Соғлом оила - соғлом келажак

Erkaklarda o‘rta yosh inqirozi

Turmush o‘rtog‘im yaqinda 38 yoshni qarshiladi. So‘nggi vaqtlarda keskin o‘zgargan, tez asabiylashadi, tushkunlikka tushishiyu kayfiyati ko‘tarilib ketishi ham oson. Yosh yigitlarga o‘xshab kiyinishga harakat qiladi. Yoshingizga yarashmadi, desam, asabiylashadi. U kishidagi bu o‘zgarishlarga qanday munosabat bildirishni bilmayman. Bir tarafdan, kap-katta erkak, ammo harakatlari o‘smir bolani yodga soladi. Ularga qarab, erkaklarda ham klimaksga o‘xshagan holat bo‘larmikin, deb o‘ylanib qoldim. Munosabatlarimiz tobora yomonlashib ketishining oldini olish uchun nima qilay?

orta yosh inqirozi

– O‘rta yosh inqirozi – maxsus atama bo‘lib, xoh ayol, xoh erkak hayotidagi o‘tish nuqtasini bildiradi. Bu holatga tushgan kishida ruhiy o‘zgarishlar: depressiya, kayfiyatning tez tez o‘zgarib turishi kuzatilishi bilan birga, umuman kutilmagan ishlar ham qilishi mumkin. Erkaklarda o‘rta yosh inqirozi 35-45 yoshlarda sodir bo‘ladi. Bu yoshda kishi o‘z hayotiga nazar tashlab, hayotiy tajribasini yangidan baholay boshlaydi. Qarasaki, yoshlikdagi imkoniyatlarning ko‘pi boy berilgan, qarilik esa eshik qoqib turibdi va buni o‘zgartirib bo‘lmaydi.

O‘rta yosh inqirozi alomatlari

  • Tabiatan sokin bo‘lgan erkak biroz surbetlashishi yoki quvnoq fe’llilar esa o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolishi mumkin.
  • Kasbidan ko‘ngli to‘lmaydi. Ammo shunga qaramay, o‘ylamasdan pul sarflashni odat qilishi ham mumkin.
  • Do‘stlar. Yoshligini eslab, o‘zini o‘smirlardek tuta boshlashi mumkin. Jumladan do‘stlar bilan ulfatchilik ham ko‘payadi. Oila a’zolariga va o‘z mas’uliyatiga e’tibor bermay qo‘yadi. Shu bilan birga, ichkilikka ham ruju qo‘yish xavfi yuqori.
  • Hayotida boshqa ayollar ham paydo bo‘lishi mumkin. Inson organizmi abadiy mashina emas, u ham ba’zan «buziladi». Bu yoshga kirgan erkak esa odatda anchayin zararli odatlarga ega va eski kasalliklari ham sekin-asta o‘zini yodga soladi. Erkak jinsiy quvvati ham sekin-asta zaiflashayotganini his qila boshlaydi.
  • Asabiylashish, uyqusizlik, ishtahasizlik yoki aksincha, ko‘p ovqat yeyish muammolari yuzaga keladi.
  • Hayoti o‘zi orzu qilgandek bo‘lmagani uchun aybdorlarni qidira boshlaydi.

Bu satrlarni o‘qib turib, qo‘rqib ketmang, chunki bu holatlar hamma erkaklarda ham bo‘lavermaydi. Ya’ni har bir erkakda individual holatda kechadi. Ammo turmush o‘rtog‘ingiz bu davrni boshidan kechirayotgan bo‘lsa, janjal ko‘tarishga, uni ayblashga shoshilmang. Butun oqilaligingizni yig‘ib, aql bilan ish tuting.

Dard izlamang, davo qiling!

Erkak kishi o‘zi ham nimadir o‘zgarayotganini his qiladi, unda o‘rta yosh inqirozi davri ekanini ta’kidlashga hojat yo‘q. Uning ruhiyatida ichki to‘qnashuv yuzaga kelgan, tashqi tarafdan yana bir ixtilof yuzaga keltirishingiz uni sindirishi mumkin. Juftingizni har qanday holatda ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligingizni his qildiring. Bu og‘ir jarayonda uni yolg‘iz qoldirmang. Iloji boricha zararli odatlardan uzoqroq tutishga harakat qiling.

Qanday qilib?

Albatta, «shu yoshda ham aqli kirmagan bo‘lsa», deb xafa bo‘lishingiz mumkin. Ammo uni ayblashdan o‘zingizni tiying. Aksincha, unga ko‘proq e’tibor bering, harakatlarini nazorat qiling. Biroq turmush o‘rtog‘ingiz sizning nazoratingiz ostida ekanligini sezmasin. Bu davrni har ikkingiz uchun foydali pallaga aylantirishingiz mumkin. Masalan, birgalikda sport bilan shug‘ullana boshlang, avvaliga bu oddiy ertalabki badantarbiya bo‘lsin, keyinchalik har ikkingizga foydali sport turi bilan shug‘ullanish mumkin.

Farzandlaringiz ulg‘ayib qolgan. Ularni bobo va buvilarinikiga jo‘natib, ikkingiz uchun kutilmagan kechalar uyushtiring. Turmush o‘rtog‘ingiz qaysidir xususiyatingizni tanqid qilsa, u bilan sokin o‘tirib, ayblovlarini tinglab, to‘g‘irlash istagingiz borligini bildiring. Siz ham uning o‘zingizga yoqmaydigan tarafini o‘zgartirishini iltimos qilishingiz mumkin. Ayblamang!

Shuningdek, farzandlaringiz bilan dala hovliga chiqib kelish yoki birgalikda biror ish bilan shug‘ullanishni taklif qilishingiz mumkin. Xuddi shunday marosimni do‘stlaringiz bilan ham uyushtiring. Shunda turmush o‘rtog‘ingizning e’tibori tashqariga emas, oila a’zolariga qaratiladi.

Yodingizda bo‘lsin! Ayol eri uchun doimo sirli bo‘lishi kerak. Bu sirlilikni mahoratingizga ko‘ra, pishirilgan ovqatdan tortib, to‘shakkacha olib borishingiz mumkin. Oqilaligingiz bilan munosabatlarni nafaqat saqlab qolasiz, balki ularni mustahkamlashga ham erishasiz.

Ushbu maqolalarni ham o‘qing:

Ekspert: Azizbek AXROROV, ruhshunos.
Jurnalist: Madina ZARIF.
Manba: «Sug‘diyona» gazetasi.