Sog'lom oila - sog'lom kelajak

Gormon nima? Eng muhim gormonlar haqida

Gormon u biologik yuqori faol modda bo‘lib, ichki sekretsiya bezlari tomonidan ishlab chiqariladi. Gormonlar faolligi va miqdori bir qancha omillarga bog‘liq. Hatto, juda oddiy ko‘ringan kun soatlari va ovaqtlanish tartibi ham ularga ta’sir etishi mumkin.

gormon nima

Jarayon o‘zgarishi

cBu ham bejiz emas. Zotan bu o‘zgarish ortida jiddiy muammo bo‘lishi ayni haqiqatdir. Quyidagi belgilarni mutaxassislar gormonal holat o‘zgarishi bilan bog‘lashadi:

  • tashqi ko‘rinishdagi o‘zgarishlar;
  • ko‘rish qobiliyatining tez susayib borishi;
  • teri sohasida qichishish yoki qizillik paydo bo‘lishi;
  • teridagi tuklar soni ortib, qalinlashishi mumkin;
  • yoshiga nisbatan kattaroq ko‘rinish;
  • surunkali holsizlik, tushkun kayfiyat ham shular jumlasidandir.

Chorasi

Dastlab shifokor umumiy ahvolingizni o‘rganadi. Shundan so‘ng qon tahlili yordamida gormonlar holati va miqdori tekshiriladi. Biroq gormonal terapiyani boshlashdan avval organizmning boshqa asosiy a’zolari – buyrak, jigar, buyrak osti bezi kabilar ham tekshirilishi lozim. Shuningdek, qalqonsimon bez faoliyatini ham unutmaylik. Kerakli tahlillardan keyingina zarur muolaja belgilanadi. Muolaja har bir ayol uchun individual bo‘lishi mumkin. Eng muhimi esa gormonal holat o‘zgarishida mustaqil davolanish mumkin emas! Shuningdek, shifokor buyurgan dori vositani aytilgan muddatgacha qabul qilish, tartibini buzmaslikka ham e’tibor bering.

Estrogen — jozibadorlik siri

Mazkur gormon ayollar nazokati, nafisligi hamda qomati uchun ma’suldir. Estrogen o‘z ichiga estron, estrodiol va estriol gormonlarini mujassam qilgan. Uning aksariyat miqdorini tuxumdonlar ishlab chiqaradi. Qolgan qismi esa buyrak osti bezlariga taalluqli. Darvoqe, estrogen erkaklar organizmida ham oz miqdorda ishlab chiqariladi.

Vazifasi: estrogenning yetarlicha ishlab chiqilishi hech bir mubolag‘asiz ayolga yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi. Qaddi-qomat ko‘rkamligi, bo‘ksa, ko‘kraklar tuzilishi qolaversa, mushaklar tonusining oshishida ham uning o‘rni katta.

Kamayib ketsa: joziba yo‘qoladi, erkakshoda bo‘lib qoladi ayol. Ikkilamchi jinsiy bezlar (ko‘krak bezlari) gipoplaziya (kichrayishi) uchraydi. Shuningdek, qo‘ltiq osti va qovug‘ usti tuklari to‘kilishi yuz beradi.

Ko‘payib ketsa: tuxumdon va bachadonda havfli o‘smalar keltirib chiqarish mumkin.

Me’yori: ayol tashqi ko‘rinishining chiroyli rivojlanishi, teri elastikligi, hayz sikli hamda kayfiyat yaxshilanadi. Nerv tizimiga ijobiy ta’sir etib, homiladorlik yuz berish ehtimoli ortadi.

Testesteron — jismoniy quvvat

Aslida bu erkaklarning asosiy jinsiy gormonidir. Ammo buyrak osti bezi hamda tuxumdonlarida ishlab chiqiladigan oz miqdori ayolga jismoniy faollik uchun kerak bo‘ladi. Ayol organizmi yog‘ to‘qimalarida testesteron estrogenga aylanadi.

Vazifasi: qizlar balog‘at yoshiga yetganida ko‘krak o‘lchamining me’yorida rivojlanishi uchun xizmat qiladi.

O‘QING:  Jinsiy gigiyena (ayollar uchun muhim tavsiyalar)

Kamayib ketsa: jinsiy faollik susayishiga olib keladi.

Ko‘payib ketsa: estrogen miqdori kamayadi, tuklarning paydo bo‘lishi (qorinda, ko‘krak, yuz va sonlarda) erkaklardagi kabi yuz beradi, ovoz dag‘allashishi, hayz siklining buzilishi yoki umuman to‘xtab qolishi hamda bepushtlikni keltirib chiqaradi.

