Bilasiz, ushbu ruknimiz bo‘lajak onalarga bag‘ishlangan. Bugun esa noan’anaviy tarzda uni bo‘lajak otalar uchun tayyorladik. Nega deysizmi? Axir yangi mehmonni kutib olishga ota ham tayyor turishi kerak. Qolaversa, bu jajji mehmon kelgunicha homilador rafiqasining injiqliklariyu erkaliklariga chidash uchun erkakka nafaqat sabr, balki bu davrda o‘zini qanday tutish borasida bilim ham asqatadi.
Shunday qilib, hurmatli erkaklar, agar rafiqangiz homilador bo‘lsa (yoki farzand ko‘rishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz ham), quyidagi ma’lumot va tavsiyalar aynan siz uchun! 9 oy davomida qanday muammolarga duch kelishingiz mumkin? Ularni bartaraf etish yo‘llari qanday?
“Rafiqam injiq va jizzaki bo‘lib qoldi…”
Ha, kayfiyatning tez-tez o‘zgarishi homilador ayollarga xos xususiyat. Faqat bu ayol organizmida “jo‘sh urayotgan” gormonlarning ishi ekanini bilib qo‘ysangiz yomon bo‘lmasdi. Siz aytayotgan “shikoyat” ayniqsa, homiladorlikning birinchi uch oyligiga xos.
Nima qilish kerak?
- Homilador rafiqangiz organizmida jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotganini unutmang!
- O‘zingizni vazmin tutishingiz shart! Asosiysi, o‘ylab ko‘ring: uning injiqliklariga sizning e’tiborsizligingiz ham sabab bo‘lmayotganmikan?
- O‘z fikringizda oyoq tirab turib olmang, ovozingizni balandlatish yoki aksincha, gapirmay “jazolash” usulini qo‘llamang. Sizga bir sirni ochay: ayolingiz sizdan arazlagan bo‘lsa ham ba’zida hech nima demasangiz-da, mehr bilan bag‘ringizga bosishingizni istaydi va “yarashib olish” uchun shuning o‘zi bilan qanoatlanadi.
- Bularning hech biri ish bermasa, ayolingizni qanchalik yaxshi ko‘rishingizni ayting va hammasini vaqt hukmiga topshiring.
“Menga e’tibor bermay qo‘ydi…”
Homiladorlik — juda-juda qiyin “ish”. Shu bois bu “ish”ni bajarayotgan insonga e’tiborli bo‘ling. Ayni paytda rafiqangizning bor fikru xayoli tug‘ilajak farzandi bilan band. Shuning uchun u ishxonangizda nima gapligi va nega ko‘rinishingiz horg‘inligini so‘ramasa, buni tushunishga harakat qiling. Hozir arazlashning mavridi emas. To‘g‘ri, aslida hamma ham atrofdagilardan e’tibor kutadi. Lekin aynan hozir sizdan ko‘ra rafiqangiz e’tiboringizga ko‘proq muhtoj. Uning kechinmalari va tashvishlariga siz ham sherik bo‘ling. 9 oylik baxtli davrda suyganingizga qanchalik e’tiborli bo‘lsangiz, o‘zingiz ham albatta kutganingizga erishasiz!
Erkaklar “ayolim menga e’tibor bermay qo‘ydi” deganda jinsiy hayotni ham nazarda tutishadi. Lekin bu ham normal holat. Chunki bu faqat sizning munosabatlaringizda kuzatilayotgani yo‘q. Homiladorlik davrida aksariyat ayollarda bu borada istak susayadi. Siz esa bu o‘rinda shunchaki uning yangicha hayot tarziga vaqtincha moslashishingiz kerak. Farzandingiz bilan tug‘ilmasidanoq muloqotda bo‘ling. Rafiqangizning qornini silab, bolakayning “javob” tariqasidagi harakatini his qiling. Unga qo‘shiq kuylab yoki ertak o‘qib berishingiz ham foydadan xoli bo‘lmaydi.
