Соғлом оила - соғлом келажак

«Bolamiz kimga o‘xsharkan-a?»

Oilada yangi chaqaloqning dunyoga kelishi shubhasiz quvonchli voqea. Yangi mehmonni qarshi olgan qarindosh-urug‘, yaqinlar borki, bolaning kimga o‘xshashini muhokama qilishadi: «Buni qarang, burni xuddi dadasinikiga o‘xshabdi, qosh-ko‘zining qoraligi onasiga tortgan bo‘lsa kerak. Qayerlaridir bobosiga ham o‘xshaydimi?..» Xo‘sh, kichkintoyning tashqi ko‘rinishi, fe’l-atvori uchun ota-onadan qanday genlar o‘tadiyu qaysilari qarindosh-urug‘, buvi, buvalardan meros qoladi?

farzand

Tug‘ilajak bolaning qanday ko‘rinishga ega bo‘lishini oldindan aniq aytish imkonsiz. Biroq qisman bo‘lsa-da, asosiy belgilarini taxmin qilish mumkin. Bunda bizga yetakchi dominant (kuchli) va retsessiv ( zaif) genlar ko‘mak beradi.

Dominant genlarga ko‘ra bolaning tashqi ko‘rinishi:

  • sochlari qoramtir, quyuq;
  • ko‘zlari qora;
  • iyagi keng;
  • lablari bo‘liq;
  • tana rangi bug‘doyrang bo‘lishi mumkin.

Retsessiv genlarga ko‘ra bolaning tashqi ko‘rinishi

  • sochlari yorqin rangli, tekis, mayin;
  • ko‘zlari och jigarrang, moviy, ko‘k;
  • iyagi tor va ingichka;
  • lablari ingichka;
  • tanasi ochiq rangda bo‘lishi mumkin.

Dominant va retsessiv genlar

Bola ichki va tashqi har bir belgi uchun ota-onadan 2 tadan genga ega bo‘ladi. Mazkur ikkilik bir-biriga mos kelishi yoki farqlanishi mumkin. Odatda kuchli va zaif genlar to‘qnash kelsa, g‘alaba kuchli tomonda bo‘ladi. Masalan, ona to‘q kulrang ko‘zli, qora sochli bo‘lsa-yu, ota moviy ko‘z, oq sariqdan kelgan bo‘lsa, tug‘ilajak farzandlari taxminan qora sochli va kulrang ko‘zli bola bo‘ladi.

Ba’zida esa…

To‘q kulrang ko‘zli ota-onadan moviy ko‘z, tana rangi ochiq tusli va sarg‘ish sochli bola dunyoga keladi. Bu holatda ota-onadan ham ko‘proq buviyu buvasi yoki yaqin qarindoshlarning genlari asosiy vazifani bajaradi. Shifokorlar mazkur jarayonni shunday izohlashadi. Ilgarilari ota-onadan bolaga bittidan genlar o‘tadi, deb qaralgan edi. Ammo ilmiy kuzatuvlar natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, har qanday xatti-harakatimiz uchun bir emas, butun boshli genlar guruhi javobgar ekan. Biroq ayrim hollarda bir dona genning o‘zi bir necha vazifani nazorat qilishi ham mumkin.

Qiz bola otasiga, o‘g‘il bola onasi o‘xshaydimi?

Haqiqatan ham ko‘p hollarda o‘g‘il bola onasiga, qiz farzand esa otasiga o‘xshash bo‘ladi. Buning sababi shundaki, homila yuzaga kelish vaqtida o‘g‘il bola ona tomonidan bitta X xromosomaga ega bo‘ladi. Bu xromosoma esa tashqi ko‘rinish uchun javobgar bo‘lgan genlardan iborat (qosh-ko‘z tuzilishi, yuz shakli, tana rangi kabi). Qiz bola esa bitta X xromosomani onadan, bittasini otadan oladi. Shu bois uning tashqi ko‘rinishida birgina onasining emas, otasining ham o‘xshash jihatlari mavjud bo‘ladi.

Nasldan o‘tuvchi kasalliklar

Tug‘ilajak farzand ota-ona va qarindosh-urug‘dan nafaqat tashqi ko‘rinish va fe’l-atvorni, balki turli kasalliklarni ham meros qilib olishi mumkin. Jumladan, yurak-qon tomir, onkologik kasalliklar, qandli diabet, Alsgeymer va Parkinson xastaliklari, shizofreniya, depressiya kabilarni keltirish mumkin. Quvonarlisi shundaki, hamma vaqt ham bu kasalliklar nomoyon bo‘lavermaydi. Ammo ba’zida sog‘lom, hech qanday surunkali kasallik bilan og‘rimagan ota-onadan ham irsiy xastalik tashxisi bilan farzand dunyoga kelishi mumkin. Bu holatda ota-onaning birida yoki ikkisining genlarida ham biror-bir kasallik ilgari kuzatilgan bo‘lib, bir necha avloddan so‘ng aynan ularning farzandiga to‘g‘ri kelgan bo‘ladi. Soddaroq aytganda, kasllikning nasl surishi kuzatiladi. Ammo bu ota-onaning keyingi farzandlari ham shunday tug‘iladi, degani emas. Bunday genlar keyin hatto ularning farzandlarida ham uchramasligi mumkin.