Me’yori: ayol reproduktiv tizimi faoliyatini me’yorda bo‘ladi.

Oksitotsin — tug‘ruq vaqti ko‘makchimiz

Foydali va muhim gormonlardan biri bo‘libgina qolmay, ayollarning onalik baxtiga erishishida beminnat yordamchidir.

Vazifasi: tug‘ruq vaqti bachadon mushaklarini stimullashtirib, to‘lg‘oq jarayonini nazorat qiladi. Emizikli ayollarda sut ajralishini ta’minlaydi. Onalik hissining yuzaga kelishi, qo‘rquv va xavotirga berilmaslik, yog‘ to‘qimalari parchalanishida ham ishtirok etadi.

Kamayib ketsa: qonda oksitotsinning kamayib ketishi ayolni asabiy, tajang va jizzaki qilib qo‘yishi mumkin. Shu bilan birga tug‘ruq va tug‘ruqdan keyingi davr buzilishlari ham shu sabab sodir bo‘ladi.

Ko‘payib ketsa: tez-tez qon bosimingiz tushib ketib, bosh og‘riqlari yoki holsizlikni yuzaga kelshi mumkin.

Me’yori: tug‘ruq faoliyatida ishtirok etadi. Tug‘ruqdan so‘ng bachadon qisqarishi yuz berishini bilasiz. Bu jarayon ayniqsa bola emizish vaqti faollashadi. Emizish vaqti oksitotsin miqdori ko‘p ajralib, bachadon qisqarishi kuchayadi.

Tiroksin va triyodtironin — moddalar almashinuvi sardori

Qalqonsimon bez gormonlaridan biri bo‘lib, organizmda moddalar almashinuvi tezligiga ma’suldir. Asab tizimi, reproduktiv salomatlik, yurak qon-tomir, oshqozon ichaklar hamda teri sog‘lomligiga ijobiy ta’sir etadi.

Vazifasi: qonda xolesterin miqdorining ortib ketmasligiga qarshi kurashadi, aqliy faoliyatni oshirib, fahmlash qobiliyatini rivojlantiradi.

Kamayib ketsa: xotira susayishi, diqqatni jamlay olmaslik, tana vaznining ortib borishi, mehnat unumdorligini pasayishiga olib keladi. Shuningdek, hayz siklining buzilishi, qabziyat rivojlanishi, og‘izda tahir ta’m sezilish, hansirash, yurak qisqarishining kamayishi, teri quruqlashishi,soch to‘kilishi , uyqusizlik va befarqlik kuzatilishi mumkin.

Ko‘payib ketsa:moddalar almashinuvi kuchayishi hisobiga ozg‘inlik yuzaga keladi. Qaltirash, terlash, yurak urib ketishi, ishtaha ochilib ketishi, teri rangining qorayishi, ko‘z yoshlanishi, ishishi va tashqariga chiqib qolishi keltiriladi.

Me’yori: moddalar almashinuvi me’yorda bo‘lib, organizmning tabiiy jarayoni buzilmaydi.

Insulin — qandli diabet nazoratchisi

Mazkur gormon oshqozon osti bezida ishlab chiqilib, ko‘pgina almashinuv jarayonlarida ishtirok etadi. Aynan insulin qonda glyukoza miqdorini nazorat qilib, hujayralar ichiga kirgazadi.

Vazifasi: qonda glyukoza miqdorini me’yorda ushlab turishga xizmat qiladi.

Kamayib ketsa: insulinning kamayib ketishi qandli diabetning birinchi turini keltirib chiqarishi mumkin. Ko‘payib ketsa: ilk belgilari sifatida qo‘rquv, hadik hissining paydo bo‘lishi, ko‘z qorachig‘ining kattalashishi, bosh og‘riqlari kuzatilishi mumkin. Qonda insulin miqdorining ortib ketishi sabablarining asosiysi esa oshqozon osti bezi o‘smasi bilan bog‘lanadi. Bunda bemor doimo ochlik hissini tuyadi. Shuningdek termalamaydi.

Me’yori: uglevodlar almashinuvi me’yorda bo‘ladi.

Somatotrop gormon — chiroyli qomat

Bu gormon somatropin organizm to‘qimalarining o‘sishi, paylar mustahkamlanishi, qomat ixchamligi uchun ma’sul.

