon kelishning maromi, muddati, ko‘p yoki ozligi, og‘riqli-og‘riqsiz kechishi qiz bolaning ahvoliga, uning shaxsiy gigiyenaga nechog‘li rioya etganiga bog‘liq. Odatda, sog‘lom, chiniqqan, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullangan va to‘g‘ri ovqatlangan qizlarda hayz kelishi nisbatan bilinmay o‘tadi.

Nimjon, salga kasalga chalinib, tez-tez toliqib qoladigan qizlar esa hayz paytida sillalari qurib, boshlari og‘riyotganidan, qorni va bellari sirqirayotganidan shikoyat qiladilar. Bir necha oy davomida qizingizning hayz ko‘rishi bir maromga tushib, og‘riq yo‘qolmasa, vrachga murojaat etish kerak. Hayz ko‘rish muddati boshida o‘zgaruvchan bo‘lib, keyinchalik aniq qaror topadi va 21—24, 25—28, 29—32 kunda bir maromda kelib turadi. Qiz bola organizmi balog‘atga yetish davrida hissiyotlarga boy, yaxshi va yomon kayfiyatlarga o‘ta beriluvchan bo‘ladi.

Hayz buzilishiga sabab

Asabiy va ruhiy buzilishlar, turmushdagi noxushliklar, jismonan va aqliy jihatdan toliqish, shuningdek ayrim yuqumli kasalliklar hayz marominint buzilishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun bu davrda qizlar bilan nihoyatda ehtiyot bo‘lib muomala qilish, ularning ruhan va jismonan zo‘riqishiga, toliqishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur. Qizlar birinchi bor hayz ko‘rganda bu haqsa ko‘pincha tasavvurga ega bo‘lmaganlari sababli juda hayajonlanadilar. Buning oldini olib onalar, opalar qiz bolani hayz ko‘rishga oldindan tayyorlab borganlari ma’qul. Masalan, qizingiz to‘qqiz — o‘n yoshga kirgandayoq ularga hayz haqida dastlabki tasavvurni bering.

Aks holda bu jarayonning kutilmaganda boshlanishi qizingizda qo‘rquvgina emas, boshqa noxush kayfiyatlarni ham yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari hayz tabiiy fiziologik jarayon bo‘lishiga qaramay, yosh organizm uchun katta sinov hamdir. O‘z vaqtida onasidan kerakli ma’lumotni olmagan qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javobni boshqa manbalardan axtara boshlaydilar. Har bir a’zoning o‘ziga xos xususiyati borligini hali to‘la anglab yetmay ba’zan kitobdan, ba’zan duch kelgan joydan eshitgan maslahatlarga ko‘r-ko‘rona ergashadilar. Oqibat o‘zlari ham bilmay tuzatib bo‘lmas xatoliklarga yo‘l qo‘yadilar.

Foydali maqola: Hayz sikli buzilishi xavflimi?

Hayz ko‘rish davrida gigiyena

Gigiyena qoidalariga ayniqsa hayz davrida qattiq amal qilish kerak. Ayniqsa, jinsiy a’zolarni ozoda tutish lozim, chunki hayz qoni infeksiya ko‘payishi, uni qin va bachadonga kirishi uchun juda qulay hisoblanadi. Hayz ko‘rganda kuniga kamida ikki-uch marta qaynatilgan iliq suv bilan ostini yuvish lozim. Jinsiy a’zoni faqat xo‘jalik sovuni bilan yuvgan ma’qul. Atir sovun, pasta va turli shampunlarni ishlatmaganingiz yaxshi. Hayz davrida vanna qabul qilish, ochiq suv havzalarida, hovuzlarda cho‘milish, quyosh nurida toblanish tavsiya etilmaydi.

Faqat iliq dush qabul qilish mumkin. Jismoniy zo‘riqtiradigan mashqlar bilan shug‘ullanmaslik kerak, lekin ertalab badan tarbiya qilish mumkin. Hayz ko‘rishda qo‘yiladigan bog‘lovni tez-tez almashtirib turish zarur, issiqroq lozim (rituza) kiyib yurish kerak. Hayz ko‘rganda achchiq, nordon, sho‘r narsalar iste’mol qilmaslik, spirtli ichimliklar ichmaslik kerak, aks holda ko‘p qon ketadi. Qiz bolalarda hayz maromi dastlab bir oz tartibsiz o‘tishi mumkin. Ayollarda esa hayz ma’lum kunlarda boshlanib, doimo bir maromda og‘riqsiz kechadi. Ayolning umumiy ahvoli deyarli o‘zgarmaydi. Umri davomida hayz maromini kuzatib borish uchun aksariyat ayollar o‘zlariga moslab maxsus hayz taqvimlari (kalendar) tuzib oladilar va unga hayz kuni muddati va boshqa ma’lumotlarni muntazam qayd qilib boradilar. Xuddi shu udumni balog‘atga yetgan qizingizga ham o‘tkazsangiz yomon bo‘lmaydi.

 

Manba: uzbaby.uz

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.