Bundan tashqari…

Zaif genlar tabiatan bir necha avlodni chetlab o‘tishi ham mumkin. Bordiyu ota-onaning har ikkisida retsessiv genlar mavjud bo‘lib, to‘qnash kelsa u holda kamdan-kam uchraydigan kasallik — Albinizm yuzaga kelish ehtimoli mavjud.

Yetti pushti nega so‘raladi?

Ko‘pni ko‘rgan keksalarimiz oila qurayotgan yoshlarning ota-bobosini erinmay, obdon surishtirishadi. Kimgadir bu holat ahamiyatsizdek tuyulsa-da, aslida uning negizida sog‘lom avlod davomiyligi kafolati yashirindir. Shu bois ham oila a’zolarining birida yoki qarindoshlarda birorta ikkilanishlarga duch kelsalar, albatta asl sababini so‘rab-surishtirib, kezi kelsa, bunday nikohni ma’qullashmaydi.

Bo‘y o‘lchami

Bolaning bo‘y o‘lchamiga ta’sir etuvchi kimyoviy omillardan biri bo‘y o‘stiruvchi gormon nomi bilan yaxshi ma’lum. Bo‘y o‘stiruvchi gormon gipofizdan qon aylanish yo‘liga o‘tadi. Agar qon tarkibida mazkur gormon ko‘p bo‘lsa, bo‘y o‘sishi tezlashadi. Aksincha bo‘lsa, sekinlashadi. Gohida bolalarda bo‘y o‘stiruvchi gormon kam ishlab chiqariladi. Bunda bolaning bo‘y o‘sishi juda sekin bo‘lib, ba’zida umuman o‘sishdan to‘xtaydi va pakanalik yuzaga keladi. Mazkur gormonning ortiqcha ishlab chiqilishi esa bo‘yning juda tez o‘sishi va gigant (juda baland) o‘lchamni yuzaga keltiradi. Biroq ayrim hollarda organizmning rivojlanish bosqichlarida bo‘y o‘sishi ma’lum muddatga sekinlashib, keyin esa misol uchun balog‘at yoshiga yetgach, yana o‘sishni davom ettiradi. Shu bois agar ota-onaning bo‘yi past yoki baland bo‘lsa, bola ham shunday o‘lchamga ega bo‘ladi degan faraz unchalik ham to‘g‘ri emas. Boladan bo‘y o‘lchamini nazorat qiluvchi qanday gen mavjud bo‘lsa, vaqti-soati bilan u o‘zini oshkor etadi.

Genlar o‘zgarishi

Olimlar genlar o‘zgarishida bir necha omillarni sanab o‘tishadi. Bular:

  1. Nasliy ketma-ketlik tartibi;
  2. Noodatiy hayot tarzi;
  3. Ma’lum holatlar sabab yuzaga kelgan ruhiy jaroxatlar.

Kuzatuvlar natijasida aniqlanganki, genlarga bog‘liq biror bir salbiy o‘zgarishlarda genlarni ayblashdan avval inson yashash sharoitini yaxshilashi lozim. Qulay va sog‘lom sharoitgina nasliy davomiylikning salomatligini ta’minlaydi.

Nima iste’mol qilish ham muhim

Ma’lumki, bolaning bo‘y o‘lchami uchun bir necha genlar mas’ul bo‘ladi. Shuningdek, kichikligidan nima iste’mol qilish ham muhim sanaladi. Bordiyu bola kichikligidan foydali ozuqa bilan ta’minlanmagan, suyak to‘qimasini shaklantiruvchi foydali element va minerallarga ega bo‘lmasa, kelajakda uning bo‘y o‘lchami o‘rta yoki kichik bo‘lishi mumkin.

Yoqimsiz holatga duch kelmaslik uchun…

  • Tanimagan-bilmagan inson bilan turmush qurishga shoshilmang. Avval uning ota-onasi haqida ma’lumotga ega bo‘lib, tanlagan nomzodingizni fe’l-atvori, sifatlari haqida surishtiring.
  • Tanishuv vaqtida qiz yoki yigitning maktabda qanday tahsil olgani, qanday yomon odatlari bo‘lganigagacha e’tibor qarating.
  • Agar turmush qurgach, umr yo‘ldoshingizning qarindoshlaridan birida ruhiy xastaliklar borligi ma’lum bo‘lsa, homiladorlik vaqtida bu haqda albatta shifokorga xabar berib, maslahatlashing.
  • Eng asosiysi, o‘zingizni psixologik tarafdan to‘g‘ri va ijobiy tomonga yo‘naltiring. Ana shunda hammasi yaxshi bo‘ladi.

Egizaklar geni

Egizaklarda gen va xromosomalar tanlovi bir xil ko‘rsatkichda bo‘ladi. Bir tuxum hujayradan tug‘ilgan egizaklarning jinsi ham bir xil bo‘lib, genlar tuzilishi ham bir-biriga yaqin bo‘ladi. Ularning tashqi ko‘rinishi, fe’l-atvoridagi o‘xshashliklarga shubha yo‘q. Alohida tuxum hujayradan tug‘ilgan egizaklarda esa jins ikki xil bo‘lib, genlar mosligida ham farqlanish kuzatiladi. Agar ona tomonidan egizaklar tug‘ilgan bo‘lsa, ayolning egiz farzand ko‘rish imkoniyati yuqori bo‘ladi.

O‘xshash maqola: Sog‘lom farzandning kelajagi uchun muhim tekshiruv: skrining

Muallif: Dildora NAZAROVA.
Manba: «Sug‘diyona» gazetasi.