O‘QING:  Normal jinsiy aloqa qila olmaslik yoxud mijoz sustligi

Vazifasi: gipofizning old qismida ishlab chiqilib, immunitet ta’sirining oshishi, iste’mol qilinayotgan mahsulotlar tarkibidagi kalsiy suyaklarga so‘rilishini ta’minlaydi. Oqsil almashinuvi orqali tanani normal darajada rivojlanishini ta’minlaydi. Mazkur gormon bolalikda bo‘y o‘sishi uchun muhim sanaladi.

Kamayib ketishi: bolalarda bo‘y o‘smaligi ya’ni pakanalikni keltirib chiqarsa, kattalarda haddan tashqari ozayib ketishni keltirib chiqarishi mumkin.

Ko‘payib ketsa: gigantizm va akromeloniya (bo‘y o‘lchamining haddan tashqari o‘sib ketishi) ga olib keladi. Buning asosiy sababi esa gipofizdagi o‘smalar hisoblanadi.

Me’yori: tana a’zolari normal rivojlanadi.

Progesteron — gormonlar onasi

Ayollarda hayz siklining ikkinchi yarmida hosil bo‘lib, tuxumdonda sariq tanacha rivojlanadi, homiladorlikda esa platsenta yuzaga kelishi bilan nomoyon bo‘ladi.

Vazifasi: boshqa gormonlar bilan birga ayol salomatligiga ma’sul bo‘lib, farzand ko‘rish uchun organizmni tayyorlab boradi. Kamayib ketsa: hayz sikli fazasida progesteron miqdori dam oshib, dam kamayib turadi. Ovulyatsiya vaqti kamayib ketishi homiladorlik yuzaga kelmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ayol homilador bo‘lgach, taqchillik ro‘y bersa, homila tushishi mumkin.

Ko‘payib ketsa: aksariyat hollarda buyrak osti bezi, tuxumdon faoliyatidagi o‘zgarishlar yoki kasalliklar asoratida ortadi.

Proklatin — darakchi va nazoratchi

Mazkur gormon gipofizda ishlab chiqilib, homiladorlik vaqti endometriyada hosil bo‘ladi.

Vazifasi: sut bezlari faoliyati va sut kelishini nazorat qiladi.

Kamayib ketsa: laktatsiya jararyoniga ta’sir etib, sut bezlari faoliyati sustlashadi.

Ko‘payib ketsa: hayz siklining buzilish, ovulyatsiya yuz bermasligi, sut bezlaridan ajralma kelishi, yuz va kurak sohasida tuk paydo bo‘lishi hamda toshmalar kuzatiladi. Homiladorlikning sakkizinchi haftasidan proklatin miqdori ortadi va bu mazkur davr uchun me’yor hisoblanadi.

Me’yori: laktatsiya hamda hayz sikli me’yorda kechadi.

Gormonal tahlil topshirish qoidalari

Qon tarkibida gormonlar miqdori qay darajada ekanligini aniqlash uchun uning turiga qarab tahlil tekshiruvlari o‘tkaziladi. Bunda har bir gormon vazifasidan kelib chiqib, kunning qaysi qismida tahlil namunasini olish muhimdir. hususan:

  • Samototrop gormoni – erta nahorda topshiriladi;
  • Tiroksin va tiroyidtironin – hayz sikliga bog‘liq bo‘lmagan holda erta nahorda topshiriladi;
  • Estrogen va progesteron uchun – shifokor bilan maslahatlashgan holda gormonal terapiya muolajasini to‘xtagandan so‘ng ikki hafta o‘tib, murojaat qilish mumkin;
  • Proklatin miqdorini aniqlash uchun – hayz siklining 3-4-5 kunlari;
  • Testesteron gormoni – istalgan vaqt olinishi mumkin;
  • Insulin miqdorini tekshirish uchun esa – bemor qandli diabetga tahmin qilanayotgan bo‘lsa, o‘tkaziladi;

Gormonlar miqdorini aniqlashda muhim qoidani yodda tuting: har qanday gormon tekshiruvi och qoringa o‘tkazilib, tishlar yuvilmasligi kerak. Shuningdek, tahlildan bir kun avval spirtli ichimliklar, sut va yog‘li mahsulotlar cheklanishi shart.

Dilfuza ARTIKOVA, tibbiyot fanlari nomzodi. “Sug‘diyona” gazetasi.

Foydali maslahatlar » Gormon nima? Eng muhim gormonlar haqida

Изоҳлар

  1. zafar

    semirish uchun nima qilish kerak

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.