“Ayollarga xos” ishlarni ham bajarishimni xohlab qoldi…»
Vaziyatni shu darajaga keltiribsizki, ayolingiz endi sizdan uy yumushlarida ham yordam berishingizni talab qilayapti. Aslida bunga o‘zingiz aybdorsiz. Bunday bo‘lmasligi uchun tashabbus o‘zingizdan chiqishi, ya’ni unga birinchi bo‘lib siz yordamingizni taklif qilishingiz kerak edi.
Tug‘ilajak farzandingizning onasini tushunishga harakat qiling, bu unga har doimgidan-da zarur. Qolaversa, hozirgi holatida uy ishlari bilan shug‘ullanish ham uning uchun oldingidek oddiy ish emas. Rafiqangizning ko‘rsatmalarini kutib o‘tirmasdan tashabbusni o‘z qo‘lingizga olganingiz yaxshi. Aynan qaysi uy yumushini bajarishingiz muhim emas. Asosiysi, rafiqangizga yordam berishga tayyorligingiz! Ayollar buni juda qadrlashadi va o‘zlarini xotirjam, dadil his qilishadi. Bu esa homiladorlik davrida o‘ta muhim.
“Ilgari bunchalik rashkchi emasdi-ku?!”
Homiladorlik davrida ayolning rashkchi bo‘lib qolishiga bir qator sabablar bor.
Birinchidan, ko‘pchilik bu davrda sezilarli darajada vazn orttiradi. Va bu “semiz” ahvolida endi juftini o‘ziga jalb qila olmaydigandek tuyuladi.
Ikkinchidan, ba’zida shifokorlar er-xotinga jinsiy munosabatlarni vaqtincha to‘xtatib turishni tayinlaydi. Aksariyat xonimlarning “erkaklar bunga uzoq vaqt bardosh berolmaydi va boshqa birortasini izlay boshlaydi”, deb hisoblashi ham rashk tuyg‘usini alangalatadi.
Uchinchidan, bo‘lajak onalar deyarli hamisha e’tibor yetishmayotgani hissi bilan yurishadi. Bundan esa ular “erim kimnidir topib olgani uchun menga bee’tibor”, degan xulosaga kelib qolishlari mumkin.
Nima qilish kerak?
Nima bo‘lganda ham rafiqangizning rashkini keltirmaslikka harakat qiling. Masalan:
- Hamkasblaringizdan ishdan tashqari vaqtlarda qo‘ng‘iroq qilmaslikni so‘rang.
- Oshna-og‘aynilar bilan bo‘ladigan bazmlardan vaqtinchalik voz kechib turganingiz ma’qul.
- Rafiqangizni ogohlantirmasdan “ish bilan ushlanib” qolmang.
- Eng asosiysi, sevishingizni, dil so‘zlaringizni ko‘proq bildiring.
Xulosa
Hurmatli bo‘lajak otalar, unutmang: homiladorlik davrida siz va juftingizga qanchalik qiyin bo‘lmasin, eng asosiysi — bir-biringizni tushunishingiz va qo‘llab-quvvatlashingiz. Xavotir olmang, hech bir qo‘rqinchli voqea bo‘layotgani yo‘q. Shunchaki, siz OTA bo‘layapsiz va bu sizdan hech qanday kuch talab qilmaydi: bolani 9 oy ko‘tarib yurmaysiz, boshqorong‘ilikdan qiynalmaysiz, tug‘uruq azobini tortmaysiz… Homiladorlik davrida bajarishingiz kerak bo‘lgan eng asosiy ish — o‘zingizni qo‘lga olish va rafiqangizga yordam berish. Sabrli bo‘lishni va ayolingizga yon bosishni o‘rganing.
Qiziqarli maqola: Diqqat! Homilador ayolga aytiladigan asossiz maslahatlar
Ekspertlar: Akmal TOSHЕV, ginekolog va ruhshunos Lutfulla TURSUNOV.
Manba: Darakchi.uz