Klimaks davri faqat ayollarda bo‘ladi, deganlar adashadi. Nega deysizmi? Chunki bunday holat erkaklarda ham kuzatilib, bu davrda erkaklar klimaksining fiziologik va patologik turlari ayollar klimaksidan tubdan farq qilar ekan. Keling, to‘liqroq ma’lumot olish uchun “Malham” xalq tabobati markazi rahbari, professor Abduqodir SATTAROVga yuzlanib, ushbu xastalik haqida bilib olsak.
— Klimaks “klimakteriy” so‘zidan olingan bo‘lib, grekchada “zinapoya” degan ma’noni anglatadi. Bu davrni qarilik va yoshlikni bir-biridan ajratib turuvchi pog‘ona deb hisoblash mumkin. Xuddi shuning uchun klimaks (menopauza) davrida ayol va erkak o‘z tanasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar sabab, ba’zan tushkun, ba’zida quvnoq, goh hammaga zahrini sochsa, gohida esa atrofidagilarga bee’tibor bo‘lib qoladi.
Testosteron gormoni qanchalik muhim?
Testosteron erkaklardagi asosiy jinsiy gormon bo‘lib, jinsiy a’zolar va suyak-mushak tizimining risoladagidek rivojlanishi, tuklarning chiqishi, ikkilamchi jinsiy belgilarning paydo bo‘lishi, jinsiy maylning uyg‘onishi uchun mas’ul hisoblanadi. Qisqacha aytganda, testosteron erkakning erkaklik gormonidir.
Erkak organizmida testosteron gormonining kamayib ketishi tufayli moddalar almashinuvi buziladi, jinsiy mayl susayadi, jinsiy ojizlik belgilari paydo bo‘ladi.
Gormonal buzilishlar testosteron ishlab chiqarilishi kamayishiga olib keluvchi sabablardan biridir. Gormonal buzilishlar natijasida spermatogenez (sperma hosil bo‘lishi) ham buziladi. Ba’zida bu jarayon erkaklarda sut bezlarining kattalashishi, moyak va prostata bezi hajmining kichrayishiga ham olib keladi.
Ba’zan ayrim dori preparatlari qabul qilish, infeksiyalar, jarohat yoki jarrohlik operatsiyalari tufayli moyakning zararlanishi tufayli ham testosteron ishlab chiqarilishi kamayishi mumkin. Bundan tashqari, uzoq davom etgan ruhiy tushkunlik, stress ham shunday holatga olib keladi. Shu o‘rinda barqaror jinsiy hayot kechirish ham muhim ahamiyatga ega ekanligini unutmaslik lozim.
Hech qanday tahlillarsiz ham andropauza yaqinlashayotganini sezsa bo‘ladi. Jinsiy ojizlikning buzilishi, jinsiy maylning va spermada reproduktiv xususiyatning kamayishi ushbu holatning asosiy belgilari hisoblanadi.
Qizig‘i shundaki, yuqorida aytib o‘tganimizdek, ba’zi erkaklar klimaks davrida tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgaradi, ya’ni avvaldan jahldor, serzarda bo‘lgan erkaklar birdaniga yuvosh tortib qolishi, musichadek beozor erkaklar esa duch kelganga zahrini sochadigan, g‘azabnok odamga aylanishi mumkin. Ba’zan ular arzimagan ruhiy ta’sirlarga ham beriluvchan bo‘lib qolishadiki, buni bilmaganlar uni qarilik psixoziga yoki nevrologik kasallikka chalingan deyishi hech gap emas.
Qaysi bosqichda bo‘lmasin, andropauzani davolash darkor. Bu, eng avvalo, erkakning o‘zi uchun kerak. Oz bo‘lsa-da, testosteron darajasining normallashuvi va bu gormon ishlab chiqarilishining izga tushishi erkakda o‘ziga bo‘lgan ishonchning ortishiga xizmat qiladi. Bu esa erkak uchun eng muhimidir.
Yana shuni unutmangki, ayrim erkaklarda andropauza, ya’ni klimaks ko‘pincha 50-60 yoshlarda boshlanadi. Bu davr organizm holatiga qarab, turlicha kechadi. Masalan, sog‘lom va baquvvat erkaklarda klimaks nisbatan yengilroq, surunkali kasalliklar bilan og‘riganlarda esa biroz og‘irroq o‘tishi mumkin. Bu paytda erkaklar aqliy va jismoniy toliqishni his etishadi. Ba’zilarida tushkunlik va hafsalasizlik kuzatiladi, ya’ni ularda yashashga moyillik va ayollarga bo‘lgan qiziqish yo‘qoladi. Boshqa guruh erkaklar esa klimaks davrida migren (bosh og‘rig‘i xuruji) va qabziyat (ich qotishi)dan aziyat chekishadi. Aksariyat erkaklarda bu davrda qon aylanishi yomonlashib, ko‘pgina jiddiy xastaliklar yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, bosh aylanishi, kislorod yetishmasligi, ko‘krakning chap tomonida tez-tez sanchiq turishi, asabiylik va xotira pasayishi ham yoshi o‘tayotgan erkaklarni jiddiy bezovta qiladi. Shunday alomatlar kuzatilganda bemor urolog-androlog bilan maslahatlashib, tegishli davo choralarini ko‘rishi zarur.
Erkaklar klimaksiga nima sabab bo‘ladi?
Klimaks faqatgina ayollarga xos deb o‘ylasangiz, adashasiz. Bunday holat erkaklarda ham bo‘ladi va u andropauza deb ataladi. Ayollar va erkaklar klimaksining farqi shundaki, andropauzadan keyin ham erkaklarda reproduktiv faoliyat saqlanib qoladi.
