To‘g‘risi, salomatligiga jiddiy e’tibor qaratadigan erkaklar barmoq bilan sanarli bo‘lsa kerak. Erkaklar xuddi g‘ururlariga putur yetib qoladigandek do‘xtirga borishdan qat’iy bosh tortishadi. Axir tibbiy tekshiruvlardan o‘tib turishning hecham yomon tomoni yo‘q, kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan yaxshi, deb bekorga aytilmagan-ku. Quyida erkaklar uchun muhim bo‘lgan uch tekshiruv usuli bilan tanishasiz.
Har bir erkak 30-40 yoshdan boshlab uch asosiy tekshiruvdan o‘tib turishi kerak. Bular: qondagi testosteron miqdorini aniqlash, yorg‘oq a’zolarining ultratovush tekshiruvi va PSA testi. Oxirgi tekshiruv usulida prostata bezi saratonini erta bosqichlarda aniqlash imkoniyati mavjud. Umuman olganda, mazkur tekshiruvlar erkaklar uchun muhim a’zolar holati haqida to‘liq tasavvur beradi.
Testosteronni tekshirtirish
Sodda qilib aytganda, testosteron erkakni erkak qilib turadigan gormon hisoblanadi. U erkaklarda jinsiy a’zolar va ikkilamchi jinsiy belgilar rivojlanishida ishtirok etadi, jinsiy maylni boshqaradi. Spermatozoidlarning hosil bo‘lishi, soqol-mo‘ylovning o‘sishi, ovozimizning o‘ziga xosligi ham testosteron tufaylidir. Ma’lum bir yoshdan keyin tanada testosteron ishlab chiqarilishi kamaya boradi. Bu jarayon bir necha oydan bir necha yilgacha davom etishi mumkin. Shuning barobarida erkakning o‘zini his qilishi ham, fe’l-atvori o‘zgaradi. Afsuski, zamonamizga kelib endigina 30 yoshdan o‘tgan erkaklarda ham testosteron kamayishi kuzatilyapti. Stresslar, kam harakat qilish va semizlik buning asosiy sabablaridir. Shifokorlarning ta’kidlashicha, semiz erkak hafsalasiz bo‘lib qoladi, unda libido – jinsiy mayl susayib ketadi. Testosteron tanqisligini androlog shifokor davolaydi. Yiliga ikki marta qon topshirib, testosteron miqdorini tekshirib tursangiz, ko‘pgina noxushliklarning oldini olgan bo‘lasiz.
Yorg‘oqni tekshirtirish
Yorg‘oqni ultratovush tekshiruvidan o‘tkazish moyaklarnining rivojlanish darajasini, moyak ortiqlari va moyaklarda qon aylanishi holatini aniqlashga yordam beradi. Shuningdek, yorg‘oqda o‘sma paydo bo‘lgan-bo‘lmagani ham UTTda ayon bo‘ladi. Hozirga kelib ko‘pgina kasalliklar qatori moyaklar va prostata bezi o‘smasi ham “yoshargani”ni ta’kidlash lozim. Avvallari bunday tekshiruv odatda 40 yoshdan keyin tavsiya etilsa, endilikda 30 yoshdan oshganlarga ham buyurilmoqda.
Quyidagi holatlar paydo bo‘lsa tezroq shifokorga ko‘rishi va yorg‘oqni ultratovush tekshiruvidan o‘tkazish lozim:
- yorg‘oq sohasida og‘riq bo‘lsa;
- moyaklar va ularning ortig‘i kattalashsa;
- moyaklar va ularning ortig‘i qattiqlashsa;
- ereksiya bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lsa.
Eng ma’quli, kutib o‘tirmasdan, har 1-2 yilda profilaktik tekshiruvdan o‘tib turing.
PSA qon tekshiruvi
Prostatspetsifik antigen yoki PSA (prostate—specific antigen) oqsil tabiatli modda bo‘lib, prostata bezi hujayralari tomonidan ishlab chiqariladi. Qonda mazkur antigenning ko‘payib ketishi prostata bezida onkologik jarayonlar boshlanganidan darak berishi mumkin. Agar 50 yoshdan o‘tgan bo‘lsangiz, peshob ajralishi buzilgan va yaqin qarindoshlaringizdan biri prostata bezi saratoni bilan og‘rigan bo‘lsa, PSA testidan o‘tishingiz zarur. Ushbu antigenning me’yoriy ko‘rsatkichi 4 ng/ml.ni tashkil etadi. Demak, ko‘rsatkich bundan yuqori bo‘lsa, kechiktirmay onkolog huzuriga yo‘l olish lozim. Shifokor tekshiruvdan o‘tkazib, so‘nggi xulosani aytadi.
Manba: Tib.uz