Andropauzaning asosiy belgisi erkaklik jinsiy gormoni bo‘lmish testosteron ishlab chiqarilishining kamayishidir. Odatda, 30 yoshdan boshlab testosteron ishlab chiqarilishi yiliga 1-2 foizdan kamayib boradi. Andropauzaga chalingan erkaklar o‘rtacha 45 yoshda bo‘ladi.
Erkaklar klimaksi turlari
Erkaklar klimaksi fiziologik va patologik turlarga bo‘linadi. Fiziologik klimaks keksayish paytida asta-sekinlik bilan deyarli sezilarsiz kechishi uning xos belgisidir.
Patologik klimaks esa ko‘pincha asabning kuchli buzilishi, og‘ir stress holatga tushib qolish, uyqusizlik, tez charchash, birdaniga semirib ketish hollari va gormonal buzilishlar yuz berishidir. Klimaksning bu turida yurak va qon-tomir kasalliklari ko‘p uchraydi. To‘satdan yuz qizarib ketishi, qo‘l-oyoqlarning uvishishi va muzlashi, shuningdek, nevrasteniya hamda isteriya (tajanglik, serzardalik, o‘ziga ishonmaslik) hollari kuzatiladi. Umuman, klimaks davrida, asosan, jinsiy bezlar, shuningdek, buyrak usti, gipofiz, qalqonsimon bez va sperma ishlab chiqaruvchi moyak to‘qimalari atrofiyaga uchraydi, yog‘ qavati qalinlashadi.
Andropauzaning uzoqqa cho‘zilishi erkak organizmidagi patologik jarayonlar bilan bog‘liq. Lekin aksar hollarda erkaklardagi klimaks davri uzoq davom etmaydi. Ayrimlarda bu jarayon 1-2 yil, patologik holatlar bilan kechganda esa 4 yilgacha cho‘zilishi mumkin. Xuddi shuning uchun 40-45 yoshdan o‘tgan erkaklar, eng avvalo, o‘zida kechayotgan holatni mutaxassis shifokorga bildirib, klimaksning fiziologik va patologik ekanligini aniqlashi hamda zarur muolajalarni olishi kerak.
Erkaklar o‘zida klimaks davri yengil kechishi uchun quyidagi tavsiyalarga rioya etishi lozim:
- Har kuni taomlar tarkibida A, C, E, B guruhidagi barcha darmondorilar bo‘lishini ta’minlash;
- vaqti-vaqti bilan quvvat beruvchi giyohlar (masalan, jenshen yoki limon o‘ti) damlamalaridan ichib turish;
- ertalab kamida 15 daqiqa jismoniy mashq bilan shug‘ullanish;
- to‘yib uxlash;
- ortiqcha vazndan qutulish;
- chekishni, spirtli ichimliklar ichishni tashlash;
- uyqudan oldin toza havoda yarim soatcha sayr qilish;
- jinsiy aloqani uzoq vaqtga to‘xtatib qo‘ymaslik.
Bulardan tashqari, tez-tez urolog qabulida bo‘lib, peshob yo‘llari va prostata bezi faoliyatini tekshirtirib turish zarur. Chunki klimaks davrida siydik chiqarish yo‘llari va jinsiy a’zolarda o‘zgarishlar yuz berishi kuzatiladi.
Nimalarga rioya qilish kerak?
Har bir ayol yoki erkak klimaks davriga qadam qo‘ymasidan ilgariroq (ya’ni 35 yoshdan keyin) tez-tez mutaxassis shifokor ko‘rigidan o‘tib turishi lozim. Chunki tibbiy tekshiruvlar jinsiy a’zolardagi yallig‘lanish xastaliklarini aniqlabgina qolmay, ular zo‘rayib, saratonga aylanishining oldini oladi. Klimaks alomatlari ro‘y berganda mutaxassis shifokor hamda nevropatolog maslahatlariga amal qilish lozim. Shundagina klimaks davri yengil kechishi mumkin.
Bunday vaqtda inson o‘z organizmidagi xavotirli impulslarni “eshitmasligi” va buning o‘rniga faol harakatda bo‘lishi zarur. Shuningdek, klimaks davrida muttasil mehnat bilan band bo‘lish, sport bilan shug‘ullanish, achchiq va sho‘r taomlardan voz kechish lozim.
Ko‘pchilik klimaks paytida dori-darmon ichishga shoshiladi. To‘g‘ri, bugun tarkibida estrogen gormoni saqlaydigan yuzlab dorilar mavjud. Lekin ularni shifokor ruxsatisiz ichish og‘ir oqibatlarga olib keladi. Masalan, ayolga bu dorilar yoqmasa, ko‘krak bezlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi yoki jinsiy a’zolarda endigina paydo bo‘layotgan o‘smalarni rivojlantirib yuborishi mumkin. Erkaklarda esa bilib-bilmay ichilgan dorilar yurak-qon tomirlari va asab tolalariga zarar yetkazishi ehtimoli yuqori. Demak, bunday vaqtda ayolu erkak dori-darmon ichmasdan turib ham o‘z organizmini nazorat qilishi, har qanday holatda xotirjam bo‘lib, vaqtida dam olishi, o‘zini ruhiy va jismoniy zo‘riqishlardan asramog‘i kerak.
Mavzuga aloqador maqola: Andropauza qanday aniqlash mumkin?
Ekspert: Abduqodir SATTAROV, professor
Manba: «Hordiq» gazetasi.
Sayt: Dnk.uz